У нас есть только
оригинальные песни

Tojikistonda 15 bolaning onasi 47 yoshida yana homilador bo'ldi

calendar 25.12.2015
2553

Tojikistonning Ko'lob shahrida 15 farzandning onasi bo'lgan 47 yoshli Nurbibi Mansurova istiqomat qiladi. U ayni vaqtda o'n oltinchi farzandiga homilador.

Ma'lum bo'lishicha, bu ayol o'zi tuqqan 24 farzandning 9 nafarini qabrga qo'yishga majbur bo'lgan.

Uning 4 nafar qizi turmushga chiqib ulgurgan va bu onaning ayni vaqtda 9 nabirasi ham bor. Hozirda bu oilada yana 11 nafar farzand ota-onasi bilan yashamoqda. Ular navbatdagi ukalari yoki singillarini intizorlik bilan kutishmoqda.

"Yildan yilga bolalarimning ismini adashtirib qo'yadigan bo'ldim. Bir safar Lolani chaqirsam, u kulib, "mening ismim, Sarvinoz" dediyu, aytilgan ishni bajara ketdi. U bundan aslo xafa bo'lgani yo'q", deya eslaydi ona.

Nurbibi aya 14 yoshida uzatilgan. Uni maktab xonasidan olib ketishgan va o'sha kuni kechasi uning o'qituvchilari va sinfdoshlari to'y ziyofatiga borishgan. Shundan keyin bu qishloqi ayol tinmasdan tug'a boshlagan. Ba'zida u yiliga 2 marta tuqqan, birinchisini yil boshida, ikkinchisini yil oxirida. To'lg'oqni goh onasi, goh qaynonasi, goh eri va hatto katta qizi ham qabul qilgan. U shu vaqtgacha shahar tug'ruqxonasiga bir marta ham bormagan. U hozirda ham sog'ligidan shikoyat qilmaydi.

"Men to'rtinchi farzandimni dunyoga keltirganimdan keyin shifokorlar kelishdi va menga homiladorlikka qarshi dori berib, ukol ham qilishdi. Lekin bu foyda bermadi va men yana homilador bo'laverdim. Shifokorlar undan keyin ham menga bir necha marta homiladorlikdan saqlovchi ukollar yuborishdi, lekin hech qaysisidan foyda bo'lmadi. Yoki dorilar sifatsiz bo'lgan, yoki xudoning irodasi shunday", deydi bu ayol.

Bu ko'p farzandli oilani boqish montyor bo'lib ishlaydigan otaning zimmasida. Qurbonali ismli bu odam hozirda 52 yoshga chiqqan. U 1986 yilda harbiy xizmatdan qaytib kelishi bilanoq ota-onasi uylantirib qo'yishgan. U armiyada xizmat qilib yurganida unga kelin topishgan. Nurbibining uyiga sovchilarning katta guruhi tashrif buyurgan. Aytishlaricha, o'tgan vaqt davomida bu juftlik biron marta ham janjallashishmagan.

Qurbonali 250 somoni maosh oladi (37 dollar). Bu pul bolalarning emagiga ham etmaydi. Shuning uchun, unga Nurbibi bozorda ovqat sotish orqali pul topib yordam beradi. Bu oila yordamga muhtoj sharoitda yashaydi, lekin hukumat bunga e'tiborsiz qarab kelmoqda.

"Viloyat amaldorlari faqat bir marta, 20 yil oldin yordam berishgan. Ya'ni davlat tomonidan bizga mana shu uy berilgan. Biz keyinchalik o'zimiz xo'jalik tashkil qildik, sigir, qo'y va tovuqlar boqdik. Lekin iqtisodiy inqiroz vaqti kelib, ularning ko'pchiligini sotishimizga to'g'ri keldi. O'tgan yozda esa oxirgilarini va sovutkichni ham sotdik", deya eslaydi Nurbibi.

Ma'lum bo'lishicha, ovqatlanish mahalida stolga avval farzandlar o'tirishadi. Ularni to'ydirishgach, er-xotin ulardan qolgan taomlarni iste'mol qilishadi.

"Bolalarimiz bilan faxrlanamiz. Kattalari kichiklariga dars qilishda yordamlashadi. Bizga esa uy ishlarida dastyorlik qilishadi. Yagona muammo ular qishda issiq kiyim etishmasligi tufayli maktabga bora olishmaydi. Men bunday vaqtda qaysi farzandim maktabga bora olmasligi haqida ogohlantirib, vaqtincha uyda qolib, o'qishi haqida aytib kelaman. O'qituvchilar bolalarimizning xulqidan ham, fanlarni o'zlashtirishidan ham shikoyat qilishmagan", deydi ona.

Bolalar o'qishni oliygohlarda davom ettirishni istashadi. Ammo ularning o'qishi uchun pul yo'q. O'g'illardan kattasi Rossiyaga ishlash uchun bormoqchi, lekin uning yo'liga chipta uchun ham pul topilmaydi.

"Bizga qarindoshlarimiz yordam berib turishadi. Qo'shnilar ham. Hatto begonalar ham. Bir marta bozordagi sotuvchi 2 kichik farzandim uchun issiq kiyimlar va oyoq kiyimlar berdi. Bizning katta oilamiz haqida ko'pchilik biladi", deydi u.

Jurnalistlar bu oila haqida ko'plab maqolalar yozishgan, ko'rsatuvlar tayyorlashgan. Hatto qo'shni respublikalardan kelishadi. Milliy telekanallarda bayram kunlari bu oila hayotidan reportajlar uyushtiriladi.

Lekin hukumat bu oilaning taqdiriga befarqlik bilan qarashda davom etmoqda.

Яндекс.Метрика