У нас есть только
оригинальные песни

Uyi yoki mashinasini dollarda sotganlarga qanday jazo bor?

calendar 10.10.2017
1773

Ikkilamchi bozorda uy-joy va avtomashina oldi-sotdisi uchun hisob-kitoblarni xorijiy valyuta, asosan AQSh dollarida amalga oshirish deyarli barcha uchun odatiy holga aylanib qolgan. Bunga o'tgan davr mobaynida shakllanib ulgurgan ko'plab ijtimoiy-iqtisodiy omillarni sabab qilib ko'rsatish mumkin. Masalan, so'm valyutasining beqaror inflyatsiyasi, erkin konvertatsiya amaliyotining mavjud emasligi evaziga paydo bo'lgan narx-navodagi tafovutlar, uy-joy va mashina xarid qilishda yuzaga kelgan qog'ozbozlik, sun`iy to'siqlar shular jumlasidan.

So'nggi paytda bu munosabatlarni bir muncha o'zgartirish imkoniyatini beruvchi yangiliklar yuz berdi, xususan, erkin konvertatsiya amaliyotining joriy etilishi, yangi so'm banknotining tanishtirilishi, shu paytgacha savdo munosabatlarida de fakto xorijiy valyuta qiymatiga bog'lab qo'yilgan tovar va xizmatlarning milliy valyutada hisob-kitob qilinishini e`tirof etish mumkin. Xabarlarga ko'ra, bundan buyon huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shu kabi holatlarga qarshi jiddiy kurashiladi.

Aslida, O'zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to'g'risida”gi qonuniga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va to'lovlar milliy valyutada amalga oshirilishi shart. Shu jumladan, fuqarolar o'rtasidagi ko'char va ko'chmas mulk ob`yektlari ham. (Misol tariqasida ana shu mashina va uy-joyni olaylik) Bu - qonun!

Respublika hududida hisob-kitoblar va to'lovlarni chet el valyutasida amalga oshirishga ruxsat etiladigan ayrim holatlarni quyida sanab o'tamiz:

- belgilangan tartibda kreditlarni olish va qaytarishda;

- banklardagi omonatlarga pul qo'yishda va ularning foizini olishda;

- vakolatli banklar, ularning filiallari va ayirboshlash shoxobchalari orqali chet el valyutasini sotib olish va sotishda;

- xayriya maqsadlarida amalga oshiriladigan operatsiyalarda;

- meros huquqi bo'yicha valyuta boyliklarini olishda;

- bojsiz savdo do'konlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek xalqaro yo'nalishlarda tashishda transport vositalarining qatnov yo'llarida yo'lovchilarga tovarlar sotish va xizmatlar ko'rsatishdagi hisob-kitoblar bilan bog'liq operatsiyalarda;

- qimmatli qog'ozlarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sotib olish va sotishda;

- rezidentlar tomonidan rezidentlar hamda norezidentlardan plastik to'lov va kredit kartochkalari bo'yicha to'lovlarni qabul qilishda va shu kabi jami 15ta holatda.

Agar fuqaro yuqorida sanalganlardan tashqari holatlarda valyutani ancha miqdorgacha*, ya`ni 44 mln 932 ming so'm – 5 ming 574 AQSh dollarigacha (06.10.2017 yil holatiga EKIH 149775 so'm va 1 AQSh dollari 8060 so'm) bo'lgan miqdorda olish yoki o'tkazishga urinsa va bu holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlansa, Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 170-moddasiga muvofiq, ushbu shaxsning valyuta boyliklari musodara qilinadi va unga EKIHning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

06.10.2017 yil holatiga EKIH 149 ming 775 so'm va 1 AQSh dollari 8060 so'm

* Ancha miqdor- eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo'lgan miqdor.

** Ko'p miqdor - eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo'lgan miqdor.

*** Juda ko'p zarar - eng kam oylik ish haqining besh yuz baravari va undan ortiq bo'lgan miqdordagi zarar.

 

Javobgarlikdan qanday qutulib qolish mumkin?

Tayyorgarlik ko'rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o'z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.

Yoki javobgarlikdan qutulib qolishning eng yaxshi usuli oldi-berdini faqat milliy valyuta – SO'Mda amalga oshirishdir.

Tushunib turganingizday, oldi-berdi shartnomasini milliy valyutada amalga oshirish majburiyati belgilangan holatda, xorijiy valyuta bilan de-fakto hisob-kitob qilinsa, bunday xatti-harakat jiddiy zararga sabab bo'lishi mumkin.

Ochig'i bu masala uzoq yillardan beri nafaqat tadbirkorlarning, balki oddiy aholining savdo munosabatlaridagi og'riqli nuqtalaridan biri edi. Ta`kidlash joizki, bank-moliya ishlari biroz murakkab bo'lgan qo'shni Turkmanistonda, yaqin davrgacha Qozog'istonda ham ushbu muammo bo'lgan.

Endilikda vaziyat o'zgardi, ongli ravishda o'ylab ko'rsak, mahalliy banklar tomonidan rasmiy valyuta kursi bo'yicha xorijiy valyuta oldi-sotdisi kafolatlanmoqda. Valyuta bozorini dastaklab turgan “qora bozor” ham sekin-asta barham topmoqda. O'z o'rnida fuqarolar narxning keskin o'zgarib ketmasligiga guvoh bo'lmoqda. Huquqiy va iqtsodiy ongimizni oshirgan holda, fikr qilishimiz lozim: O'zbekiston hududida so'm valyutasida savdo munosabatlarni bardavom qo'llab-quvvatlamaslik, boshlangan iqtisodiy islohotlarning tomiriga bolta urishi tabiiy.

Яндекс.Метрика