У нас есть только
оригинальные песни

SOG'INCH SOHILI - 9

calendar 25.12.2012
4436

Ayriliq! Naqadar azobli so'z. O'zi azobli, so'zi azobli. Yuraklarni titratadi. Tun bunchalar mahzun bo'lmasa. Huddi oy va yulduzidan ayrilib qolgandek nola chekayotganga o'hshaydi. Hatto shu qop-qora tunni ham yoritib turguvchi oy va yulduzlari bor. Ammo meni yuragimni ayriliq va armon qoplagan. Bu yuragimni yoritguvchi, unga hamroh bo'lguvchi hech narsa yo'q. Ayriliq saxrosida yolg'izlikdan g'arq bo'layotgandayman. Ko'nglimda na umid bor, na ilinj. Men sizdan... Yo parvardigor ayrildim degan so'zga tilim kelmayapti. Yuragim yana nola chekishni boshladi. Ko'zlarimni ayriliqning sovuq yoshlari achishtirmoqda. Yana sizni eslab yig'layapman. Yana ko'z yoshlar...

Taqdir sizni menga uchrashtirganda undan qanchalar minnatdor bo'lgandim. Endi esa… Yo'q. Sizni mendan ayirib qo'ygani uchun taqdirni la'natlamoqchi emasman. Aksincha menga armon bo'lsangizda hayotda siz borligingiz uchun shukr keltiraveraman. Borligingiz qanday yaxshi. Har tong sizni sog'inib uyg'onardim. Har kuni, har soniya siz haqingizda ko'nglimda yangi orzular tug'ilaverardi. Orzular sari intilaverardim. Shu orzular ortida vaslingiz berkinganini yurakdan his etardim. Inson orzu haqida qancha o'ylayversa shuncha balandga parvoz etarkan. Men ham ana shunday orzularim osmonida parvoz etardim. Ammo bu parvozim uzoqqa bormadi. Birdan oyog'im ortidan ayriliq, armon, firoq paydo bo'ldi-yu meni tubsiz jarlik sari tortqilab ketdilar. Hamon o'sha jarlikga cho'kib botmoqdaman...

Sizga oshiqligim chin edi. Kechmoqlik esa o'lmoqlik edi. Men o'zimga o'zim shunday der edim. Ayrilmoqdan ko'ra o'limni afzal bilardim. Ammo o'lim meni avval azoblab, kegin olib ketishni afzal bildi shekilli yuragimni changallab yashab yuribman. Yuragim ba'zida tez-tez ura boshlaydi. Shunda yuragimni qo'llarim bilan mahkam changallayman. Yuragim biroz tinchigandek bo'ladi. Bilaman, qo'llarimda sening qo'llaringni izi bor. Bu ko'ngil shundan taskin topsa kerakda. Asli tugab borayotgan bu yurak har kun meni ming azoblab, isming aytmoqdan, seni so'roqlashdan to'xtamaydi. Iboli yuzlaring, chiroyli tabbasuming, iymon chizgilari naqsh solgan iliq ruxsoring nigohlarimga muhrlangandek. Yuragimda o'z suratini qoldirgandek. Shu azobda yana qancha yasharkinman? Ammo ko'p yashamasligimni juda yaxshi bilaman. Chunki hayotim, olib turgan nafasim eding. Bulardan ayrilgan yurak esa urishdan to'xtaydi.

Esingizdami bir gal majnuntol egilib turgan sohilga olib borishimni iltimos qilgan edingiz. Sohilga yetib kelayotganimizda quvonchdan ko'zlaringiz porlab ketgan edi. Sohilda, majnuntol soyasida, mayin shabboda nafasida quyosh botishini ufqni kuzatishni yaxshi ko'rar edingiz. Siz uzoqlarga termulib hayol surishni, men esa sizga orzular qilishni yaxshi ko'rar edik. Siz bilan o'tgan kunlarim mening eng baxtli kunlarimdir. Bu hayotga kelib topgan eng buyuk baxtim o'zingiz edingiz. Hozir ham o'sha sohilga tez-tez borib turaman. Ammo men kabi hammasi yolg'iz. Hamma narsa o'z jozibasini yo'qotgandek. Botayotgan quyoshga termulaman. Uning yuzida mahzunlik bordek. Yuragimdagi quyoshim esa allaqachon hech qachon qaytib chiqmas bo'lib botdi. U muhabbatim quyoshi edi. Sevgim olovi edi. Ufqga termulaman. Uni ertaga yangi tongni yoritguvchi quyosh egallaydi. Ammo mening yuragimchi? U endi hech qachon yorishmaydi.

Nazarimda hayot kulmay qo'ygandek. Ko'zlarim ko'rayotgan har bir narsaning ko'rinishi so'lg'in. Men ham shundayman. Chunki menga kulmayotgan mavjudliklardan andoza olganman. Bilaman nafaqat endi men balki yuragim ham endi hursand bo'la olmaydi. Tavba. Bu yurak shuncha og'ir yukni ko'tara olarkanda. Yo'q. Nazarimda u sizdan kelayotgan azoblarga bardosh berishni o'ziga baxt deb bilyapti. Ammo ayriliqni o'ldirguvchi azob degan zaxri bor. U yurakga shu zaxrini majbur qilib ichiryapti. Muhabbat sharbatidan butunlay bebahra qolgan yurak uni ichishga majbur. Firoq deganlari yurakni butunlay zabt etgan. Sizdan keladigan har qanday azobga o'lgunimcha roziman. Siz uchun azoblarimga o'layotganimda ham rozi bo'lib o'laman.

Siz meni borlig'im edingiz. Yuragimning madori, ko'zlarimning quvonchi edingiz. Endi unday bo'lmaydi. Siz meni butunlay tashlab ketdingiz. Meni ayriliq qo'llariga tutqazdingiz. Ammo siz haqingizdagi o'ylarimni, shirin hotiralarimni ayriliq qo'llariga tutqaza olmaysiz. Ular o'chmas va tark etmas bo'lib muhrlanib qolgan. Men ayriliq saxrosida ular bilan yashayotganimga ham baxtliman. Agar bu hotiralar meni tark etganda edi men ham dunyoni allaqachon tark etardim. Sizni hali ham sevaman. Sevaveraman. Meni allalaydigan shirin kulgularingiz, sog'inchlar bilan uyg'otuvchi iliq ruxsoringiz hayollari meni tark etmaydi. Siz mendasiz. Men dunyoni tark etmagunimcha mendagi siz ham meni tark etmaydi
Яндекс.Метрика