Superog'ir vazn toifasida haligacha mag'lubiyatga uchramagan britaniyalik bokschi Tayson Fyuri ukrainalik Vladimir Klichkoning jarohat olib, bo'lajak jangning kechiktirilishiga sabab bo'lganiga o'zining munosabatini keskin ravishda bildirdi.
"Endi aytish mumkinki, u bilan jangimiz fevralgacha bo'lib o'tmaydi. Noyabrda uni ura olmayman. Endi uni kaltaklash uchun fevral kelishini kutishga majburman. Keyingi matbuot anjumanida indamay o'tirishim kerak, yo'qsa u yana qo'rqib ketib, muddatni yana kechiktirishi mumkin", deya zaxarxandalik bilan gapiradi Tayson.
"U o'z soyasidan ham qo'rqadigan yirik rus ayiq o'yinchoqqa o'xshaydi. Bundaylar yovuz Taysondan qo'rqishadi. Bundaylar men bilan ringga chiqqanlarida g'alaba qila olmasliklarini aniq bilishadi", deydi bokschi.
Tayson Fyuri Klichkoning jarohatini Devid Xeyning jarohatiga qiyoslagan. 2013 yilning oxirida Fyuri Xey bilan jang o'tkazishi kerak edi. Lekin mashg'ulot chog'ida jarohat olgan Xey keyinchalik 2014 yili faoliyatini yakunlashini ma'lum qilgandi.
Eslatib o'tamiz, professional boksning superog'ir vazn toifasida 4ta yo'nalish chempioni Vladimir Klichko (64-3, 53 KO) Avstriyada boshlangan ilk mashg'ulot kunining o'zida oyog'idan jarohat olgandi. Endi ukrainalik jahon chempionining britaniyalik engilmas Tayson Fyuri (24-0, 18 KO) bilan 24 oktyabr kuni o'tkazilishi kerak bo'lgan jangi noma'lum muddatga qoldirildi.
Klichkoga yaqin manbaning xabar berishicha, Vladimir jarohatini bir oy mobaynida davolaydi.