У нас есть только
оригинальные песни

Sog‘liqni saqlash vazirligi jaziramada nima qilish kerakligini aytdi

calendar 07.07.2018
1059

Shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham havo harorati 40 gradusdan yuqori bo‘lmoqda. Xo‘sh, yozning  bunday jazirama ob-havo kunlarida oftob urmasligi uchun nima qilish kerak? Qanday kiyinish va ovqatlanishimiz lozim?

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati vazir o‘rinbosari, bosh davlat sanitariya vrachi Saydmurod Saydaliyevning tavsiyalarini e’lon qildi.

— Ma’lumotlarga qaraganda, shu yilning 7-10 iyul kunlari yurtimizning ayrim hududlarida havo harorati keskin ko‘tarilib, kechasi +24... +29 daraja, kunduzi esa +38... +43 daraja issiq bo‘lishi kutilmoqda. Hatto Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo harorati +45 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Yurtimiz aholisi bunday anomal issiq iqlim kunlarida  zarurat sezganda respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning xududlardagi 13 ta filiali hamda 173 ta tuman va shahar bo‘limlarida tunu kun tez, sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin. Mazkur davolash muassasalari zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan. Bundan tashqari,  ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Qolaversa, har bir tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida «Ishonch telefon»lari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuni ham aytish kerakki, kuzatilayotgan bunday  jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq  vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratini ko‘tarilishi,terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakni tez urishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish  holatlari kuzatilashi mumkin.

Bunday holatlarda qanday yordam ko‘rsatiladi?

Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, ust-boshlarini yechib,

muzdek suvga choyshabni ho‘llab butun tanasiga o‘raladi, sochiqni  muzdek suvga ho‘llab  boshiga qo‘yiladi. Bo‘yin va qo‘ltiq sohasiga muz xaltachalari qo‘yilsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Tez yordam yetib kelgunga qadar yuqoridagi muolajalar  davom ettiriladi.

Oldini olish uchun...

Iloji boricha kunning birinchi yarmida bosh kiyim kiygan holda sayr

qilish, kunlik ovqatlanish ratsioni esa  yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat bo‘lishi, ko‘proq  suyuqlik iste’mol qilish lozim. Kofe, shirin gazlangan suvlarni iste’mol qilmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Qanday kiyinish kerak?

Havoni yaxshi o‘tkazib,quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni  kiyish tavsiya etiladi. Shuningdek, kiyim tanlashda matoning rangiga ham e’tibor berish lozim. Chunki qora va jigarrang matodan tikilgan kiyimlar o‘ziga issiqlik va quyosh nurini ko‘p tortadi, oq rangli matodan tikilgan kiyimlar esa, issiq va quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega.

Яндекс.Метрика