У нас есть только
оригинальные песни

Tatyana Karimova ko'zda yosh bilan birinchi prezidentni xotirladi

calendar 01.09.2017
1839

31 avgust kuni Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohida O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali ochildi.

Islom Karimov haykali ochilishi marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Birinchi Prezidentning turmush o'rtog'i Tatyana Karimova, bosh vazir Abdulla Aripov va uning o'rinbosarlari, vazirlik va mahkamalar rahbarlari hamda xodimlari, parlament vakillari va jamoatchilik ishtirok etdi.

Haykalning ochilish marosimida Tatyana Karimova so'zga chiqib, nutq so'zladi. 

Tatyana Karimova Islom Abdug'aniyevich butun O'zbekiston xalqi va mamlakat uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olganini e`tirof etdi. 

«Islom Abdug'aniyevich mamlakatimizni qiyin davrlarda boshqardi, hatto aytish mumkinki, fojiali davrlarda. Farg'onada olov, Namanganda tartibsizliklar. Biz Bo'kani, Parkentni eslaymiz. O'sh voqealari. Ilk yillarda O'zbekiston Sobiq sovet hududida oxirgi o'rinlardan birida edi. Bo'm-bo'sh do'konlar, bo'sh peshtaxtalar. Bir haftalik yoki 10 kunga yetgulik un qolgandi. Shunday vaziyatda Islom Abdug'aniyevich dono xalqimizga tayanib, yangi mamlakat tuzdi. 

Prezident O'zbekistonni har doim buyuk kelajakli davlat sifatida ko'rgan. U bor kuchini suveren, demokratik va huquqiy, dunyo tan olgan davlat barpo etish uchun sarflagan. Islom Abdug'aniyevich shunchaki birinchi Prezident emas, u Mustaqil O'zbekistonimiz asoschisidir», deya esladi ko'zda yosh bilan Tatyana Karimova.

U shuningdek, O'zbekiston kelajagi ishonchli qo'llarda ekanini e`tirof etib, prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorchilik izhor etdi.

«Men dardimizni birga bo'lishgan o'zbek xalqi oldida ta`zimdaman. Men Islom Abdug'aniyevich haykali yaratuvchilariga minnatdorchilik bildiraman. Men yana Shavkat Miromonovichga Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirib, haqiqiy siyosiy merosxo'r bo'lgani uchun shaxsan minnatdorchilik bildirmoqchiman», degan u.

Tatyana Karimova so'zi oxirida Islom Karimovning so'zlarini keltirdi: «Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o'zi qo'llasin, o'zi madadkor bo'lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo'lsin! Mustaqilligimiz abadiy bo'lsin».

 

Яндекс.Метрика