Tojikistonda milliy liboslarda yurish shart qilib qo'yildi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon “Udumlar va an`analarni tartibga solish to'g'risida”gi qonunga milliy liboslarni kiyishni majburiy qiluvchi tuzatmalar qiritish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Rahmonning matbuot xizmati ma`lum qildi.

Avvalroq bu tuzatishlar Tojikiston quyi palatasi tomondan qabul qilingandi. Tuzatmaga ko'ra, jismoniy va yuridik shaxslar milliy madaniyat jihatlariga amal qilishlari kerak, ya`ni davlat tilini bilishlari va milliy kiyimlarda yurishlari shart. Qonunning bu bandini buzganlik uchun jazo ko'zda tutilgan.

Mahalliy mutaxassislarning fikricha, bu tuzatma qabul qilinishi bilan hukumatning hijob kiyib yurishga qarshi kampaniyasi kuchaytiriladi. Biroq xotin-qizlar va oila ishlari qo'mitasida ta`kidlanishicha, mamlakatda hijob kiyib yurishga emas, balki tojiklarning milliy madaniyati va diniga zid bo'lgan yot liboslar va “yarim yalang'och” kiyimlarni kiyishga qarshi kurash boshlangan. 

Avvalroq Tojikiston fan va ta`lim vazirligi rasmiy saytida maktab o'quvchilari kiyimlariga talablar joyashtirilgandi. Ularga ko'ra, o'quvchi qizlarga maktabda hijobda, tor, yirtiq jinsi shimlarda, tor va kalta yubkalarda yurishlari, quloqlarining faqat bittasida bittadan ko'p zirak taqishlari, yorqin yoki ko'zga tashlanuvchi pardoz qilishlari taqiqlanadi. O'g'il bolalarga esa soqol qo'yish va sochlarni uzun qilib o'stirish, zirak, uzuk taqish, uzun tirnoqlar bilan yurish taqiqlab qo'yilgan, jinsi shimlarni faqat qish mavsumida kiyishga ruxsat berilgan.


Комментарии (0) | Добавить: 29.08.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]