O'tgan seshanba kuni kechqurun Jon Kennedi nomli xalqaro aeroportda politsiya va shoshilinch yordam ko'rsatish xodimlari 1623-reysni o'rab olishdi. JetBlue Airbus A321 samolyoti bortiga maxsus kuchlar ko'tarildi. Bularning bariga dispetcherlar samolyotni qo'lga olingan deb hisoblashgani uchun ro'y bergan, biroq ma`lumot xato bo'lib chiqqan.
Samolyot bortida yovuz kuchlar bo'lmagan. To'rt soatdan keyin samolyot parvoz uchun shay bo'lib, yo'lovchilarni Los-Anjyelesga yetkazish uchun yo'l olgan. Dispetcherlarga samolyotning qo'lga olinganini bildiruvchi kodni yo'llagan uchuvchilar reysning kechiktirilishi sababchilari bo'lib chiqishdi. Ma`lum bo'lishicha, bunday xatoga yo'l qo'yish oson ekan.
Uchuvchilarga bortdan dispetcherlik punktiga ma`lumot uzatish imkonini beruvchi bir necha kod mavjud. Muloqotning bunday usuli til bilan bog'liq to'siqlarni yengish imkonini beradi. Bundan tashqari, u favqulodda vaziyatlarda, ya`ni uchuvchi ovoz orqali ma`lumotni yetkazish imkoniga ega bo'lmaganida ayni muddaodir. Faqat kodni terish usuli takomillashtirilmagan.
Samolyot modeliga qarab kodlar yo maxsus klaviatura, yoki boshqaruv panelidagi burilish tugmasi yordamida teriladi. Quyida ketma-ket kelgan uch muhim kod bilan bo'lishamiz:
7500 – samolyot qo'lga olinganda yoki olib qochilganda qo'llanuvchi kod;
7600 – radioqurilmalar ishlamay qolganda qo'llanuvchi kod;
7700 – favqulodda vaziyatga ishora qiluvchi umumiy kod.
JetBlue uchuvchilari radioaloqa bilan bog'liq muammolar haqida xabar qilmoqchi bo'lishgan, biroq birgina raqamda adashishgan, natijada ularning samolyoti o'rab olingan. Federal Aviatsiya Ma`muriyati bu ma`lumotni tasdiqlagan.