У нас есть только
оригинальные песни

Taqiqlangan diniy videolavhalarni telefonida saqlagan Jizzaxlik 24 yoshli qiz ma’muriy javobgarlikka tortildi

calendar 02.02.2017
2408

Jizzax shahri Jeli-guli mahallasida istiqomat qiluvchi, 1993-yilda tavallud topgan M.Abdurahmonova “Iyegova shohidlari”ga tegishli diniy mazmundagi videolavhani telefonida saqlab yurgani uchun qariyb 3 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi, deb Jizzax viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

“Diniy bilimga ega bo‘lmay turib, qonunga xilof ravishda o‘ziga tegishli bo‘lgan Samsung rusumli telefon apparatida “Iyegova shohidlari”ga oid diniy mazmundagi videolavha va yon daftarchasida turli yozuvlarni 2016-yil 18-noyabr kuniga qadar saqlab kelgan. Uning asraganlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida aniqlandi. Ushbu videolavhalarni tinglash, ko‘rish, tarqatish, olib yurish O‘zbekiston diniy idoralari tomonidan taqiqlangan”, – deyiladi xabarda.

Xabarda ta’kidlanishicha, sud majlisida M.Abdurahmonova diniy mazmundagi video lavhalarni faqat o‘zi tinglaganini, videomahsulotni hech kimga tarqatmaganini bayon qildi. U haqiqatdan ham bir yil davomida “Injil” kitobini o‘rganib kelishini, unda Iyegovaning amirlari yozilganligi, telefonida shu mazmundagi qo‘shiqlari borligini, ularni eshitib kelishini, bu ishlari noqonuniy ekanligini bilmaganligini bildirib, afv etilishini so‘radi.

Sud ayblanuvchining muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan aybdor deb topdi va unga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida, ya’ni 2 million 995 ming 500 so‘m miqdorida jarima belgiladi. Unga tegishli telefon va yon daftarchasi tegishli tartibda yo‘q qilingani ta’kidlandi.

Яндекс.Метрика