У нас есть только
оригинальные песни

“Toshkentdan keladigan kattakon” yoki qachongacha komissiya uchun ishlaymiz?

calendar 05.02.2018
1837

Turmush o‘rtog‘im o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Keyingi paytda bot-bot bezovtalanishi, asabiylashishini kuzataman. Buni kechki payt telefoni qo‘lidan tushmasligidan payqash qiyin emas. Muloqot mavzusi deyarli bir xil:

— Ertaga juda yomon komissiya kelyapti, turib bermasang bo‘lmaydi. Darsdan yarim soat oldin kelib, ro‘yxatdan o‘tib, “kak shtik” o‘tirasan. Forma esdan chiqmasin, kelmay yana “podvodit” qilmagin, xo‘pmi?

Shu tariqa guruhdagi barcha o‘quvchilar yoki ularning ota-onalariga birma-bir qo‘ng‘iroq qilib chiqadi. Biroq ba’zan xumpar o‘quvchilar pand berib qo‘yadi va ayolim ko‘zda yosh bilan uyga qaytib keladi. Demak, yo tanbeh eshitgan yoki mukofotdan mahrum bo‘lgan. 

“Komissiya” deganlari ayniqsa, tibbiyot va ta’lim sohalarini xush ko‘radi. Tasodifmi-yo‘qmi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi yaqinda o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra sog‘liqni saqlash O‘zbekistondagi eng korrupsiyalashgan soha deb topildi. Keyingi o‘rinni esa, sezganingizdek, ta’lim egalladi. 

To‘g‘ri-da, komissiyaning kelib-ketishi osonmi? “Mehmon atoyi xudo” degan gap bor. Uni ko‘ngildagidek kutib olish, olib yurish, yotog‘ini ta’minlash, yaxshi joyda ovqatlantirish, sovg‘a-salom bilan kuzatish kerak. Xudo ko‘rsatmasin, nimadandir ko‘ngli to‘lmay, ranjib qolsa, ish pachava bo‘ldi deyavering. 

Hammadan chekka joylardagi tibbiyot va ta’lim muassasalariga qiyin: ularni kunora tuman yoki viloyatdan kelgan komissiya yo‘qlab turadi. Ora-sira Toshkentdan keladigan kattakonlarni ham kutib olishga to‘g‘ri keladi.

Agar bu tinimsiz komissiyalardan nimadir naf bo‘lganda, bizdagi tibbiyot va ta’lim allaqachon yuksak cho‘qqilarni zabt etgan, o‘quvchi va talabalarimiz nufuzli xorij mukofotlariga da’vogarlik qilayotgan bo‘lardi. Afsuski, hozircha buni kuzatayotganimiz yo‘q. Komissiyalardan zada bo‘lgan shifokor va o‘qituvchilar davlat muassasalarini tashlab, xususiy sektorga o‘tib ketyapti. Bu ketishda yaqinda komissiyalar tekshiradigan muassasaning o‘zi qolmasa go‘rga edi. 

Komissiyalarning kelishi ko‘pincha muhit buzilishi, mish-mishlar bolalashiga sabab bo‘ladi: bir hudud yoki tashkilotga komissiya serqatnov bo‘lib qoldimi, tamom, hamma hokim yoki rahbar lavozimidan ketishiga qancha qolganini sanab o‘tiradi. 

Tinimsiz komissiyalar tufayli mutasaddilarni tashabbus va fikrdan xoli, mute kishilarga aylantirdik. Bog‘chalardan biriga borganda muassasa ichki devorining bir qismi tushib ketganiga ko‘zim tushdi. Mudirani “Opa, shuni bir nima bilan to‘sib qo‘ysa bo‘lmaydimi, xavfsizlikka to‘g‘ri kelmaydi, mast-alast kishilar kirib kelishi mumkin”, — deya ogohlantirgan bo‘ldim. U ko‘zini pirpiratib, “Ukajon, buni shuncha kelgan komissiya aytmagandi-da”, — dedi. 

Ruslarda “svejiy vzglyad”, ya’ni “chetdan nigoh” deganga o‘xshash gap bor. Shu ma’noda balki komissiyalar ham kerakdir. Ammo, odamni qoniga tashna qiladigan darajada emas-da. Chetdan qarashning ham me’yori bor axir.

U yog‘idan kelsangiz, qilayotgan ishimiz, o‘tkazayotgan tadbirlarimizning ko‘pi “xo‘jako‘rsin”ga. Agar unga hokimlik, sog‘liqni saqlash yoki xalq ta’limi bo‘limidan kimdir kelmasa, bu haqida gazeta, televideniya yoki saytda ikki enlik xabar yo lavha chiqmasa, o‘tmadi deb hisoblashga tayyormiz.

Bu holatni yo‘llarimizda ham kuzatish mumkin. Xavfsizlik kamarini YHXB xodimini ko‘rganda taqamiz, xuddi jonimiz omonligi unga kerakdek. Radar borligini bilib qolsak, ruxsat etilgan tezlik 50 kilometr bo‘lsa ham,30 da yuramiz, o‘tib olgach, yana boriga bosamiz. 

Ko‘zbo‘yamachilik qon-qonimizga singib ketgan. Paxta yig‘im-terimiga o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini olib chiqmaslik haqida ko‘rsatma berilganidan so‘ng ularni yoppasiga qaytarib keldik. Oradan biroz vaqt o‘tib, hovur bosilganidan so‘ng bechoralarni mahallasidan “qalb amri bilan” yana kelgan joyiga jo‘natib yubordik. Endi temir-tersak bilan ham shu ahvol: ta’lim va tibbiyot muassasalariga ularni yig‘ish bo‘yicha topshiriq berish man etildi. Biroq aldam-qaldam yo‘llar bilan yana shifokor va o‘qituvchini metallolom to‘plashga majburlash davom etmoqda. 

Яндекс.Метрика