У нас есть только
оригинальные песни

Sobiq AQSh prezidentlarining daromadi qayerdan keladi?

calendar 29.08.2017
995

Dunyoning superqudratli davlatlaridan birini boshqarish, ayniqsa, prezident sifatida barcha mas`uliyatni o'z zimmasiga olish har qanday siyosatchi uchun bag'oyat katta vazifa hisoblanadi. Katta mas`uliyat egasi qancha oylik oladi? AQSh mahalliy qonunchiligida belgilanganidek, amaldagi prezident yiliga 400 ming AQSh dollari miqdorida maosh olishi belgilangan. Shuningdek, maishiy sarflar uchun 50 ming AQSh dollari, chet el safarlariga 100 ming AQSh dollari (soliqqa tortilmaydi), turli xil uchrashuv, tadbirlarni o'tkazish uchun 19 ming AQSh dollari ham ajratiladi. Mamlakat tarixida ayrim hollarda prezidentning 1 dollar maosh bilan faoliyat olib borishi kuzatilgan. Qonunchilikka ko'ra, prezident tekin maosh bilan faoliyat yuritishi mumkin emas, lekin boy va tadbirkor siyosatchilar buning yo'lini o'ylab topishgan. Amaldagi prezident Donald Tramp ham davlat uchun eng minimal maosh evaziga ishlaydi, belgilangan maosh summasini esa onkologik kasalligi bor bolalarga, turli xayriya aksiyalarga o'tkazib beradi. Lekin Oq uyni tark etgan davlat arbobi qanday qilib serdaromad bo'lib qoladi?

Federal qonunlarga ko'ra, sobiq prezident umrbod lobbizm bilan shug'ullanishi mumkin emas. Maqsad sobiq davlat rahbarining turli hokimiyat institutidagi aloqalari g'arazli yo'lda ishlatilishiga imkoniyat qoldirmaslikdan iborat. 1946, 1995 va 2007 yillarda ishlab chiqarilgan shu mazmundagi qonun loyihasi ijodkorlarining fikricha, bunday harakat AQSh milliy manfaatlariga putur yetkazadi.

Lekin qonun me`yorlarida sobiq prezidentning jamoatchilik ishlari bilan shug'ullanishiga oid taqiq mavjud emas. XX asrning ikkinchi yarmidan amalda barcha sobiq prezidentlar bir finjon qahva ustidagi suhbatni pullab kelgan. Menejyer, buxgalter va advokatlar bunday uchrashuvlarni shaxsiy muloqot sifatida ko'rsatib o'tadi va maslahatlashuv sifatida qayd etilmaydi. Uchrashuvda sobiq prezidentdan dastxat, suratga tushishni so'raydiganlar, qiziqarli hikoyalarni eshitishni xohlaganlar ko'p uchrab turadi.

Sobiq amaldor bilan suhbatning narxi turli omillarga ko'ra o'zgarib turadi, jumladan, uning global siyosatga ta`siri, «merosida» hamda davrida yuz bergan muammolar, reytinglar va shaxsiy qiziqishlar shular sirasidandir. Aytib o'tish joizki, sobiq prezidentlar ichida Ronald Reygan va Jorj Gerbert Uoker Bush "Sovuq urushida”gi g'alaba tufayli ham ancha mashhur. Reygan haqida ko'plab kitoblarning muallifi Kiron Skinnerning aytishicha, Ronni, deyarli har kuni, biznes elita vakillari bilan uchrashgan. Rasmiy ma`lumotga ko'ra, Oq uyni tark etgan Ronaldning "Ronald va Nensi Reygan” fondiga 30 million AQSh dollari kelib tushgan.

"Finjon qahva lobbizmi“dan tashqari, sobiqlar universitetda ma`ruza o'qish, mediada chiqish qilish bilan daromad qiladi. "Ahmoqona jasorati” uchun media vakillari Nikson (Uotergeyt ishi), L.Jonson (Vetnam urushi), Bill Klinton (Monika haqida yolg'onlari), kichik Bush (Afg'on va Iroq urushi) kabilarga katta gonorar to'laydi. Britaniyalik Devid Frost 200 ming AQSh dollari evaziga Richard Niksondan intervyu olishga muvaffaq bo'ladi. Ana shunda Richard amerika xalqi oldida kechirim so'raydi. Klintonlar oilasi turli tadbirlarda, universitet va konferensiyalarda nutq bilan chiqish qilib, 153 million AQSh dollari ishlab topgan.

Medianing yirik takliflarini inkor qilib, barcha sobiq prezidentlar orasida kichik Bush rekord o'rnatgan. Obama esa barcha bosma materiallari, prezidentlik davrida yozilgan memuari uchun 30 million AQSh dollari qabul qilgan. Uning rafiqasi Mishel 10 million AQSh dollari evaziga yangi asarni tugatib berishi rejalashtirilgan. Barak Obama tez orada 8 yillik mamlakat boshqaruvida to'plangan hujjatlar yig'ilgan kutubxonani ochishni, ilmiy tadqiqot markazi barpo etilishini ma`lum qilgandi. Obamalar oilasi umuman 240 million AQSh dollari ishlab topgan. Bu summa hozircha Klinton va kichik Bushning umumiy topgan pullaridan ko'ra ko'proq mablag'larni tashkil etmoqda.

Яндекс.Метрика