Toshkent shahridagi City Makon savdo-ko'ngilochar markazi auktsion savdolarga qo'yiladi. 92 ming kvadrat metr maydonni egallagan majmuaning qiymati 14,75 milliard so'mga baholandi, deya xabar bermoqda Uztag "Birja” gazetasi ma'lumotiga tayangan holda.
Nashr ma'lumotiga ko'ra, savdolarda ishtirok etish uchun investor ob'ekt boshlang'ich bahosining eng kamida 10 foizini oldindan to'lashi lozim. Tadbirkorlarga auktsionda ishtirok etish uchun taklifnoma Chilonzor tuman sud ijrochilari bo'limi tomonidan taqdim etildi.
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi mazkur ob'ekt ularning ro'yxatida turmaganini aytib, bo'lg'usi savdolar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
City Makon savdo-ko'ngilochar markazi 2012 yil 1 sentyabrdan faoliyatini boshlagan. Kompleks bolalar uchun ta'lim-tarbiya markazi, savdo majmuasi, sport maydonlari va ovqatlanish shoxobchalaridan iborat. Shuningdek, unda 3D kinoteatrlar va yozgi tomosha maydonchasi ham mavjud. Markaz 2013 yil noyabr oyida noma'lum sababga ko'ra yopib qo'yilgan edi.