У нас есть только
оригинальные песни

Shofirkon tumanida gaz va elektr ta’minotidagi muammolar xalq deputatlari Kengashi sessiyasida muhokama qilindi

calendar 14.02.2017
1235

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari tomonidan 10-fevral kuni xalq deputatlari Shofirkon tumani Kengashining sessiyasida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish yakunlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy sayti xabar berdi.

Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga ayni vaqtda o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammo va kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va ularga tegishli ko‘mak berish borasida tumanning ichki resurs va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Ayrim tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga tumanda yetarli sharoitlar yaratilmayotganligi ularning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Aholi, ayniqsa kollej bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalarida qator kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Bunda rasmiyatchilik va sansalorlik kabi salbiy holatlar uchramoqda. Tumandagi tegishli davlat idoralari tomonidan bu boradagi ishlar o‘z samarasini bermayotir.

O‘rganish davomida Oliy Majlis vakillari tomonidan 40 ga yaqin fuqarolarni ishga joylash choralari ko‘rilganining o‘zi buning yaqqol dalildir.

Fuqarolar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifati, ayniqsa, tuman ko‘p tarmoqli shifoxonasi, shoshilinch tibbiy yordam markazi, qishloq vrachlik punktlari faoliyatini yanada yaxshilash, tibbiyot muassasalarini malakali mutaxassis kadrlar, dori vositalari va dori-darmonlar bilan ta’minlashni yaxshilash lozimligini ta’kidladilar.

Tumanda ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligiga qaramay, ayrim umumta’lim maktablarini Davlat dasturlari asosida qurish va ta’mirlash ishlari yetarli olib borilmagan. Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi past bo‘lib qolmoqda.

Hududda gaz va elektr ta’minotidagi mavjud muammolar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Sessiyada tumanda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni kuchaytirish, shuningdek xalq oldida prokuratura, ichki ishlar va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Tumanda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularga qonun bilan berilgan vakolatlardan samarali va to‘liq foydalanilmayotganligi, xususan hududdagi korxona, muassasa va tashkilot rahbarlarining hisobotlari tizimli ravishda eshitilmayotganligi, qabul qilingan qarorlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagani uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi.

Sessiyada muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Яндекс.Метрика