У нас есть только
оригинальные песни

Uylantirsam, qutulamanmi?

calendar 27.01.2017
1831

Maqolani yozishdan avval yoshi ulug` onalarimizdan fikr so`radim: bebosh, sho`x, dangasa va mas`uliyatsiz, til topishib bo`lmaydigan, oila yumushlariga qayishmaydigan, oila qurish yoshiga etib qolgan o`g`illarni tarbiyalash uchun nima qilish kerak? Buvijonlarning hammasi bir-biridan bexabar tarzda «uylantirish kerak!» degan javobni aytishdi. Deylik, ana shu javob – echim, biroq unga etkazuvchi yo`llarni yaxshilab taftish qilib chiqmasak bo`lmaydi. Chunki mushtariylarimiz shu mavzuga bog`liq ko`p savollar yo`llashgan. Savollarning ko`payganiga sabab bunday vaziyatlarda echimni «uylantirish»da ko`rishmayapti chog`i...

«Yolg`iz onaman, o`g`lim esa mas`uliyatsiz»

Lola, 41 yosh: — Uch o`g`il va bir qizim bor. Turmush o`rtog`im 14 yil avval olamdan o`tgan. Farzandlarimni katta qilgunimcha, ko`p qiynaldim, hozir ham muammolardan xoli emasman. O`zim hamshiraman, ishimni juda yaxshi ko`rganman, tinim bilmay ishlayman. Shuning uchunmi, uyga borganda bolalarim bilan gaplashish, ularga vaqt ajratishga holim qolmaydi. Ham erkak, ham ayol bo`lib yashayotganim uchun ham ro`zg`or tashvishlari meni «eb qo`yayapti». Bolalarimga ko`p jahl qilib, ko`nglini og`ritib qo`yganimni sezaman. Ayniqsa, to`ng`ich o`g`lim bilan ko`p tortishamiz. Yoshi yigirmada. Bolalarimning boshi bo`lgani uchunmi, otasining vafotidan keyin unga ko`p erkinlik berib, ishyoqmas qilib qo`yganman. Negadir hech bir ishga bo`yin yor bergisi kelmaydi, juda ko`p yolg`on gapirib meni aldaydi. «Menga ishonmaysiz, siz bilan gaplashishdan foyda yo`q», deb xafa bo`ladi. Men esa «ishonchingni yo`qotgansan» deb avval qilgan xatolarini aytaman. Ba`zan «Shu uyingizdan ketsam, qutulamanmi?» deb jahl qiladi. Qanday qilib ko`nglini topsam ekan, ukalariga o`rnak bo`lishi, menga yordamchi bo`lib yoniga kirishim uchun nima qilsam ekan-a? Ko`pchilik «O`g`lingizni uylantiring, shunda ro`zg`orni o`ylaydigan bo`ladi», deb maslahat beradi. Mening esa boshim qotgan, hali o`zi menga suyanib yashasa, ro`zg`or tuzib, bola-chaqa boqa oladimi?

Mulohaza

O`tgan yillarni ortga qaytarib bo`lmaganidek, tarbiyadagi kemtiklarni kech tuzatish juda qiyin ish. Siz yomon tarbiya bergansiz deyishga hech haqqimiz yo`q, ammo bir narsani tasavvur qila olamiz: siz o`g`lingizga undan nimalar kutayotganingizni avval boshdan aytmay turib, bugun dabdurustdan ko`p narsani talab qilayapsiz. Qachonlardir sizga u «Oyi, etigim eskirgan, olib berguningizgacha o`qishga bormayman, uyalaman» desa, o`rnidan turib maktabga ketishi uchun uni ruhlantiradigan gaplar topib berish o`rniga ichingizdagi xijolat va aybdorlik hissi bilan «Nima qilay, hammasiga etkazolmayotgan bo`lsam, bormasang borma!» deb bolaga oson echimlarni topib bergansiz ehtimol. Onaning orzulari qachon amalga oshadi? Agar uni ona tilga chiqarib, bolalari oldida baralla ayta olsa, ularning qulog`iga yoshligidan «Sen kasb-hunarli bo`lasan, ukalaringga bosh bo`lib yonimda turasan, birgalikda bunday ishlar qilamiz, mana bunday uyda yashaymiz, mana bunaqa mashina haydaymiz», desa va buning uchun birgalikda harakat qilsa! Odam qachon orzulariga etadi? Faqat ikkita ezgu yo`l bor, xolos: ilm-hunar o`rganish va mehnat. Bolangiz qaysi birini tanladi, aniqrog`i qaysi yo`lni tanlashiga yordamlashdingiz? Ba`zilar «Bolamni o`qitishga imkoniyat bo`lmadi», deb farzandining dangasaligini xaspo`shlamoqchi bo`ladi. Odamlar bor, bir suruv qo`y boqib turib, bo`sh vaqtida kitob o`qib o`qishga kiradi. Harakati, tirishqoqligi bilan ota-onasining yordamisiz ish topadi, birin-ketin orzulariga etadi. Yoki yana shunday mehnatkash insonlar bor, har kechasi 50 kilogramm undan xamir qorib, tongda xamirdan non uzib, pishirib, bozorga chiqaradi. Bolangizni yolg`ondan ham, dangasalikdan ham qutqaradigan narsa, bu — bizningcha, oila qurish emas, hunar o`rganish, ishlash. Yigit kishi mehnati orqali uch-to`rt so`m topsa, rag`batlanadi, oilaning biror koriga yarayotganidan xursand bo`ladi. Ana keyin oila qursa yarashadi, oilasining ham qadriga etadi va xotini oldida boshi xam bo`lib, qaynotasidan keladigan yordamga qarab o`tirmaydi. Takasaltang bolani, ayniqsa, endigina 20 yoshli o`g`ilni uylantirib, hammaga jabr qilmang. Bolangiz kun bo`yi uyda o`tiradimi yo ko`cha izg`iydimi? Uni bo`sh vaqtini foydali ish bilan yo`qotish kerak. 20 yosh — kim uchundir etuklik, mustaqillik yoshi, kimgadir esa hali bolalik.

Siz unga osmondan tushgandek «Ishlab, uyga 2 kilo go`sht olib kel», deb baqirmasdan, ish topishiga, biror ustaga shogird tushishiga amaliy yordam ko`rsatsangiz, natija, albatta, ijobiy bo`ladi. Agar bolangiz nihoyatda qiziqqon bo`lsa, umuman sizni inkor qilaversa, oilangiz yaqinlaridan, yoki, eng yaxshisi, malakali psixologdan yordam so`rasangiz ham maqsadga muvofiq.

«Nabiram juvonga ilakishgan»

Marg`uba aya, 60 yosh: — Ko`rsangiz ko`zingiz quvnaydigan, suhbatlashsangiz dilingiz yayraydigan bir nabiram bor. Qizimning uzoq kutgan bosh farzandi bo`lgani uchun ham uni boshqacha suyaman. Nabiram universitetni tamomlab, bankka ishga kirdi. Qizim bilan kelin qidira boshladik. Uchrashgan qizining kamchiligini topaverib, ko`ngli hech biriga ilimay, bizni rosa xunob qildi. Keyin surishtirib bilsak, ishxonasida bir boshi ochiq, ajrashgan ayol (eri bilan bir yil yashab, uyiga qaytib kelgan) bilan «ha-ha, hi-hi» bo`lib yurganmish. Oldimga chaqirib, nabiramga rosa nasihat qildim: «Bolajonim, bu savdoni qo`y, hamma seni mayna qiladi, o`rtoqlaring ko`zingni ochirmaydi, o`tmishi bor ayol bilan baxtli bo`lolmaysan», degan gaplar bilan boyagi ayoldan ko`nglini sovitishga urindim. Nabiram esa «Buvi, o`sha qiz yaxshi, borib bir ko`ring, yoqtirib qolasiz», deyaverdi. Nasihatlarimdan natija bo`lmagach, juvonni ishxonasidan chaqirib suhbatlashdim. Yoqimtoygina, uyatchangina, turmushidan ro`shnolik ko`rmagan qiz ekan. «Sizni tushundim, xavotir olmang, uylantiravering, boshqa ishxonaga ketaman», dedi boyaqish. Oz vaqt o`tmay, ishxonasini ham o`zgartirdi. Biroq har qancha unga jonim achimasin, to`ng`ich nabiramga turmush qurgan qizni olib bergimiz yo`q! Nabiram esa «Boshqasiga uylanmayman» deb turib olgan. Ota-onasi bolamga yon bergandek, meni esa ko`p savollar o`ylantirayapti...

Mulohaza

Har bir ota-ona farzandi oila qurayotganda ohorli, yangi hayot boshlashini istaydi. Bunga ota-onalar har jihatdan haqli, biroq ming afsuski, tanlov birinchi navbatda yoshlarning qo`lida. Yoshlar esa doim ham kattalarning istaklari bilan hisoblashishmaydi. Bolangiz bilan orzu-havaslar haqida yangi turmushning shirinligi va afzalligi, juftlarning bir-biri bilan o`zaro teng bo`lishining ahamiyati haqida ham ko`p gaplashganingizga aminmiz. Lekin bolangiz bu gaplarga ko`nmayapti. Siz esa bu juftlikni qabul qilmaysiz, chunki jamiyatimizda noodatiy holat. Bunday noteng nikohda (bo`z yigit va juvon to`yi) sanab berish mumkin bo`lgan ko`p salbiy jihatlar bor, biroq yaxshi tomonlari ham etarlicha. Masalan, birinchi turmushi buzilgan qiz ikkinchisida ehtiyotkor bo`ladi. Gapini o`ylab gapirib, ishini o`ylab bajarish ehtimoli katta. Ozmi-ko`pmi hayotiy tajribasi bilan turmushning mushtlariga chidash kerakligini tushunadi. Ko`p hollarda qizning ota-onasi ham sabrli bo`ladi va bolasining bu safar tinib-tinchib ketishi uchun harakat qiladi, qizini tarbiyalashga urinadi. Keling, nabirangizni keskin rad qilib, uni majburlab biror qizga uylantirish oldidan o`sha qizni taniganlar bilan suhbatlashib ko`ring. Balki u orzuingizdagi kelinga o`xshab ketar. Qo`ni-qo`shnilar, hamkasblari qizga qanday ta`rif berayapti, axir hamma ajrashgan kelinlar yomon bo`lavermasligi mumkin, qolaversa, ota-onasi uylanmagan yigitga qizini berishga nima derkan? Ba`zan bu holat tabiiy ravishda o`z echimini topishi mumkin. Ota-onasi «Yo`q, tengi tengi bilan bo`lsin» desa, gap tamom-vassalom. O`sha juvonni olib bersangiz ham, bermasangiz ham, nabirangizning tuyg`ularini ustidan kulmay, puxtalik bilan vaziyatga yakun yasashingizga to`g`ri keladi. Hozircha muammo chuqurlashmagan ko`rinadi, biroq boshqa qizga uylantirsangiz, keyinroq muammo ildiz otib ketmasligiga kim kafil bo`ladi, yigitcha o`z xayolida «holatni to`g`rilab olib», so`ng orzularingizni va yana bir qizning hayotini barbod qilsa-chi? Demak, bolangizning tarbiyasi, dunyoqarashi, mulohazalari, xarakterini yaxshi bilasiz, shunga monand ish tuting. Shunisi aniqki, mabodo siz tomondan bu «noteng nikoh»ga ijobiy javob bo`lib qolgudek bo`lsa, nabirangizning ham odamlarning gap-so`zi, o`rtoqlarining istehzoli qarashlariga javobi tayin bo`lishi shart. Albatta, siz hayotiy tajribangizdan kelib chiqib, bolangiz biroz vaqt o`tgach, bu qilgan tanlovidan afsuslanib, so`ng buni ayolning yuziga solishidan, oilasi buzilishidan qo`rqasiz.

Shular haqida ham har ikki yosh bilan ochiq gaplashib olishingizga to`g`ri keladi.

Aziza QURBONOVA

Яндекс.Метрика