AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Tramp 21 oktabrda AQShning Pensilvaniya shtatida so'zlagan nutqida agar prezident etib saylansa, "ommaviy axborot vositalari hokimiyatini" cheklashga va`da berdi. Milliarderning fikricha, ba`zi OAV uning raqibi Xillari Klintonni qo'llab-quvvatlab, Trampning prezidentlik kampaniyasiga to'sqinlik qilmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
"Ular menga berilgan ovozlar, amerika xalqi ovozini bostirishga zo'r berib urinmoqdalar", deb aytdi Tramp.
Tramp AT&T telekommunikatsion kompaniyasiga Time Warner. kompaniyasini sotib olishga xalaqit berish niyatidaligini bildirgan. Uning fikricha, bunday bitimlar demokratiyani barbod qiladi, chunki juda katta hokimiyat "juda ozchilik qo'lida mujassamlashadi".
Milliarder shuningdek oddiy amerikaliklarni ogoh bo'lishga chaqirdi. "Agar OAV qarshilik ko'rsatishga cheklanmagan imkonlarga ega bo'lgan men kabi odamga qarshi kurasha olsa, tasavvur qiling, ular siz bilan, sizning ish joyingiz, xavfsizligingiz, ta`limingiz bilan nimalar qila olishadi?", deb aytdi Tramp.