У нас есть только
оригинальные песни

Uyingizni ijaraga bermoqchimisiz: uy egasiga maslahatlar

calendar 18.01.2016
2232

Ixtiyoringizda ehtiyojingizdan ortiqcha uy bo'lib, uni kimgadir ijaraga bermoqchimisiz? Buni qanday amalga oshirmoqchisiz? Tanish-bilishlar, uy raisi (domkom)ga aytib qo'yarsiz. Yoki internet, gazeta orqali e'lon berasiz. “Kvartira bozori”ga borishingizni tavsiya qiladiganlar ham topiladi. Xullas, qaysidir yo'l bilan topgan bo'lg'usi ijarachingiz bilan uchrashib, shartlaringizni etkazasiz, o'zaro rozi-rizochilik bilan kelishuvga nuqta qo'yasiz. Endi ko'nglingiz to'q – har oyda ko'nglingizdagidek pul kelib turibdi. Ammo, ijaraga qo'ygan odamingiz biror ko'ngilsizlik sodir etsa, deylik, jinoyatga qo'l ursa, eng yomoni, bu holat sizning mulkingiz hisoblangan uyda amalga oshsa... Xudo ko'rsatmasin, hech kimga yomonlikni ravo ko'rmaysiz, biroq istar-istamas sodir etilgan jinoyatchini deb aybsiz aybdorga aylanib qolsangiz nima bo'ladi? Eng kamida vaqtingiz, asablaringiz ketadi, yo'q joydan jarimalar to'lashga to'g'ri kelar, yoqimsiz tashriflar, kutilmagan qo'ng'iroqlar tinchingizni buzar... Oqibatini o'ylamasdan, bir-ikki rasmiyatchilikdan qochish oqibatida bunday noqulayliklarga duch kelishingizni tasavvur ham qilmagan edingiz, to'g'rimi? Yoki bular haqda oldindan bilsangiz ham ko'ngilsiz voqealar aynan Siz bilan sodir bo'lishini o'ylamagan chiqarsiz. Shunday ekan, uy, kvartirani ijaraga berib, ortiqcha g'alvalar, bosh og'riqlarsiz mutlaqo xotirjamlikda yashashga nima etsin. Xo'sh, buning uchun nima qilish kerak?.

Uybor.uz sayti mulkingiz, xotirjamligingiz va salomatligingiz to'g'risida qayg'urgan holda Siz uchun zarur va foydali bo'lgan ayrim tavsiyalarni e'tiboringizga havola etishni maqsad qilgan. Ular quyidagilardir:

-avvaliga murakkab, qiyindek ko'rinsa ham, barcha ishlarni qonuniy qilishga harakat qiling. Shunda qolgan vaqtingiz xotirjamlikda o'tadi;
-uyingizni ijaraga berishda rieltorlik firmalariga murojaat qilganingiz maqsadga muvofiq. Ular siz istagandek ijarachini topib, uchrashtiradi, butkul qonuniy yo'l bilan ijara kelishuvini amalga oshirish bo'yicha batafsil tushunchalarni beradi;
-ijarachi oilali bo'lsa, albatta FHDYo tomonidan taqdim etilgan nikoh guvohnomasini ko'zdan kechiring;
-uyingizni faqatgina ishi, o'qishi tayin bo'lgan, risoladagi insonlarga ishonib topshiring;
-ijarachi bilan o'rtada ijara shartnomasini tuzib, uni notarius tasdig'idan o'tkazib oling (bu borada kerakli tavsiyalarni quyida batafsil taqdim etamiz);
-ijara shartnomasi tuzilganidan so'ng mahalla uchastka profilaktika noziri, mahalla fuqarolar yig'ini raisi va uy raisi (domkom)ni bu haqda ogohlantiring, ijarachi bilan tanishtirib, uyingizda qonuniy asosda yashashi haqida ma'lum qiling;
-qonunga muvofiq, har oyda o'rtada imzolangan shartnomada belgilangan ijara pulining 7 foizi miqdoridagi soliqni to'lab borishni unutmang. Deylik, bir oyga 200 ming so'm miqdorida ijara shartnomasi tuzilgan bo'lsa, 14 ming so'mni soliq sifatida to'lash daromadingizni davlatdan yashirib, cho'chib yashaganingizdan ko'ra afzalroq.
Ko'rinib turibdiki, ijarachi bilan tuzilgan shartnoma sizning xotirjamligingiz kafolati sanaladi. Xo'sh, uni tuzib, notarius tasdig'idan o'tkazish uchun nimalar talab qilinadi?

Amaldagi qonunchilikka ko'ra, mulk ijarasi shartnomasini tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:
- ko'chmas mulk ob'ektining kadastr yig'majildi. Bunda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, Binolar, inshootlar va ko'p yillik daraxtlarga bo'lgan huquqning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnoma hamda ko'chmas mulkning umumiy maydoni haqidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan tegishli hujjatlardan nusxa olinib, kadastr yig'majildining asli qaytarib beriladi;
- ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarni o'zini o'zi boshqarish organi yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan ma'lumotnoma yoki uy daftaridan ko'chirma hamda doimiy propiska qilingan shaxslarning roziligi.

Agar:

- ko'chmas mulk umumiy birgalikdagi mulk bo'lgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi;
- xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi ijaraga berilganda, O'zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan berilgan xususiylashtirishda rozilik bergan shaxslar haqidagi ma'lumotnoma va ularning roziligi;
ko'chmas mulk garovga qo'yilgan bo'lsa, garovga oluvchining roziligi ham talab etiladi.

Яндекс.Метрика