У нас есть только
оригинальные песни

“Suzuk ota” majmuasi 2018-yilgi mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi

calendar 22.02.2018
1106

2017-yil 26-may kuni Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanida joylashgan “Suzuk ota” majmuasida bo‘lib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Bu yerda to‘qqiz oydan buyon ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda, deb xabar berdi O‘zA.

Majmuaning kirish qismida avtoturargoh, muzey, do‘kon, kutubxona, ichkarida “Suzuk ota” maqbarasi va undan so‘ng masjid bunyod etilmoqda. Majmuaga kiraverishda yo‘lning ikki tomonida hunarmandlar uchun ikki qavatli o‘ttiz to‘rtta namunali uy-joy quriladi.

“Bizda hunarmandlikning ko‘plab yo‘nalishlari rivojlangan. Necha yillar o‘tgan, bir necha avlodlar almashgan bo‘lsa-da, an’analar davom etmoqda. Endi bu joy haqiqiy hunarmandlar markazi bo‘lishi shubhasiz”, — deydi ushbu mahallada yashovchi Asqar ota Obidov.

Hunarmandlar uchun bu maskandan joy ajratilishi bejiz emas. Asli ismi Mustafoqul bo‘lgan Suzuk ota Xoja Ahmad Yassaviyning yolg‘iz qizi Gavhari Xushtojning (Xushtari) kenja farzandi bo‘lgan. 1140-yilda Turkistonning Qorachuq qishlog‘ida tavallud topgan Mustafoqul bobosining xizmatiga borganida Ahmad Yassaviy uni “Mening suzigim, (suyukligim) xush keldingiz!”, deb erkalagan ekan. Shuning uchun avval uning yaqinlari, so‘ng boshqalar ham uni Suzuk deb atay boshlagan. Balog‘atga yetgach Toshkentdagi Chaqar, Chuqurko‘prik (Cho‘ponota) va Mirlar mahallalariga tutash bo‘lgan kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat yerda qo‘nim topib, shu mahallani obod qilishga kirishadi. O‘zi tug‘ilgan yurtidan qorilar, usta-hunarmandlar, yaqin do‘st-birodarlarini olib kelib, uy-joylar qurdirib, barchaga boshpana berib, ilm va hunarni keng ommaga joriy qila boshlagan. Yoshlarga dehqonchilik, hunarmandlik va boshqa kasb-kor sirlarini o‘rgatgan. Yuzlab hunarmand usta-shogirdlarga pir-u komil bo‘lgan va 1217-yilda vafot etgan. O‘sha paytda bu mahalla “ustalar”, “xo‘jalar” mahallasi deb yuritilgan.

XX asrda mahalla nomi “Bauman”, “Komintern”, “Qahramon” va “Obod” deb o‘zgartirilgan. Mustaqillikdan so‘ng qaytadan Suzuk ota mahallasi, deya atala boshlangan.

Ushbu mahallaning guzar qismidagi maqbara va masjid Sohibqiron Amir Temur davrida bunyod etilgani haqida ma’lumotlar bor. Xonaqoh va ayvonda yetti yuzga yaqin namozxon ibodat qilishi mumkin bo‘lgan. Afsuski, 1930-yili masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantirilgan. Hujralar o‘rnida korxona idorasi va omborxona qurilgan. 1985—1990-yillargacha shahardagi eng katta gumbazli (diametri — 10 metr) masjid bo‘lgan ziyoratgoh shu holicha qolgan.

Mustaqillik arafasida korxona boshqa yerga ko‘chirilib, vayrona holatdagi bino mahalla ixtiyoriga berildi. “Shosh” kichik korxonasi hunarmandlari va mahalla ahli yordamida ta’mirlanib, 1996-yili ramazon oyida masjid o‘z faoliyatini qayta boshladi va bu joy O‘zbekiston hunarmandlarining sevimli maskaniga aylandi.

Ayni vaqtgacha bo‘lgan bunyodkorlik ishlaridan so‘ng masjidda 900 kishi namoz o‘qishi mumkin bo‘lgan ayvon qad tikladi.

“Ushbu majmuada ishlayotganimdan baxtiyorman. Juda ko‘p masjid va maqbaralar qurilishida ishtirok etganman. Ammo bu joyning o‘zgacha fayzi bor. Har qanday sharoitda ish qizg‘in bo‘ladi. Bu maskan barpo etilayotganida hikmat ko‘p”, — deydi xivalik usta Tohir Egamberdiyev.

Majmuada “Ijod-Ijod” xususiy korxonasi mutaxassislari tomonidan keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

6,5 gektar maydonda barpo etilayotgan, milliy o‘ymakorlik asosida ishlangan naqshinkor eshik-romlar, ustun va toqilar bilan bezaklanadigan, milliy va zamonaviy me’morlik san’atini o‘zida mujassam etadigan ulkan majmua joriy yil mustaqillik bayrami arafasida ilk ziyoratchilarini qabul qiladi.

Ziyoratgohni qurish maqsadida bu yerdagi eski xonadonlar buzilib, aholiga yer va uy-joylar ajratildi.

Joriy yilning 9 fevralida O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanisharkan, “Suzuk ota” majmuasidagi qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda ziyoratchilar uchun yanada qulayliklar yaratish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Яндекс.Метрика