У нас есть только
оригинальные песни

Toshkent-Samarqand-Qarshi yo'nalishi bo'yicha Afrosiyob poezdi qatnovi yo'lga qo'yildi

calendar 22.08.2015
3264

2015 yilda O'zbekiston Mustaqilligining 24 yilligi temir yo'l sohasida yana bir tarixiy voqea bilan esda qoladigan bo'ldi.

To'rt yil avval Mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan O'zbekistonda Markaziy Osiyoda hozirgi kunda yagona bo'lgan Toshkent-Samarqand-Toshkent yo'nalishi bo'yicha "Afrosiyob” tezyurar poezdi ishga tushirilgan edi.

Shu kunlarda temir yo'lchilar "Maroqand-Qarshi” temir yo'lida qurilish va elektrifikatsiya ishlarini o'z nihoyasiga etkazishdi. Bu holat bugun, 2015 yilning 22 avgustida "Afrosiyob” (Talgo) tezyurar poezdining endilikda yangi yo'nalish – Toshkent-Samarqand-Qarshi yo'nalishi bo'yicha qatnovini amalga oshirish imkonini berdi.

Temir yo'lning "Maroqand-Qarshi” hududini elektrifikatsiyalash uchun 324,76 mln dollar, jumladan "O'zbekiston temir yo'llari” AJning shaxsiy mablag'laridan 110,92 mln dollar, Osiyo rivojlanish banki mablag'laridan 100 mln dollar va davlat byudjetidan mablag'lar ajratildi.

Shundan keyin 2012 yilda temir yo'lchilar "Maroqand-Qarshi” va "Qarshi-Termiz” hududlarini elektrifikatsiyalash ishlarini boshlab yuborishdi. Deyarli 3,5 yil avval boshlangan loyiha bugunga kelib nihoyasiga etdi va yangi temir yo'l mustaqillikning 24 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilmoqda. Bu yo'nalishlar bo'yicha tezyurar poezdning ishga tushirilishi o'zbek xalqi uchun bayramga munosib to'yona bo'ldi.

Bugungi kunda "Toshkent-Qarshi” yo'nalishi bo'yicha yo'lovchi poezdlar 511 kmlik masofani 6 soatda bosib o'tadi. Endi 160 km/soat tezlik bilan harakatlanuvchi "Afrosiyob” poezdlarida bu yo'l 3 soatgacha, Xitoydan keltirilgan yo'lovchi va yuklarni tashishga mo'ljallangan zamonaviy elektr poezdlarda esa 4 soatgacha qisqaradi.

"Afrosiyob” poezdining to'liq ta'mirdan chiqarilgan "Qarshi” vokzaliga etib kelishi munosabati bilan tantanali tadbir rejalashtirilgan. Bu tadbirga "O'zbekiston temir yo'llari” AJ boshqarma va korxonalari rahbarlari, mehnat faxriylari, xorijiy mehmonlar, Toshkent temir yo'l muhandislari instituti o'qituvchilari va talabalari, O'zbekiston televideniesi xodimlari, jurnalistlar, sportchilar, estrada yulduzlari, taniqli yozuvchi va rassomlar taklif qilingan.

Ayni vaqtda bu yo'nalishdagi ilk Talgo poezdi Toshkentdan Qarshiga qarab harakatlanmoqda. Qarshida esa bu poezdni bayramona kayfiyat bilan kutishmoqda.

Eslatib o'tamiz, may oyida "O'zbekiston temir yo'llari” ikkita yangi Talgo poezdlarini sotib olishi va yangi sotib olinadigan poezdlar Samarqand yo'nalishida harakatlanayotganlariga nisbatan ikki vagon uzun bo'lishi haqida xabar berilgan. 

Hozirgi vaqtda ikkita Talgo – Afrosiyob poezdlari "Toshkent – Samarqand – Toshkent” yo'nalishida harakat qilmoqda.

Яндекс.Метрика