Toshkentdagi yana bir oliygoh xodimi pora bilan ushlandi

2017 yilning 12 iyul kuni taxminan soat 19:30larda Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Yakkasaroy tumanida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent temir yo'l transporti muhandislari instituti Axborot resurslari markazi yetakchi mutaxassisi Furqat Xasanov fuqaro Abdumalik Esonovning (jabrlanuvchining anketa ma`lumotlari o'zgartirilgan) ishonchiga kirib, unga oliygohning mansabdor shaxslariga pora berish yo'li bilan mazkur institutga o'qishga kiritib qo'yishni va`da qilib, buning uchun undan 8.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo'lga olingan. Bu haqda Toshkent IIBB xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan O'zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarlik, ya`ni ancha miqdorda, o'zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo'li bilan qo'lga kiritish) va 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berishga dalolatchilik qilish) alomatlari bilan jinoyat ish qo'zg'atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Oliygohga o'qishga kirish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Shuningdek, buning uchun pora bergan shaxslar ham O'zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilishlari belgilangan. 

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko'rganlar bo'lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.


Комментарии (0) | Добавить: 15.07.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]