У нас есть только
оригинальные песни

Transferlar qanday amalga oshiriladi?

calendar 31.08.2017
1974

Bugun Yevropada navbatdagi transfer darichasi yopiladi. Ushbu mavzudagi yangiliklarni ta`qib qilishda paydo bo'ladigan savollarni inobatga olib, transferlarning amalga oshish mexanizmlari haqida ma`lumot berib o'tamiz.

Transferlar muzokaralari qanday ishlaydi?

Har qanday transfer muzokarasi bir paytning o'zida uchta muhim yo'nalishda olib boriladi.

1) Sotuvchi va sotib oluvchi klublar o'rtasida transfer narxini kelishish.

2) Sotib oluvchi klub va futbolchining agenti o'rtasida futbolchining shaxsiy shartnomasi bo'yicha.

3) Sotib oluvchi klub va futbolchining agenti o'rtasida, agentga to'lanadigan to'lovning hajmi bo'yicha.

Sotayotgan klub avvalo, xaridor klub va futbolchi o'rtasida muzokaralarni boshlash uchun ruxsat berishi kerak bo'ladi, ammo amaliyotda turli "o'rtakashlar" ham mavjud bo'lib, ular rasmiy so'rovdan oldin futbolchining fikri bilan qiziqadilar va xaridor klubga yetkazadilar. Bunday holatlarda ko'pincha, noqonuniy ravishda futbolchi bilan aloqaga chiqish deb tushuniladi va ish ayblovlargacha borishi mumkin. Masalan, yaqinda, "Sauthempton" "Liverpul"ni Virjiyl van Deyk bilan mana shunday muzokaralarda aybladi va marsisaydliklar rasman uzr so'rashdi.

Transfer bo'yicha muzokaralar asosan WhatsApp tarmog'i orqali amalga oshiriladi.

Agentlar va klub rahbarlari asosan mana shu tarmoqdan foydalanishni afzal biladilar. Haqiqatan ham, bu elektron pochtasidan ko'ra osonroq, hammaning telefoni doim o'zi bilan, guruh chatlarini amalga oshirishga qulay, jo'natilgan xabarning ochib o'qilgani haqida o'z vaqtida bilish mumkin, dunyoning istalgan nuqtasidan yozish va gaplashish imkoni mavjud.

Bundan tashqari, klub xodimi yoki rahbari boshqa mamlakatga ketishi, boshqa klubda ish boshlashi, elektron adres yoki telefon nomerlarini o'zgartirishi mumkin, ammo WhatsApp manzili o'zgarmay qoladi. Bu esa, aloqani qayta o'rnatish, kerakli odamning kontakt ma`lumotlarini izlab topishni osonlashtiradi. Xullas, futbol olamida bu ijtimoiy tarmoq juda keng qo'llaniladi.

Ba`zi kelishuvlar nega transfer oynasi ochilmasidan oldin ham e`lon qilinadi?

Masalan, "Manchester Siti" Bernardo Silvaning transferini 26 may kuni e`lon qildi. Klub aslida 1 iyulgacha yangi transferni ro'yxatga olishi mumkin emas, ammo bu klubga futbolchi bilan kelishish, shartnoma imzolashga halaqit bermaydi. Aksariyat klublarda moliyaviy yil 1 iyuldan kelasi yilning 30 iyunigacha davom etadi, ya`ni kelasi transfer oynasi ochilguncha - bu transferlarning hisob-kitobi, yilning moliyaviy baholanishi uchun qulay.  

Ammo klublar ba`zida. ba`zi transferlarni eski yilga hisob-kitob qila oladilar. Misol uchun "Barselona" Fabregasni "Chelsi"ga 2014 yilning iyunida sotdi va o'sha transferdan qilingan daromadni aynan tugayotgan yilning daromadlariga qo'shdi. Lekin baribir, "Chelsi" Fabregasni 1 iyulgacha ro'yxatga ololmasdi.

Shu bilan birga marketing nuqtai nazari ham bor. Ryudigerning transferi kechroq e`lon qilinganini oling. "Chelsi"ning "Adidas" bilan shartnomasi 30 iyunga qadar bo'lib, 1 iyuldan "Nayk" bilan shartnoma boshlandi. "Chelsi" "Nayk" bilan 15 yillik 900 millionga shartnoma tuzgan. O'z o'zidan londonliklar iyuldan oldin Ryudiger transferini yangi homiyga raqobatchi bo'lgan eski homiy - "Adidas" formasida e`lon qilishdan foyda yo'q edi. Axir yangi futbolchini yangi homiy tikkan forma bilan tanishtirish mantiqan to'g'ri keladi.

Bunday holatlarda klublar yangi homiy bilan shartnoma muddati boshlanishini kutadilar. Shuning uchun ham, ba`zi go'yoki aniq amalga oshirilgan transferlarning ham rasmiy e`lon qilinishi cho'zilib ketadi.

Nega futbolchilar barteri kam amalga oshiriladi?

Bir qaraganda, bunday kelishuvlar juda foydali va oson ko'rinadi. Ammo ba`zi istisnolarni (Gallas/Koul, Matich/Luiz) e`tiborga olmasa, bunday kelishuvlar deyarli amalga oshirilmaydi. Yuqorida tilga olganimizdek, bir futbolchining boshqa klubga o'tishi uch tomonlama kelishuv bilan amalga oshiriladi. Endi, narigi tomonda ham futbolchi bo'lsa, ikki barobar tasavvur qilavering.  Buning ustiga har ikki futbolchi ham narigi klubda o'ynashga rozi bo'lishi kerak.

Esingizda bo'lsa, ikki yil oldin "Real" va "MYu" o'rtasida mana shunday kelishuv amalga oshishiga yaqin turgandi. Aslida so'nggi daqiqalarda bir qancha transferlar amalga oshishini ko'ramiz, o'shanda vaziyatni cho'zib yuborgan jihat ham, ishlamay qolgan faksdan tashqari, mana shunday olti tomonlama kelishuvlar bo'lgandi. So'nggi daqiqalarda Navasning "MYu" bilan shartnoma shartlarida muammolar paydo bo'lgani haqida ham xabarlar chiqqandi.

Financial Fair Play transferlar oyog'iga boltami?

Qisman olganda, ha. Bu qoida futbol klubining transfer bozoridagi xarajatlari aynan futbol faoliyatidan oladigan daromaddan oshib ketmasligini talab qiladi. Bu turli boy investorlarning katta pullarni bozorga olib kirishlarini cheklaydi.

Ammo ushbu qoidaning ishlash prinsipi ko'pchilik boshqacha tushunadi. Misol uchun, bir klubning ma`lum bir transfer bozoridagi sarflarini hisoblab, mazkur qoidaga mos kelmayotgani haqida gapira boshlaydilar. Aslini olganda esa, qoida biroz farqli ishlaydi.

Birinchidan, hisob-kitoblar faqat bir yoki transfer darichasi uchun amalga oshirilmadi, balki bir necha moliyaviy yil inobatga olinadi.

Esingizda bo'lsa, “Inter” iyun oyida qandaydir futbolchisini sotishga majbur ekani haqida ko'p yozildi va “MYu” Ivan Perishichni sotib olishga harakat qildi. Sababi, aynan iyun oyida oxirida nihoyasiga yetadigan moliyaviy yilda “Inter” daromadlari oldingi yillarda qilingan transferlarni qoplashga ozgina yetmayotgandi. Keyinchalik, qo'shimcha homiylik shartnomalari orqali “Inter” bu masalani yechdi va milanliklar Perishichni sotishga muhtoj bo'lmay qoldilar.

Ikkinchidan, xarajatlar yillar bo'yicha hisoblanishi ham biz o'ylagandek emas. Klubdagi buxgalteriya hujjatlarida amalga oshirilgan bir transfer xarajati butunligicha o'sha davr xarajatlariga olib borilmaydi. Misol uchun yangi futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolansa, u uchun to'langan transfer summasi beshga bo'linib, kelayotgan besh yilga sochib yuboriladi. O'sha futbolchining maoshi esa, yillik xarajatlarga qo'shilib boriladi. Ya`ni e`tibor qaratish mumkinki, klublarda asosiy og'irlikni transferlar emas, maoshlar vedomosti tashkil qiladi.

Aytaylik, Neymarni 222 millionga sotib olgan PSJ futbolchi bilan besh yillik shartnoma tuzdi. Neymarning bir yillik maoshi 20 million yevro bo'lsa, PSJ keyingi besh yilda o'z hisobotlarida Neymar uchun har yili 222/5+20=64,4 million xarajat qilingani aks ettirib boriladi. Ya`ni Neymarning narxi PSJ xarajatlarida to'liq aks etsa, qoidaga muvofiq bo'lish uchun ana shuncha pulga o'yinchilarni sotish kerak deb tushunmaslik kerak. Parij klubi birgina transfer bilan ham yillik farqni yo'qqa chiqara oladi.

Tovon pullari nima?

Ba`zida, chigallik yuzaga keladi, masalan bir klub futbolchi uchun belgilangan tovon pulini to'lashga rozi bo'ladi, ammo baribir transfer amalga oshmaydi.

Gap shundaki, aslida ikki xil tovon puli mavjud: haqiqiy va "adolatli".

Haqiqiy tovon pullari - agar xaridor klub belgilab qo'yilgan tovon pulini to'lab bersa, klub futbolchini sotishga majbur bo'lib qoladi. Shuning uchun, klublar avvaldan shartnoma shartlarini og'ir qiladilar va haqiqiy tovon pullarini juda yuqori belgilab qo'yadilar. Ayniqsa, APL klublari bu borada pishiq ishlashadi: futbolchi uchun belgilangan tovon pullari tizimi APLning boshqa klublariga o'tmaydigan qilib qo'yishadi. Portugaliya klublari odatda, futbolchini sotib olmoqchi bo'lgan boshqa portugal klublari uchun tovon pullarini 3-4 barobar qimmat qilib belgilab qo'yadilar.

"Adolatli" tovon pullarining uncha ta`siri yo'q, bu shunchaki, o'sha belgilangan summani taklif etgan xaridor klub bilan muzokaralar stoliga o'tirishni talab qiladi xolos. Klub o'sha pulga rozi bo'lmasligi, narxni har qancha ko'tarishi ham mumkin.      

Independent materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi.

Яндекс.Метрика