У нас есть только
оригинальные песни

SSSRga qochib kelgan amerikaliklar kim edi? Ittifoq parchalangach unutilgan oila tarixi

calendar 03.03.2024
33

1986 yilda Amerikada yashovchi oila SSSRga qochib keladi. Bunga oila boshlig‘i bo‘lgan erkakning azaldan sovetlarga xayrixohligi sabab bo‘ladi. U 1960-yillardayoq AQSh kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan edi. Oila SSSRga ko‘chib kelgach ko‘p o‘tmay mamlakat parchalanib ketadi va amerikaliklar tamoman unutiladi. So‘ng oila a’zolari turli tomonga tarqab ketib, erkak yolg‘iz qoladi.

1917 yilda sodir bo‘lgan Oktyabr to‘ntarishidan keyin Rossiyada so‘ng SSSRda mislsiz qatag‘onlar boshlanib ketgan bo‘lsa-da, bu davlat tashqi dunyoga o‘zini adolatparvar va xalqchil qilib ko‘rsatardi.

Shu sababli 1920-yillardan boshlab dunyoning ko‘plab davlatlarida kommunistik partiyalar tuziladi. Bu partiyalarga SSSRdagi mislsiz qatag‘onlardan bexabar insonlar a’zo bo‘la boshlaydi.

Ular kommunistlar tomonidan o‘tkazilayotgan «qizil terror» va boshqa qatag‘onlar haqida eshitmagan, «sovetlar yurti»da boylar va o‘rtahollarning mulklari tortib olinganini bilmas, hamma teng, barcha narsa xalqqa berilgan deb o‘ylardi.

Aslida esa vaziyat tamoman boshqacha, o‘tmishi shubhali bo‘lgan bir guruh shaxslar SSSRda hokimiyatni egallab olib, odamlarni mislsiz qatag‘on qilmoqda edi. AQSh kommunistik partiyasi ham o‘sha talato‘p zamonlarda, 1919 yilda tuzilgandi.

Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, 1930-yillarda AQSh kommunistik partiyasining 30 ming a’zosi bo‘lgan. 1939 yilga kelib ularning soni 100 minggacha ko‘paygan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ularning soni keskin kamaygan va 1950-yillar o‘rtalarida bor-yo‘g‘i 10 ming nafar qolgan. 2017 yil ma’lumotlariga ko‘ra hozirda AQSh kommunistik partiyasining 5 ming a’zosi bor.

O‘tgan asrning 60-yillarida ayrim amerikaliklar kommunistik partiya ta’siriga tushar ekan, ular Kubaga borganda Fidel Kastro qanday qilib hammani yo‘qsilga aylantirganini ko‘rishsa ham o‘z maslaklaridan qaytishmasdi.

Ana shunday insonlardan biri amerikalik biolog olim Arnold Lokshin va uning xotini Loren Lokshin edi. Ular kommunistik g‘oyalarga shunchalik sodiq ediki, oxir-oqibat er-xotin farzandlari bilan SSSRga qochib keladi.
 

Kommunistlar oilasi

Arnold Lokshin 1939 yilda San-Fransiskoda tug‘ilgan. 1960 yilda Berklidagi Kaliforniya universitetini tugatgan. So‘ng Madisondagi Viskonsin universitetida aspirant bo‘lgan. 1965 yilda bioximiya bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Keyinroq Harvard universitetiga ishga o‘tgan va u yerda talabalarga bioximiyadan dars bergan.

Arnold Amerikada Yangi so‘llar deb atalgan kommunistik va sotsial-demokratik qarashlarga ega harakat a’zosi bo‘lgan. 1960 yilda u AQSh kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ladi va Kubaga borib keladi.

U asosiy ishidan ayrilmagan holda bir necha yil AQSh kommunistik partiyasining Ohayo shtatidagi siyosiy tashkilotchi vazifasida ham ishlaydi.

1972 yilda Janubiy Kaliforniyaga ko‘chib o‘tadi va mahalliy universitetda ishlay boshlaydi.

Arnoldning xotini, Loren Lokshin 1945 yilda Nyu-Arkda tug‘ilgan. 1967 yilda Mayami universitetini Amerika madaniyati yo‘nalishida bitiradi.

Loren aspiranturani Hayvorddagi Kaliforniya universitetida o‘qiydi va 1969 yilda Arnoldga turmushga chiqadi. Loren ham eri kabi Yangi so‘llar harakati a’zosi, shuningdek urushga qarshi bo‘lganlar harakati aktivi edi.

Loren AQShdagi Yosh ishchilar ozodlik harakati a’zosi ham bo‘lgan va uning Ohayo bo‘limi raisi sifatida ishlagan. Bu tashkilot SSSRdagi komsomol tashkilotining Amerikadagi o‘xshashi edi. Shu sababli Lorenni 1970 yilda komsomollarning 16-s’yezdida qatnashishi uchun SSSRga taklif etishadi. Keyinchalik u ham AQSh kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ladi.
 

Er-xotin Lokshinlar AQShda birmuncha taniqli odamlar bo‘lishgan. Shu sababli ularni doimo MRB yoki FQB xodimlari kuzatib yurishgan. Ayniqsa 1970 yilda Arnold Loren SSSRga kelib ketganidan so‘ng kuzatuvlar davomli tus olgan.

1980 yilda Arnold Lokshin Xyustondagi onkologik tadqiqotlar laboratoriyasiga ishga kiradi. Biroq 1986 yilda uni to‘satdan ishdan bo‘shatishadi. O‘sha paytda u bioximiya sohasi bo‘yicha professor unvoniga ega edi.

O‘sha paytda xususiy kompaniyalardan birida kosmetika mahsulotlari savdosi bo‘yicha agent bo‘lib ishlayotgan Lorenni ham ishdan bo‘shatishadi. Er-xotin ishsiz qolishadi.

Arnold va Loren uch nafar farzand ko‘rishgan. Jyennifer 1971 yilda, Jyeffri 1975 yilda, Maykl esa 1981 yilda tug‘ilgan.

SSSRdan siyosiy boshpana so‘rash

Ishdan bo‘shatishgani Lokshinga yomon ta’sir qiladi. Shunda u SSSRga ko‘chib o‘tishga qaror qiladi. Biroq bu ishni oshkora qilishning iloji yo‘q edi. Shu sababli er-xotin Lokshinlar Yevropa orqali SSSRga qochishga qaror qilishadi.

Lokshin oilasi bilan avval GFRga keladi. Shu yerda u sovet konsulxonasiga borib siyosiy boshpana so‘raydi. Sovetlar uning so‘rovini qondirishadi va SSSRga kelib yashashga ruxsat berishadi. Shundan so‘ng Lokshinlar oilasini Moskvaga jo‘natib yuborishadi.

 

O‘sha paytda Lokshin SSSRdagi hayot tarzi Amerikadagidan keskin farq qilishini bilmasdi. Okean ortidagi shohona hayotni SSSRdagi kamtarona hayotga tenglab bo‘lmasdi. Balki u sovet ittifoqidagi vaziyatni bilganda bu davlatdan siyosiy boshpana so‘ramasdi.

Taniqli olimning “chirigan kapitalizm”dagi hayotdan voz kechib, SSSRdan siyosiy boshpana so‘rashi sovet amaldorlarini juda xursand qilib yuboradi.

Mamlakatdan har yili minglab odamlar turli yo‘llar bilan G‘arbga qochib ketayotgan paytda amerikalik oilaning garchi ular kommunistik qarashlarga ega bo‘lsa ham SSSRga ko‘chib kelishi sovetlar uchun kichik bir yupanch, ehtimolki katta g‘alaba edi.

Er-xotin uch nafar farzandi bilan Moskvaga yetib kelganda ularni kimsan SSSR oliy soveti prezidiumi raisi Andrey Gromiko kutib oladi.

So‘ng darhol qochoqlar ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtiriladi. Matbuot anjumanini Arnold “Bizni endi erkin hayot kutmoqda” degan balandparvoz gaplar bilan boshlaydi.

 

So‘ng Arnold va Loren kommunistik qarashlarga ega bo‘lishgani uchun Amerika maxsus xizmatlari o‘zlarini tinch qo‘ymagani, oxiri SSSRga ko‘chib kelishga qaror qilishgani haqida gapirib berishadi.

Matbuot anjumanidagi gaplar qo‘shib chatilgan holda biroz ko‘pirtirilib SSSRdagi barcha gazeta va jurnallarda beriladi. Televideniyeda ko‘rsatiladi, audio ko‘rinishida radioda efirga beriladi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, SSSR Lokshinlarga “begona” emas, millati yahudiy bo‘lgan Arnoldning bobosi va buvisi bir paytlar Rossiyada yashagan, inqilobdan avval Amerikaga ko‘chib ketishgan ekan.

Keyinchalik, Rossiya OAVlaridan biriga bergan intervyusida Arnold nega SSSRni tanlaganini gapira turib shunday degandi:

“O‘sha paytda avvaliga Kubaga ketish rejasi ham bor edi. Men bu davlatda 1960 yilda bo‘lganman. Biroq ko‘p o‘tmay AQShdan Kubaga chiqish butunlay taqiqlandi. Shundan so‘ng SSSRga kelishga qaror qildik. Chunki Rossiya bizga begona emas, bobom va buvim shu davlatda tug‘ilgan va yashagan. Ota-onam esa Xitoydagi Xarbin shahrida ruslar orasida tug‘ilgan va ularning ikkalasi ham rus tilini yaxshi bilishardi”.

O‘sha paytda Lokshinlar haqida eshitganlar hayron qolishadi. Ko‘plab sovet fuqarolari G‘arbga chiqib keta olmayotgan paytda amerikalik qanday qilib o‘z oilasi bilan qamoqxonaday bo‘lgan davlatga ko‘chib borishi mumkin?

Yolg‘on targ‘ibot ko‘p ishlarga qodir va u hatto Amerikada shohona yashayotgan oilani g‘arib bir davlatga qochib kelishga unday oladi. Lokshinlar bilan aynan shunday bo‘ladi.

SSSRdagi hayot va unutilish

Lokshinlar oilasiga darhol hukumatga tegishli ko‘p qavatli uydan to‘rt xonali kvartira ajratishadi. Bu uylar oddiy odamlarning uylariga qaraganda yaxshiroq jihozlangan edi.

Keyin esa Arnold va Lorenni darrov ishga joylashtirishadi. Arnold N.Bloxin nomidagi onkologiya ilmiy markazida ishlay boshlaydi.

O‘sha paytlarda Afg‘on urushi tufayli SSSR iqtisodiyoti ortga ketayotgan, mamlakat muammolar girdobiga tushayotgan davrlar edi. Arnold bularning barchasini ko‘rib turardi, biroq ortga qaytishning iloji yo‘q edi.

AQSh hukumati Lokshinlar oilasi SSSRga qochib ketganidan ularning fuqaroligini bekor qilgan, er-xotin ortga qaytmoqchi bo‘lsa ham katta ehtimol bilan AQShga kiritilmasdi. Shu sababli Arnold va Loren SSSRda chidab yashashga majbur edi.

Lekin Arnold sir boy bermasdi. 1989 yilda u “Pinhona terror: AQShdagi oilaning siyosiy ta’qib qilinishi tarixi” deb nomlangan avtobiografik asarini chop ettiradi.
 

Arnold Gorbachyovning qayta qurish islohotlariga qarshi bo‘lgan. O‘sha paytlarda u “Men demokratik emas, sotsialistik davlatga kelganman”, deb aytib yurgan.

1991 yil SSSR parchalanib ketgach Lokshin ishlayotgan muassasa ham og‘ir iqtisodiy vaziyatga tushib qoladi. Laboratoriya yopiladi va Arnoldni ishdan bo‘shatishadi. Er-xotin SSSRga kelganidan afsuslanadi.

Biroq ular AQShga qaytib bora olmasdi. Bunga AQSh hukumati qarshi bo‘lmasdi, shunchaki Arnold va Lorenning g‘ururi yo‘l qo‘ymaydi.

Arnold va uning oilasi sovet davrida SSSR fuqaroligini olishga ham ulgurmagandi. 1992 yilda Yelsin ularga Rossiya fuqaroligini beradi.

Ishsiz qolgan Arnold tarjima bilan shug‘ullanadi, xotini esa pulli to‘garak ochib bolalarga ingliz tilidan dars bera boshlaydi. Lekin baribir vaziyat og‘irligicha qoladi.

“SSSR parchalanib ketgach oilamiz uchun og‘ir damlar boshlandi. Loren va meni ishdan bo‘shatishdi. Tarjima ortidan topayotgan pulimiz oilaga zo‘rg‘a yetardi. O‘sha paytda bizni taniydiganlar “qiyinchiliklarga chiday olmay tez orada Amerikaga qaytib ketadi”, deyishardi. Biroq menda bunday reja bo‘lmagan”, degan edi keyinchalik Arnold.
 

Intervyu va yolg‘izlik

Arnold Rossiya OAVdan biriga so‘nggi marta 2017 yilda intervyu bergandi. O‘shanda u Moskvadagi kvartirasida yolg‘iz yashayotgan edi.

Olim intervyuda SSSR parchalanib ketgandan so‘ng bir necha yil oilasi bilan qiyin sharoitda yashaganini, oqibatda xotini uni tashlab Amerikaga ketib qolganini, bolalari bilan ko‘rishmasligini gapirib bergandi.

Ma’lum bo‘lishicha, bolalari ulg‘aygach alohida yashay boshlashgan. Arnold va xotini yolg‘iz qolgan. Keyinchalik Arnold xotini bilan ajrashadi va Loren AQShga qaytib ketadi. Shundan so‘ng u butunlay yakkalanib qoladi.

Qizi Jyennifer fizika, matematika va iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan. O‘g‘li Jyeffri ham iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil oladi va keyinchalik Qozog‘istonga ko‘chib o‘tadi va Nazarboyev nomidagi universitetni ochib, o‘sha yerda dars beradi.
 

Ruscha Mixail ismini olgan Mayk Moskva davlat universitetining psixologiya yo‘nalishida tahsil oladi. Biroq u o‘z sohasida ishlamaydi va kinematografiyaga o‘tib ketadi.

Mixail Rossiyada ishlab yurgan bo‘lsa ham u ancha yillar avval AQSh fuqaroligini olgandi. 2021 yilda u AQShga ko‘chib ketadi.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach Mixail urushga qarshi chiqadi. Shundan so‘ng unga qarshi kampaniya boshlab yuboriladi.

Mixail 2020 yilda Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» asari asosida film suratga olish ishlarini boshlab yuborgandi. 2024 yil yanvar oyida Rossiyada filmning taqdimoti o‘tkaziladi va bu katta janjal kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Umuman olganda sovet davrida juda katta-shov-shuvlar bilan SSSRga qochib kelgan va hammaning e’tiborida turgan Lokshinlar oilasi davlat parchalanib ketgach barchaning esidan chiqdi.

Bugun u yolg‘iz holda Moskvadagi oddiy kvartirasida davlat tomonidan berilayotgan kamtargina 20 ming rubl (200 dollardan sal oshadi) hisobidan yashayapti.

U ancha yillardan buyon goh-gohida “Amerika imperalizmi” haqida tanqidiy maqolalar yozib ularni turli saytlarda chop etib turadi. Shuningdek, u SSSRning parchalanib ketishida KGB va Gorbachyovni ayblaydi.
 

Shuningdek, ancha yillardan buyon FSB o‘zini sinchkovlik bilan kuzatishini, elektron pochtasiga kirib u yerga kelgan xabarlarni yashirincha tekshirib turishlarini aytadi.

Arnold Lokshin oilasi bilan uzoq yillardan buyon aloqasi yo‘qligiga shunday izoh beradi:

“Men na xotinim va na bolalarim bilan ancha yillardan buyon muloqot qilmayman. Bizning ajrashib ketishimizga turli bo‘lgan qarashlarimiz sabab bo‘lgan. Bu oddiy kelishmovchilik emas. Xotinim va bolalarim barrikadaning narigi tomoniga o‘tishdi. Men esa o‘z qarashlarim bilan bu yoqda qolib ketdim”.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi. Manba: kun.uz

Яндекс.Метрика