У нас есть только
оригинальные песни

Turkiya Suriyada urush boshladi. Qachon tugashi noma`lum

calendar 21.01.2018
1305

20 yanvar kuni Turkiya Qurolli kuchlari samolyotlari Suriya shimolidagi Afrin mintaqasiga aviazarbalar berdi. Turk aviatsiyasi hududdagi kurdlarning yuzdan ortiq pozitsiyalariga hujum uyushtirgan. Turkiyaning bu qarori AQSh Suriya shimolida IShIDga qarshi kampaniya nomi ostida kurdlar armiyasini tuzish harakatlariga javoban amalga oshirildi. Turkiya o'zining janubiy chegaralari xavfsizligini ta`minlash maqsadida Suriya shimolida bufer zona tashkil qilish borasidagi harakatlarini davom ettirmoqda.

«Zaytun novdasi» amaliyoti

Bir hafta muqaddam OAVda AQSh Suriya shimolida xavfsizlikni ta`minlash maqsadida 30 ming kishilik armiya tuzishi, bu armiya asosan kurdlardan tashkil topishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar ortidan Turkiyaning turli hududlaridagi harbiy texniklara Suriya bilan chegaraga hududiga ko'chirila boshlandi. Bir necha marta Suriya shimoliga artilleriyadan o't ochildi.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson esa amerikaliklar Suriya shimolida armiya tuzmoqchi ekani haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Bu to'qib chiqarilgan gaplar. Ayrimlar o'zicha bayonot bergan. Biz chegarada hech qanday xavfsizlik kuchlarini tuzishni rejalashtirmagandik», — deyilgandi AQSh Davlat departamenti bayonotida.

Shuningdek, Davlat departamenti matbuot kotibi Xizer Noyyert Anqarani Suriya va Turkiya chegarasida yashovchi kurdlarga hujum qilmaslikka chaqirdi. Ammo Turkiya «Frot qalqoni» tipidagi amaliyotni boshlab bo'lgandi («Frot qalqoni» 2016 yil yozidan 2017 yil martiga qadar olib borilgan. O'shanda IShIDga qarshi harbiy amaliyot nomi bilan Suriya shimoliga kirgan turklar kurdlarning harbiy bo'linmalariga qarshi ham urush olib borgandi).

20 yanvar kuni avvaliga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an Suriya shimolida harbiy amaliyot boshlanib bo'lganini ma`lum qildi. Ko'p o'tmasdan Turkiya bosh shtabi Afrinda «Zaytun novdasi» nomli harbiy amaliyot boshlanganini e`lon qildi. Turkiya harbiylari bayonotida bu amaliyot «Suriya yaxlitligini hurmat qilgan holda» olib borilishi ma`lum qilingan.

Rossiya reaksiyasi

Bashar Asad rejimi ittifoqchisi hisoblanadigan Rossiya Afrindagi ziddiyatga aralashmaslikni ma`qul ko'rdi.

Turkiya hujum boshlashi arafasida Rossiya Mudofaa vazirligi Arbindagi harbiylarini Tall-Adjar hududiga ko'chirdi.

Rossiyalik harbiylar bayonotida Turkiyaning amaliyotiga AQShning Suriya shimolida kurd harbiy bo'linmalarini shakllantirish uchun nazoratsiz qurol yetkazib berayotgani sabab bo'lgani aytildi.

«Pentagon Suriya shimolidagi amerikaparast kuchlarga zamonaviy qurollarni yetkazib berishdagi bemisl harakatlar — jumladan, raketaga qarshi mudofaa tizimini yetkazib berish — mintaqadagi vaziyatni taranglashtirib, turkiyalik harbiylarning maxsus amaliyot boshlashiga sabab bo'ldi. Amerikaliklarning bunday mas`uliyatsiz harakatlari Suriyada tinchlikka erishish bo'yicha harakatlarga putur yetkazdi», — deyilgan bayonotda.

Damashq reaksiyasi

Afrinda harbiy harakatlar boshlanishi rasmiy Damashq tomonidan Suriya suverenitetiga qarshi agressiya sifatida baholandi. Bu haqda Suriya TIV rahbari Feysal Mikdad bayonotida aytildi.

«Biz Turkiya rahbariyatini ogohlantiramiz: ularning Afrindagi harbiy harakatlari, turk armiyasining Suriya hududi yaxlitligiga hujum sifatida qabul qilinadi», — dedi diplomat.

Undan avvalroq Suriya hukumati Turkiyaning har qanday harbiy kampaniyasiga qarshi chora ko'rilishi, Suriya osmoniga kirgan turk samolyotlari urib tushirilishidan ogohlantirgandi.

Turkiyaning maqsadi nima?

Turkiya Suriya shimolidagi kurdlar tashkilotlari bo'lmish «Demokratik ittifoq» (PYD) partiyasi va «Xalq o'zini o'zi mudofaa qilish kuchlari» (YPG)ni 1984 yildan buyon alohida kurdlar davlati tuzish maqsadida harakat qilib keladigan Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan aloqador hisoblaydi. Ammo Suriya kurdlari buni inkor etadi. 

Mintaqadagi vaziyat Turkiyaning NATO bo'yicha ittifoqchisi sanaladigan AQSh bilan ziddiyatiga olib keladi. Amerika kurdlarni anchadan buyon qo'llab-quvvatlab kelmoqda.

Turkiya 2012 yildan Suriya bilan chegaradagi kurdlarni ichkariroqqa ketkazish uchun faol harakatlarni boshlagan. Keyingi ikki yilda bu harakatlar yanada faollashdi. 2016 yilda IShIDga qarshi kampaniya («Frot qalqoni») doirasida Turkiya qo'shinlari kurdlar nazoratida bo'lgan Jaralbus va Al-Bob shaharlarini egallab oldi va o'z ittifoqchisi bo'lmish «Suriya ozodlik armiyasi» vakillariga topshirdi.

Kurdlarni turklardan himoya qilib keladigan AQSh o'shanda kurdlarni Afrindan ketkazishga ko'ndirishni va`da qilib, bu hududga turklar hujumi davom etishini to'xtatgandi. Shuningdek, asosiy aholisi arablardan iborat Manbij shahriga hujumning oldi olingandi. AQSh kurdlarni Frot daryosining sharqiga ketishga ko'ndirgandi. Ammo Turkiyaning iddao qilishicha, bugungi kunga qadar kurdlar Frotning g'arbiy sohilida ham o'z pozitsiyalarini saqlab qolishgan.

Turkiya tomoni ma`lumotiga ko'ra, Afrinda 10 mingga yaqin kurd jangchilari mavjud.

Shu tariqa, Pentagonni o'z va`dalarini bajarmaslikda ayblagan Turkiya Suriyaga kirdi.

Turkiya prezidenti G'arbni terrorchilar homiysi deb atadi va ikki xil bayonot berishda aybladi. 

«Avvaliga Suriya shimolida qandaydir armiya tashkil etishlarini aytishdi. Keyin o'z gaplaridan tonishdi», — dedi u.

Turkiya rahbari Afrindan keyin turkiyalik harbiylar Manbijga yurish qilishini ma`lum qildi. U Vashington kurd jangchilarini hududdan olib ketish bo'yicha va`dani bajarmagani uchun, Anqara endi barcha ishni o'z qo'liga olishini e`lon qildi.

«Va`da bo'lgandi. Ammo Manbij bo'yicha berilgan va`dalar bajarilmadi, shu tufayli Anqaraning keyingi qadamlarini qoralashga hech kimning haqqi yo'q», — dedi Erdo'g'an.

Bufer zona

Yuqorida aytilganidek, Turkiya Suriya shimolini tozalashni anchadan buyon maqsad qilib keladi. Kurdlar anklavi Turkiya xavfsizligi uchun haqiqiy tahdiddir, agar kurdlar davlati tuzilsa, Turkiyaning sharqidagi kurdlar ham bu davlatga qo'shilib ketishi tahdidi paydo bo'ladi.

Turkiya o'z harakatlari bilan Suriya shimolida bufer zona tashkil qilishga intilmoqda. Turklar bu hududga fuqarolar urushi vaqtida o'z hududida kelib o'rnashgan suriyalik qochqinlarni joylashtirishi mumkin.

Turkiya uchun Afrinni qo'lga olish stratgik jihatdan ham muhim hisoblanadi. Suriyadagi ta`sir doirasi bo'yicha Turkiya boshqa ishtirokchilardan ortda qolgan. Eron va Rossiya to'g'ridan-to'g'ri Bashar Asadni o'z ta`siriga olgan, AQSh Suriya shimolini. Afrin Turkiya uchun Idlibni birlashtirishdagi muhim nuqta hisoblanadi. Idlib birlashtirilsa Turkiya o'zining janubiy chegaralari xavfsizligidan butkul xotirjam bo'lishi mumkin.

Turkiya Afrindagi amaliyot qachon yakunlanishini aniq ma`lum qilmagan. Turkiya bosh vaziri o'rinbosari Bekir Bo'zdog' harbiy harakatlar maqsadga erishilganidan keyin to'xtashini aytgan.

Яндекс.Метрика