У нас есть только
оригинальные песни

Tezda muxlisini topa olgan va omad kelishini uzoq kutgan san'atkorlarni yodga oldi

calendar 23.12.2015
2567

San'at olamida mashhurlikni qo'lga kiritish oson emas. Odatda buning uchun uzoq yillar mehnat qilish talab etiladi. Shunday bo'lsa-da, ayrim san'atkorlarga omad kulib boqib, ular birinchi harakatdayoq mashhur bo'lib ketadi. Birinchi qo'shig'i bilan muxlislarini topa olgan yoki birinchi ijrosidayoq kinoda o'rin qozongan san'atkorlar ham oz emas.
Shu munosabat bilan “Bekajon” gazetasi o'zbek san'atkorlarining o'ziga xos reytingini tuzib chiqishdi. U ikki qismdan iborat: tezda tanilganlar va uzoq yillik mehnat samarasi o'laroq o'rnini topa olganlar.

Birinchi ro'yxatga O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov kiritildi. U 1994 yilda kuylagan “Kel, ey yorim” qo'shig'i bilan tanildi, keyin ketma-ket “Bir qulog'i chandiq qiz” va “Chang ko'chalar” taronalarini yaratdi.

Aktrisa Gulchehra Eshonqulova esa birinchi rollaridan e'tibor topa olmagan. Dastlab “Munis onam” filmida Guli obrazini gavdalantirgan aktrisa muxlislarini topa olmasa ham, rejissyorlar e'tiboriga tushgan, shundan so'ng u “Fotima va Zuhra”, “Shabnam” singari bir qator omadli filmlarda bosh rollarni ijro etdi. Shunga qaramay, Eshonqulova faoliyatini teatrda boshlagan va sahnada uning omadi avval boshidanoq chopgan: u Ofeliya, Guli singari jiddiy obrazlarni yaratishga jalb qilingan.

O'zbekiston xalq artisti Erkin Komilov 1968 yilda Komil Yashin asari asosida sahnalashtirilgan “Yo'lchi yulduz” spektaklida debyut qilgan. Uning kuchli ijrosi rejissyorlarni lol qoldirgan va yosh iste'dod vakili teatrda olib qolingan. O'sha spektaklda Komilov turkman otryadi rahbari Avaz shaxsini gavdalantirgan.
Erkin Komilovning kinodagi ilk roli Ukraina kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Yulduz shu'lasi” filmidagi Ergash Sobirov obrazi bo'ldi. Unga mashhurlik olib kelgan rol esa “Girdob” filmidagi Aziz Qosimov obrazidir.

O'zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova bir harakatdayoq muvaffaqiyatga erishgan san'atkorlar qatoriga kirmaydi. Ilk qo'shig'i “Farg'ona tong otguncha” taronasi bo'lishiga qaramay, xonanda 2005 yilda kuylagan “Ajab-ajab” qo'shig'i orqali muxlislarga tanildi. Aynan o'sha paytlarda u “Aziz ona yurtim navolari” tanlovida g'alaba qozondi.
Kech omad kulib boqqan iste'dodlar ro'yxatiga, shuningdek, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Shodiya Abduqodirova kirdi. Ilk rolini “Muhabbatimsan” filmida ijro etgan aktrisa uzoq yillar seriallarda turli darajadagi obrazlarni jonlantirdi. Nihoyat, “Bir kam dunyo” serialidagi Mashhura obrazi unga mashhurlik olib keldi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Ravshan Komilovning ilk qo'shig'i “O'yna gulim, o'yna” bo'lib, u el og'ziga tushmagandi. Uni chinakam tanitgan tarona esa “Odam bo'lib keldik” qo'shig'idir. Jiddiy ashulalari bilan dong taratgan xonanda keyinchalik sho'x, o'ynoqi kompozitsiyalar ham yaratdi.

O'zbekiston xalq artisti Mirza Azizov ilk ijrosini teatrda 1990 yilda sahnalashtirilgan “Kuyovlar konkursi” spektaklidagi Kenjavoy obrazi orqali taqdim etgandi. Kinodagi ilk ijrosi esa Mashrab Boboev va Mahkam Muhamedovlarning “Ko'ngil ko'chalari” serialiga to'g'ri keldi (Sanjar obrazi). Lekin chinakam mashhurlikni unga Rustam Sa'dievning “Muhabbat sinovlari” filmi keltirdi. Shundan buyon u nafaqat ko'plab rollarni ijro qildi, balki o'zi ham rejissyorlik faoliyati bilan shug'ullanib kelmoqda.

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Sardor Rahimxon 2000 yildan radioda suhandonlik qila boshladi. 5 yil davomida jurnalistik faoliyat bilan birga u qo'shiqlar yozib keldi. Lekin faqat 2005 yilda yozilgan “Ishonmasman” taronasi unga shuhrat keltirdi. Shundan so'ng xonanda qator xitlar yarata oldi.

Яндекс.Метрика