У нас есть только
оригинальные песни

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi

calendar 28.01.2017
1770

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27-yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 11-noyabr kuni Shovot tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida mamlakatning barcha hududlari qatori Xorazm viloyati iqtisodiyotini ham modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tibbiyot, turizm, san’at va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga oid aniq rejalarni bayon etgan edi.

Davlat rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishish, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlandi.

Prezidentning viloyatga tashrifi Xivadagi Ichan-qal’a majmuasidan boshlandi. Muzey-qo‘riqxona – Ichan-qal’a majmuasi xalqimiz tarixi, madaniyati, ilm-fani, qadimiy me’morlik va hunarmandlik an’analarini mujassam etgan. Insoniyatning bebaho boyligi sifatida YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Muzey fondida 38 ming 561 eksponat bor. 2016-yilda Ichan-qal’aga 75 mingga yaqin kishi, jumladan, 84 mamlakatdan 34 ming sayyoh kelgan.

Pahlavon Mahmud maqbarasi ziyorat qilindi. Davlat rahbari Matniyoz Devonbegi madrasasida Xiva shahrining tarixiy qismida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari rejasi, Isfandiyorxon qabul marosimlari uyi va Nurillaboy saroy majmuasini rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishdi.

Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi. Shaharning turizm jozibadorligini oshirish maqsadida saylgoh ko‘chalar tashkil etish va kechki sayr imkoniyatini yaratish, ularda milliy urf-odatlar va ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazm Ma’mun akademiyasiga tashrif buyurdi. Ushbu akademiya Birinchi Prezidentning 1997-yil 11-noyabrdagi farmoniga muvofiq qayta tashkil etilgan. 2006-yili YuNESKO shafeligida Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000-yilligi nishonlangan.

Prezident akademiyada ilmiy yo‘nalishlarni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ularni amaliyotga keng joriy qilish, olimlarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Akademiya tomonidan arxeologiya yo‘nalishida erishilgan muvaffaqiyatlardan foydalanib, bu ilmiy muassasani sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish, xalqimiz tarixini chet ellik turistlarga targ‘ib qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

So‘ng Prezident Xiva tumanidagi “Boltaboy oqsoqol” fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi. Hozir mazkur xo‘jalikda 232 gektar havzada baliq yetishtirilmoqda. O‘tgan yili 490 tonna baliq yetkazib berilgan.

Davlat rahbari “Xiva naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan parrandachilik markazi loyihasi bilan tanishdi. “O‘zsanoatqurilishbank” mablag‘lari yo‘naltirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada Italiya va Xitoy uskunalari asosida yiliga 51 million dona tuxum, 1 million 40 ming dona jo‘ja yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Bu har bir xonadonga 100 tadan jo‘ja tarqatish, aholi farovonligini oshirish imkonini beradi. Korxonada 50 ish o‘rni yaratiladi.

Prezident Xiva tumani Chodra qishlog‘ida Xursand Madrimov va Ollabergan Rahimov xonadonlariga kirib, ularning turmush sharoiti, daromadlari bilan qiziqdi. Tomorqadan samarali foydalanish, limon, yong‘oq, anor, anjir kabi serdaromad ekinlar ekish zarurligi haqida so‘z bordi.

Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanida tashkil etiladigan ip-gazlama ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Avvalgi “Yangiariq tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosida ish boshlaydigan yangi korxonada yiliga qariyb 20 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 150 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shu tumanda yana bir istiqbolli loyiha – zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Xalq banki krediti asosida “Tillo domor” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etiladigan ushbu majmuada 2 ming bosh qoramol boqish, yiliga 4 ming 100 tonna sut, 200 tonna go‘sht tayyorlash rejalashtirilgan. Kompleksda 90 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan plastmassa zavodi loyihasi ham namoyish etildi. Bu yerda 3,5 ming tonna polietilen va polipropilen granulalarini qayta ishlash asosida turli sig‘imli suv idishlari, shuningdek, yashik va qutilar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Prezident ushbu loyihalarning rentabelligi bilan qiziqdi. Bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, odamlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Bog‘ot tumanida 200 gektar maydonda tokzor tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. “O‘zvinosanoatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi “Xorazm uzumi tayyorlov savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etiladigan bog‘da yiliga 3 ming tonna uzum yetishtirish, 210 kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 200 gektar maydonda gurvak, kichkintoy, gulobi, zar gulobi kabi eksportbop qovun navlari ekish rejalashtirilgan.

Bog‘ot tumani Mirishkor qishlog‘idagi xonadonlarda issiqxona tashkil etib, limon, yong‘oq, pomidor, bodring kabi xaridorgir mahsulotlar yetishtirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham e’tibor qaratildi.

Prezident Hazorasp tumaniga tashrifi chog‘ida Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlaydigan Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

Urganch shahrida Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Яндекс.Метрика