У нас есть только
оригинальные песни

SIZSIZ...SIZSIZ HECH KIMMAN BILDIM!!!

calendar 22.09.2012
2502
SIZSIZ...SIZSIZ HECH KIMMAN BILDIM!!!

Balki davralarda kulganim rostdir,
Gul kiyganim, gullaganim,gul bo’lganim rostdir,
Kuylaganim, kuydirganim,kul bo’lganim rostdir,
Ammo,
Sizsiz
Hech kimman!
Bildim!
Bildim, xuddi tonglar otgani kabi,
Quyosh horg’in botgani kabi,
Osmonda oy sho’rlik, benavo,
Ovloqda ohular yotgani kabi
Bildim!
O’n gulimdan o’n gulim ochildi, so’ldi,
Yaproqlarim sarg’ayib sochildi, so’ldi,
Ishq deganga kafanlar bichildi, so’ldi.
Essiz.
Sizsiz
Hech kimman!
Bildim!
Bildim, qanoatning manzili Xudo,
Bildim, saodatning tunlari yaldo,
Tomirda ishq degan alam uyg’onsa
Boshingga balodir, balodir, balo
Bildim!
Ehtimol, sochlarim shabnamga yuvdim,
Tong chog’i, gul chog’i, dil chog’i sarmast.
Har tola domiga ko’ngilni ildim,
Hushsiz.
Sizsiz.
Hech kimman!
Bildim!
Bildim, yo’llardadir yillarim joni,
Bu ulug’ Tangrimning uzun arqoni,
Bu mening Ishqimdan bir ohdir so'zon
Ki yoqib yuborar oxir dunyoni…
Bildim.
Bildim, soyalarda jon bor, alam bor,
Bildim, tog’larni-da diydalari g’or,
Bu sho’rlik dunyoning qismatidir xor,
So’zsiz.
Sizsiz
Hech kimman!
Bildim!
Bildim, armonlarning umri uzoqdir,
Poyandoz solingan yo’llar tuzoqdir,
Bildim, xiyonatning yo’li charag’on,
Bildim, bo’ynimdagi marjon-firoqdir,
Bildim…
Balki, davralarda kulganim rostdir,
Gullaganim,gul bo’lganim rostdir,
Kuylaganim,kul bo’lganim rostdir,
Osmonda oy kabi,tul bo’lganim rostdir!
Sizsiz,
Sizsiz
Hech kimman!
Bildim!
Яндекс.Метрика