У нас есть только
оригинальные песни

Surboy TERBOYEVNING «TERRARI»SI

calendar 18.09.2013
2910

Muxbir: — Suhbatimiz debochasida ish vaqtingiz qachon boshlanishi haqida bilishni istardim.

Haydovchi: — Ish vaqtim ro‘vna soat ertalabki beshda boshlanadi.

Muxbir: — Juda erta turarkansiz-da! Uxlaysiz hammi o‘zi?

Haydovchi: — Nari borsa ikki soat uxlasam keragov!

Muxbir: — Nega buncha kam?

Haydovchi: — Bilasizmi, ko‘zim ilindi deguncha har kuni kechasi bir xil tush ko‘raveraman. Yo o‘n to‘qqizinchi avtobus hamma odamni terib ketib qolgan bo‘ladi, yo biror yo‘lovchi chiptachimni chalg‘itib yo‘l haqini to‘lamay tushib ketadi. Shunda seskanib uyg‘onib ketaman.

Muxbir: — Surboy aka, aytishlaricha, ota izidan borganmishsiz. Rostdan otangiz rahmatli Terboy akayam avtobus haydaganmi?

Haydovchi: — Eh, otam rahmatli ajoyib haydovchi edi. Manaman degan kankurentni uxlatib ketardi. Shuncha haydovchilik qilib, atigi 280 marta avtobusini ag‘darib yuborgan xolos. Mengayam doim «Hoy bolam, basharti mendaqa haydovchi kasbini tanlasang, ko‘zlaring burgutnikiday o‘tkir bo‘lsin! Oldingni kankurentga berib qo‘yma! Bos, bos va yana bos!» deb tayinlardi.

Muxbir: — 280 marta ag‘darilgan bo‘lsa, hech qaeri umuman lat yemaganmi?

Haydovchi: — Ha endi, arzimagan narsa. Labining bir chetida tirtiq qolib ketganini, bir ko‘zi g‘ilaylashgani, boshi qaltirab turadigan bo‘lib qolganini aytmasa, otamga jinam urmagan.

Muxbir: — Nega sizga «Shumaxer» deb laqab qo‘yishgan. Yo haqiqatan poygachi Shumaxerning ishqibozimisiz?

Haydovchi: — Be, o‘shayam poygachi bo‘libdimi? Tupurdim unaqalarga! O‘zingiz o‘ylang, o‘sha nemisning yo‘lida na GAI, na qizil chiroq, na piyodalar o‘tish joyi, na o‘nqir-cho‘nqirlik bor. Tekis yo‘lga o‘ttiztasi mashinada chiqadi-yu, o‘zicha poyga o‘ynaydi. Rulga o‘tirgan haydovchida aniq maqsad bo‘lishi kerak.

Muxbir: — Laqabingiz haqida to‘xtalib o‘tmadingiz-ku!

Haydovchi: — Mayli, to‘xtalsam to‘xtala qolay. Umuman, bir narsani tan olishim kerak, muxbir uka, men avtobusni juda tez haydayman. Bu bekorgamas. Ko‘rgan bo‘lsangiz, yo‘limda bir nechta kankurent avtobuslar bor. Agar bo‘sh kelsam, shundoq oldimga o‘tadi-yu, hamma odamimni terib ketib qoladi. Xullas, tezligim katta bo‘lgani uchunam shunaqa laqab qo‘ygan bo‘lishsa kerak. Lokigin bir tanishim «Sen germaniyalik poygachi Shumaxerdan ming chandon zo‘rroqsan» deb maqtaganiniyam maqolangizga tirkab qo‘yavering!

Muxbir: — Boya itlarni yomon ko‘rishingizni aytgandingiz. Nega bu jonivorlarni yomon ko‘rasiz? Yo sizniyam it talaganmi?

Haydovchi: — Talab ko‘rsin-chi, nima qilarkinman!.. Yomon ko‘rishimning boisi-chi, muxbir uka, o‘sha yaramas itlarniyam aqli ishlarkan-ey! Qachon qarasa, ertalab soat to‘rtda avtobusimning motoriga o‘t qo‘yib yo‘lga chiqdim deguncha, mahallaning itlari o‘rab olib akillayverardi. Bir kuni bittasini atayin sal turtib ketdim. Mahallaga borsangiz ko‘rasiz, bir oyog‘i qiyshayib qolgan. Gapning indallosi, o‘sha voqeadan keyin mahallamdagi itlar avtobusimning ovozini bir kilometrdan taniydigan bo‘ldi. Yo‘lga chiqsam, tamom, itlar in-iniga kirib ketishadi. Hoynahoy, akillab yurishganda asabiylashaverib yomon ko‘rib qolgan bo‘lsam kerak!

Muxbir: — Faoliyatingiz davomida sodir bo‘lgan qiziqarli voqealardan aytib bera olasizmi?

Haydovchi: — Bir voqea bo‘lgan. O‘tgan oyda salonda odam kamligini ko‘rdim-u, asabim buzilib avtobusni mingga qo‘ygancha katta bozor bekatiga keldim. Bilaman, shu yerda o‘n daqiqa tursam, to‘laman. Endi yetib kelgandim, oldimda boya aytgan o‘n to‘qqizinchi avtobus turgan ekan. To‘xtaganimni bilaman, hamma odamni terdi-yu, survordi. Vey, yamo-on asabim buzildi. Birpas turib menam to‘ldim-u, qasdma-qasdiga orqasidan quvdim. Bilasiz, bekorga meni Shumaxer deyishmaydi. Bir hatlab o‘sha bachchag‘arga yetvoldim-da, yo‘l chetiga qisib boraverdim. O‘la, alam qilmaydi-ya qilmaydi! Joni chiqquday bo‘lib o‘tirgan yerida «Ha, Shumaxer, isitmang ko‘tarilib ketdimi? Bezovtasan?» deb baqirdi. Bu bizning tilda «Avtobusingning motori qizib ketdimi?» degan ma’noni beradi. Menam bopladim. «Yo‘q, isitmam ko‘tarilmadi, ikkiqatman, ikkiqat, tug‘ishga ketyapman, shunga shoshilyapman!» deb qichqirdim.

Muxbir: — Bu sizning tilingizda nimani anglatadi?

Haydovchi: — Bu «Ko‘rdingmi, menam to‘ldim, shuncha odamdan quruq qolding!?» degani, ukam.

Muxbir: — O‘zingizga ma’lum, hozirgi kunda yo‘llarimiz ja o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketdi. Shunga munosabatingiz?

Haydovchi: — E, qanaqa tushunmaydigan muxbirsiz o‘zi, uka? Yo‘lchilarimiz yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida atayin yo‘llarda chuqurlar qoldirishadi. Shunday chuqurlar borki, o‘pqonga o‘xshaydi. Yo‘lchilarimiz xalqni o‘ylashvotti, xalqni!

Muxbir: — Qanaqa qulaylik, qanaqa xalqni o‘ylashga ishora qilyapsiz?

Haydovchi: — Masalan, kimdir ertalab vaqtli oshga boradi-yu, nafsining gapiga kirib ko‘proq yeb qo‘yadi. Yana kimningdir ichi dam bo‘layotgan chiqadi. Avtobus har chuqurga tushib chiqqanda-chi, o‘sha akalarimiz birdan yengil tortishadi. Ishonaman, ular ichida albatta menga, yo‘lchilarga rahmat aytadi, bizni duo qiladi, ha!

Muxbir: — Ballonlar-chi?

Haydovchi: — Ballon nima? Davlatniki bo‘lsa! Qolaversa, garajda mexanik degani bor. Ular nima evaziga maosh olishadi? Ballon teshilsa, yamaydi-da! Yamamay qayga borardi?

Muxbir: — Aytishlariga qaraganda, sizlar yo‘l haqini olarkansizlar-u, yo‘lovchiga chipta yirtib bermas ekansizlar. Chiptani ruloni bilan kechqurun o‘zlaring yirtib, bir chetga irg‘itarkansizlar. Shu rostmi?

Haydovchi: — Xo‘sh, buning nimasi yomon? Biz doim yo‘lovchining manfaatini, foydasini o‘ylaymiz. Sho‘rlik chiptani qo‘liga olib, tiqilinchda qaerga qo‘yishni bilmay qolmasin, qiynalmasin, pastga tushgandan keyin yerga tashlab qo‘lchasini og‘ritmasin deymiz. Shu yomon ishmi, muxbir uka?

Muxbir: — Tushum qalay, tushum?

Haydovchi: — Ana, shahar markazidan ikkita uch xonalidan kvartira, chal chetrog‘idan dang‘illama, uch qavatli hovli, tog‘da ikkita dacha qurib qo‘yibman. Ikkita o‘g‘lim bor, yetadi ularga. Tushumni mana shundan o‘zingiz chamalab olavering.

Muxbir: — Muxlislarga tilaklaringiz?

Haydovchi: — Ie, to‘xtang, chiptachim pastda qolib ketibdi-ku! Hoy Oqsoqboy, nima qilib pastda dumalanib yuribsan-a? Odam degan sal abjirroq bo‘lmaydimi? Nima? Sig‘may qoldim? Mayli, keyingi krugda chiqarsan! Hozir-chi, qo‘lingdagi mayda pullarni hov anavi yerdagi pistachiga oborgin-da, yiriklatib tur! Nima? Ikki yuztaliklarning hammasi yirtiq ekan deysanmi? Nima bo‘pti? Vey, ovsar, ustiga yirtilmaganlarini qo‘ysang, pistachi baloniyam bilmaydi. Kiydirvormaysanmi, yedirvormaysanmi, ovsar? Xo‘-o‘sh, nima deyotgandingiz? Ha-a, tilak haqida so‘ragandingiz-a? Nimayam derdim? Tilagim shuki, iloyim o‘sha gazitchi muxlislaringizning hammasi faqat mening avtobusimga chiqsin!

OLIMJON HAYIT

Яндекс.Метрика