«Barselona» hujumchisi Luis Suares Ispaniya chempionatining 20-turi doirasida «Betis»ga qarshi o'yinda (5:0) dubl qayd etdi. Endilikda 30 yoshli urugvaylikning hisobida kataloniyaliklar uchun 114 bahsda 100 ta gol bor.
Shu tariqa, Suares «Barselona»ning La Ligada 100 marta gol kiritgan beshinchi o'yinchisiga aylandi. Avvalroq xuddi shunday ko'rsatkichni Samyuel Eto'O (130 uchrashuv), Ladislav Kubala (132 bahs), Lionel Messi (154) va Sesar (159) qayd etgan, deb xabar qilinadi Kataloniya jamoasining «Tvitter»dagi sahifasida.
Bundan tashqari, Suares Ispaniya chempionatida 100 ta to'p kiritgan urugvaylik ikkinchi futbolchiga aylandi. Birinchisi Diyego Forlan bo'lib, u La Ligada «Vilyarreal» hamda «Atletiko» uchun 128 ta gol urgan.