У нас есть только
оригинальные песни

Turkiyadan 150 mln so'mlik kiyim-kechaklarni noqonuniy olib kirish oldi olindi

calendar 14.01.2018
1034

Toshkent shahar bosh boshqarmasi «Boshpochtampt» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Turkiyadan yuborilgan pochta jo'natmalaridagi ma`lumotlarni tahlil qilish davomida ularni shubhalantirgan jihatni fosh qilishdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, jami og'irligi 1120 kilogrammdan ortiq bo'lgan ushbu jo'natmalar 55 kishi nomiga yuborilgan bo'lsada, jo'natmalardagi manzil va bog'lanish uchun telefon raqamlar aynan bir xil bo'lib chiqqan.

Jo'natmalarni qabul qiluvchi aslida bitta shaxs bo'lib, bojxona xodimlarini chalg'itish maqsadida turli ism-shariflardan foydalanilgani ma`lum bo'lgan.

Shu tariqa, qonunbuzarlar pochta jo'natmalari orqali qiymati 150 mln so'mlik 3 ming donaga yaqin turli xildagi kiyim-kechaklarni olib kirishga urinishgan.

Yana bir holatda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Chuqursoy texnik idora» chegara bojxona posti xodimlari Respublika transport prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro M.Ismatov (maqoladagi barcha ism-shariflar o'zgartirilgan) nomiga Xitoydan kelgan konteynerlarni bojxona ko'rigidan o'tkazish chog'ida, yuk kuzatuv hujjatlarida ko'rsatilgan umumiy qiymati 6690 AQSh dollariga teng «Ishlab chiqarish dastgohlari» bilan birga hujjatlarda ko'rsatilmagan 3500 dona kosmetika va parfyumeriya tovarlari, 1650 dona cho'g'lanma elektrlampalar, 108 tonna shirinliklar hamda xo'jalik tovarlari borligi ma`lum bo'ldi. Dastlabki ma`lumotlarga ko'ra, ushbu aniqlangan tovarlarning narxi salkam 920 mln so'mni tashkil etadi. Konteynerni bojxona ko'rigidan o'tkazish vaqtida aniqlangan elektr cho'g'lanma lampochkalarining quvvati 500 Vt. bo'lib, Vazirlar Mahkamasining «Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida» 2015 yil 20 oktabrdagi 299-son qarori talablariga binoan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab bu turdagi mahsulotlarni realizatsiya qilish taqiqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Яндекс.Метрика