У нас есть только
оригинальные песни

SOG'INCH SOHILI

calendar 27.11.2012
3836

Yana tun pardasi hilpirab yuragimga muhabbatim sog'inchini olib kiryapti. Naqadar yoqimli havo. Naqadar yoqimli hislar. Shu dam yuragim oynasidan muhabbat qasriga boqaman. Sevgi saltanatining sohibjamol malikasi yuragimni urishini ham izmingizga bo'ysundiribsiz. Endi u sizning ihtiyoringizda. Yana har tun yuragimni o'yib qo'ygan siyratingiz chizgilari sog'inchimni yanada oshiradi. Sizni yuragimga mahkam berkitib olganman. Gar siz meni tark etmoqchi bo'lsangiz ham yuragimdagi suratingiz chizgilarini o'chira olmaysiz. Lekin hozir shukurki taqdir izmi bilan sizni ruxsoringiz taftini olishdan benasib emasman. Sizni sog'indim, behad sog'indim. Sado bering azizam.

Bilasizmi? Maysa yaprog'idagi shudringning to'kilishi uchun tong chog'i erkalangan subx sabosining ojiz epkini kifoya. Nazarimda yuragimni azobga solgan og'riq dardi ham o'sha maysa bargidagi tomchidek omonat va hadikli. Sog'inchga dosh berishning imkoni bormi? Yo'q! Nimalar deyapman. Sog'inchga bardosh berish imkoni bo'lsa shuncha oshiqning yuragi chok chokidan so'kilarmidi. Ey yaratganim yuragimga buncha ishqni o'zing berding. Yana qiyin sog'inchga solib bunchalar qiynamasang.

Birgina o'tinchim qo'lingizda tutib turgan yuragimni mahkamroq tuting. Uni avaylamasangiz yoki qo'lingizdan behos tushib ketsa yuraksiz jismimla yoningizga borolmayman. Bu yurak uchun sizning birgina nigohingizga to'ymoq kifoya. Shuni ham qizg'onmang. Asli ishqdan hasta yuragimga yana hastalikni yubormang. Sog'inchimgaku bardosh berishning o'zi mushkullik qilyapti. Yana sizga zor yuragimdan bir laxzalik nigohni ayasangiz ishqning qurboni bo'lamanku. Lekin men roziman. Siz uchun jon bermoqqa.

Ruxsoring tarifin qanday bayon etay. O'ylanib qolaman. Nogohon tirilsa Farhod, ko'zgudan yuzingiz ko'rsa-yu, kechib Shirin vaslidan yana yuz yil darbadar bo'larmidi. Ko'zingiz kulganda uning jarangidan yulduzlarning qayg'usin his etaman. Yuzingizga bir umr boqsam to'yarmikin ko'zlarim, qonarmikin dillarim. Dilimda o't yonar har vaqt. Bilaman o't umrim qadar bo'lgay. Sizsiz menga kom yo'q. Asal ichsam zahar bo'lar tanamga. Siz bilan esa shirin so'zim, zahar yutsam ham asal bo'lganday. Shuning uchunmi sizni sog'inaveraman.

Meni sizni sog'imdim. Sog'inchimla tun sabosiga hamohang ruxsoringiz tomon oshiqaman. Oyna ortida asta boqaman. Voajab, shu dam tun sukunatini birgina ovoz qamrab oladi. U ham bo'lsa yuragimning urushi. Tunni sukunatini nihoyalagan yuragimning urishi beparvo qalbingizga afsuski ta'sir etolmaydi. Noz uyqudagi gul yorim, nahot shunday azoblanayotgan shunday yurak nolasidan bexabarsiz. Asta ortimga qaytaman. Endi menga ko'kdagi yoritgichlar kerak emas. Siz borsizku. Birgina uyqudagi ruxsoringizni o'zi butun olamni yoritayotganday. Shu yorug'likni qadam ostiga olishni istamayman. Chunki, bunda sizni yuzingizni nuri borku. Qiynalsamda g'arib koshonamga sudralib boraman. Yana sizni sog'ina boshlayapman.

Ishoning siz tufayli dunyoga ne maqsadda kelganimni va borliq lazzatini yurakdan anglab boryapman. Siz tufayli pok muhabbatim ilohiy tuyg'u ekanligini hayolimdan o'tkazyapman. Mayli, men sog'inchdan qiynalay, azob chekay, bir og'iz dur so'zingizga zor bolay. Lekin men sizni loaqal bir nafas ko'z ochib yumgunchalik muddatgada og'rinishingizni also istamayman. Sizni shu nigohim ila avaylashga, yomon ko'zlardan asrashga hozirman.

Nega oshiqlar  "yuragimda sen borsan" deydilar. Nahotki yuragidagi otashin ishq orom olishga imkon bersa. Men siz ila tushlarim emas, bedor tunalarimda hayolan suhbat qurishni istayman. Shu sog'inchimga andak taskin beradi. Siz haqingizdagi o'ylar orom olishimga qo'yarmidi. Siz hayolimni ham yuragimni ham band etdingiz. O'ylarim siz bilan boshlangan. Hamon davom etadi. Muhabbatim esa yuragimga siz bilan kirib kelgan. Siz bilan yashaydi endi u.
Яндекс.Метрика