loading...

 

Tabiiy gaz va elektr ta`minoti borasida odamlar nima deydi?

Joylarda tabiiy gaz va elektr ta`minoti muammosi borligi va uni bartaraf etish uchun olib borilayotgan ishlar haqidagi maqolalar o'quvchilarimizni befarq qoldirmadi. Tahririyatimizga turli mazmundagi maktublar yo'llanmoqda. Ularning ayrimlarini e`tiboringizga havola etishni lozim topdik.

Jumladan, Shuhrat ismli fuqaro shunday yozadi: “Men Qashqadaryo viloyati, Nishon tumanida yashayman. Sizlardan iltimos, Nishon tomonlarga borib xalqning ahvolidan bir xabar olib kelsangizlar. Men Toshkentda ishlayman, qishloqqa borgan paytlarim huddi o'rta asrga tushib qolganga o'xshayman. Sizlardan iltimos, shu masalani televidiniyega ham olib chiqsangizlar. Balkim insofga kirib, chiroqni yoqisharmidi? Gazni-ku, esidan chiqarib yuborishganiga ancha yil bo'lib ketdi”.

“Assalomu alaykum, hurmatli Kun.uz tahririyati a`zolari. Berib borayotgan yangiliklaringiz kishini quvontiradi. Ayniqsa, muammoli holatlarga yechim topishga yordam berishlaringiz tahsinga loyiq. Shunaqa muammolar bizda mavjud. Elektr tokini umuman berishmayapti. Men Samarqand viloyati, Narpay tumanidanman. 110 degan "svet liniyasi" bor. Bizning qishloq va yana 5 qishloq shu liniyaga ulangan. Prezident qabulxonasiga ham yozdim. Nimagadir javob  kelmayapti. Sizlardan iltimos, shu masalada yordam beringizlar. Ishingizga muvaffaqiyat tilab muxlisingiz Bahodir Turdiyev”.

Zokir ismli yana bir fuqaro shunday arz qildi: “Chiroqsiz qolayotgan shahrisabzliklar to'g'risidagi ikkinchi maqolada xalqni ayblab yozib elektr tarmog'i korxonasidagilarni dardiga malham qo'ydingizlar. Avval bir necha soat berilayotgan elektr endi daqiqalarga o'tib qoldi. Xalqning bir foizini ham tashkil etmaydigan bir guruh qoidabuzarlarni deb butun bir xalqni ayblash to'g'ri bo'lmas-ov. Ariza mualliflari: Zokir, Husniddin, Shavkat, Erik”.

Shavkatjon ismli fuqaro shunday yozadi: “Assalomu alaykum. Nafaqat Samarqandda, balki bizning qishloqda ham zulmat. Elektr energiyasi har kuni ikki yoki o'n daqiqa bo'lsa mayliga, soatlab o'chiriladi. Bizning manzil: Namangan viloyati, To'raqo'rg'on tumani, Shaxand qishlog'i. Nega bundayligini xaligicha hech kim izohlamaydi. Shu masalada aniqlik kiritib yordam bersangiz xursand bo'lardik”.

“Iltimos, shahrisabzliklarni chiroq masalasini boshqa yozmanglar. Sizlar maqola yozgan kundan boshlab, sutkasiga 20-10 daqiqa elektr berishyapti. Telefon apparatlarini ham quvvatlab bo'lmayapti. Iltimos boshqa yozmangizlar.  Umuman shu 20 daqiqani ham bermay qo'yishadi. Ikkinchi Shaxrisabzni elektr masalasini yozmanglar. Mana shu maqola chiqqanidan beri oldingidan ming marta yomonlashdi holat”, deb yozadi Rustam ismli fuqaro.

“Assalomu alaykum, hurmatli KUN.uz sayti jamoasi. 2017 yilning 18 yanvar kuni sahifalaringizda e`lon qilingan “Samarqandni "zulmat"dan kim qutqaradi?” deb nomlangan maqolangizni o'qib ushbu maktubni taqdim etishni lozim topdim. Samarqandlik hurmatli jurnalist birodarimiz T. Raxmatullayev xaqli muammoni olib chiqqanlariga ming bor raxmat aytaman. Ammo birodarimiz o'n kunlik elektr energiyasidagi uzilish muammolarini dolzarbligini aytibdilar-u, Samarqand viloyati tumanlarida, mana, bir necha yillardirki elektr energiyasi va tabiiy gazning uzluksiz yo'qligi muammosi bilan ham qiziqib ko'rmabdilar. Shuncha yillar davomida kuni bilan elektr energiyasiz yoki uyida gaz yo'qligi sababli yeyishga non topolmasa ham bor bisotiga ko'mir yoki o'tinni falon so'mga sotib olayotgan, qurbi yetmaganligi sababli sovuqda bir amallab kunini ming azob bilan: "ertaga gaz yoinki elektr bo'lib qolar, ertaga xammasi yaxshi bo'lar balkim", deb o'tkazayotgan, xali suyagi qotmagan go'daklar-u qarilik gashti bilan umr kechirayotgan tumanlar aholisi nima qilsin, qayerga bosh urishsin, kimga dodini aytishsin? To'g'ri, hozirda hammasi avvalgidan ancha yaxshi tomonga o'zgarayapti. Aholi dardi bilan hisob- kitob kiladigan, aholi nolasini tinglaydigan adolatparvar yurtboshimizni bizga Yaratganning uzi in`om etdi. Ming shukrlar bo'lsin! Yurtboshimiz iltifotlari bilan endi hammasi o'zgacha bo'ladi, barcha rahbarlar xalk bilan xisob-kitob qiladi”, deb o'z fikrlarini maktub orqali izhor etgan Husanbek Hamidov.

“Chiroqsiz qolayotgan shahrisabzliklar yoxud ikki qo'ldan chiqqan qars” va “O'rtaga tashlangan tanga: Shahrisabzning chiroq masalasi uning qaysi tomonida?” deb nomlangan tahliliy maqolani o'qib chiqib, ochig'ini aytsam ajablanmadim. Sababi bu muammo butun mamlakatga taalluqli. Aniq va lo'nda gapirganda “Biz elektr energiyasi” bo'yicha hozircha mustaqil emasmiz va buni hamma tushunadi. Menimcha, bu masalaga yondashish noto'g'i bo'lmoqda. Maqolada keltirilga misol va ro'jular aslida belgilangan jadval asosidagi elektr ta`minoti bo'yicha bo'lmoqda. Shunday chekka joylar borki (masalan, men yashaydigan qishloq) 24 soat mobaynida 2 yoki 3 soat “chiroq” yonadi. Viloyat hamda tuman XETK boraverib, ularning va`dalari-yu yuzsizliklarini ko'raverib, odamning diydasi qotib ketadi. Bu masalaning eng yomoni, eng alam qiladigan tomoni hammasi qish mavsumida boshlanadi. Nega? Yoki qishgi mavsumda odamlardan foyda yo'qligidanmi? Ikkinchi tomoni esa undan xam dahshat: “Aholini elektr energiyasidan bo'lgan qarzdorligi”. To'g'ri, qarzdorlik bor, lekin “Nega qarz?”, degani hech kim yo'q. Shunday tumanlar bor-ki, birorta ishlab chiqarish korxonasi yoki tashkilot yo'q, lekin yuz minglab aholisi bor. Ular erta bahordan to kech kuzgacha tinim bilmay ishlaydi. Ishlab topgani 500-600 bog'lam g'o'zapoyasi, 5-6 litr o'simlik moyi va yana allanimalar. Shunday bo'lgandan keyin qarz bo'ladi-da. Aholi bandligi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlarga murojaat qilsangiz “Bizning tumanda bor-yo'g'i 5 yoki 7 foiz ishsiz”, deb bong uradi. Aslida-chi, nari borsa 10 foiz ish bilan band. Mayli, chiroqlarimizni o'chirishsin, lekin insof bilan-da, kelishilgan va tasdiqlangan jadval asosida amalga oshirilsa, menimcha hech kim norozi bo'lmaydi. Cheklov tartibi va qoidalari “Iste`molchi” va “Ta`minotchi” bilan o'zaro tuzilgan shartnomaning “6. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI VA FORS-MAJOR” bandida bu to'g'risida batafsil belgilab qo'yilgan. Afsuski TXETK xodim va mutasaddilari bu band mazmuni nimalarni anglatishini umuman bilmaydilar, hatto o'qib ham chiqishmagan. Bahor. Andijon viloyati, Marhamat tumani”.

“Salom hurmatli Kun.uz tahririyati. «Samarqandni zulmatdan kim qutqaradi?», degan maqolani o'qib, odamning ensasi qotadi, to'g'risi. Shaxsan men Andijon viloyati, Paxtaobod tumanidanman. Turmush o'rtog'im Samarqand viloyatidan, u yerda chiroq bir soatlarcha o'chadi, xolos. Men u yerda yaqinda bir xaftadan ziyodroq bo'lib qaytdim. Axir shu fojia bo'lsa,andijonliklar ya`ni paxtaobodliklar nima ham deyishi mumkin? Chunki bizda etalab 6:00 dan 10:00 gacha oqshomda esa ba`zan 19:00dan 21:00gacha (insof bersa) yo'qsa undan ham kamroq tok berishadi. Qo'ng'iroq qilsangiz, ayibni viloyatga to'nkashadi. Eng yomoni elektr qachon yonadi-yu qachon o'chadi, aniq bilmaysiz, bu ham navbatchining insofiga bog'liq. Bir gap gapirsangiz qarzdorlik ko'p emish, lekin 5000 so'm qarz bo'lsangiz darrov uzib ketishadi, bilmadim nima qilish kerak. Qarzi bor odam bo'lsa, sanoqli bordir, lekin o'sha nonko'rlarni deb butun aholi zulmatda qolishi kerakmi?”, deb yozadi Mavlonbek ismli fuqaro.

Qudrat degan fuqaro quyidagi mazmundagi qisqa murojaatini yo'llagan: “Nafaqat Shahrisabz balki Chiroqchining Chiyalida ham 3 sutkadan buyon elektr yo'q. Axir bu yerning 70 ming aholisi bor”.

Ushbu maktublar O'zbekistonning turli hududlaridan kelgan. Fuqarolar o'z muammolarini, ya`ni yashash manzillaridagi elektr ta`minoti hamda tabiiy gazga bo'lgan ehtiyojlarini maktub orqali bitib yuborishgan. Bu haqida ko'p gapirilyapti, yozilyapti, muhokama qilinyapti. Fuqarolarimiz o'z huquqlarini chuqur anglab yetayotgani, ularning so'zlari, fikrlaridan ochiq-oydin ko'rinib turibdi. Bu bir tomondan kishini quvontiradi, albatta. Zero huquq bor joyda mustaqillik bo'ladi. Mustaqillik esa taraqqiyot demakdir.


Комментарии (2) | Добавить: 25.01.2017
2. Baxtiyorbeknew (26.01.2017 14:09)
Bu gaplarni foydasi yo'q deb o'ylayman.xozir ko'pchilda shu muamo.Tv da elektrni tejang deydi shu ellektr bormi
Bitta yo'li quyosh batariyasi olish kerak lekin narxini ancha qimmat
1. adsuf (26.01.2017 10:01)
Voybo daxshat hamjoyda gaz svet masalasi
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
MP3 va KLIP Izlash
Загрузка...