У нас есть только
оригинальные песни

Vazirlar Mahkamasi 2018 yil hosili uchun shudgorlash ishlari bo'yicha qaror chiqardi

calendar 10.11.2017
1073

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2018 yil hosili uchun shudgorlash ishlarini zarur tarzda tashkil etish va o'tkazish kompleks chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori e`lon qilindi.

Hujjat bilan O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, "O'zagroservis" aksiyadorlik jamiyatining 2018 yil hosili uchun shudgorlash hajmi va muddatlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan taklifi ilovaga muvofiq qabul qilindi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlarning hokimlari, O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi hamda "O'zagroservis" aksiyadorlik jamiyati rahbarlari zimmasiga quyidagilar yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi:

texnika ta`mirlanishini nihoyasiga yetkazish, mashina-traktor parklari va fermer xo'jaliklarining buyurtmanomalari bo'yicha haydov agregatlari uchun ehtiyot qismlarni tayyorlash va yetkazib berish hamda 2017 yil 10 noyabrdan kechiktirmay barcha joylarda shudgorlashni boshlash;

tasdiqlangan agrotexnologiya normalariga muvofiq shudgorlashning zarur chuqurligi va bir tekisligiga, mineral va organik o'g'itlar solinishiga alohida e`tiborni qaratgan holda shudgorlash sifatini ta`minlash.

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda shudgorlash ishlarining ushbu qarorga ilovada nazarda tutilgan hajm va muddatlarda olib borilishi ustidan doimiy nazorat o'rnatadi. Hisobotni buzib ko'rsatish va boshqa qoidabuzarlik faktlari aniqlangan hollarda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan qat`iy javobgarlik choralari ko'riladi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, "O'zagroservis" aksiyadorlik jamiyati hamda “O'zneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda quyidagilarni ta`minlaydi:

uch kun muddatda shudgorlashning borishi va sifatini nazorat qiluvchi hududiy komissiyalar tuzish va ularga shudgorlash ishlarini olib borishda har bir tuman bo'yicha xo'jaliklar va mashina-traktor parklarining alohida o'rnak ko'rsatgan xodimlariga birinchi, ikkinchi va uchinchi o'rinlar uchun rag'batlantiruvchi mukofotlar joriy etish huquqini berish;

bir hafta muddatda, yer resurslaridan yanada samarali foydalanishni hisobga olgan holda, tumanlar va xo'jaliklar bo'yicha shudgorlashni o'tkazish jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

texnika va ustaxonalarning ikki smenada to'laqonli ishlashini tashkil qilish, shudgorlash ishlarida qatnashayotgan mexanizator xamda operatorlarga maishiy va boshqa zarur shart-sharoitlarning butun kompleksini yaratish;

shudgorlash ishlarini o'tkazish uchun haydov traktorlari va ko'chma ta`mirlash ustaxonalarini jalb etish bo'yicha mintaqalarda joylashgan sanoat, qurilish tashkilotlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;

fermer xo'jaliklari va mashina-traktor parklari buyurtmanomalariga asosan ehtiyot qismlarni yetkazib berish, shuningdek, ko'chma ta`mirlash ustaxonalarining uzluksiz ishlashini ta`minlash.

"O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati “O'zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati shudgorlash ishlarini o'tkazish davrida mineral o'g'itlar belgilangan tartibda solinishini ta`minlaydigan muddatlarda respublikaning barcha mintaqalariga o'gitlar tuzilgan shartnomalarga muvofiq bir maromda yetkazib berilishini ta`minlaydilar.

"O'zneftmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi yonilg'i-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda ularni shudgorlashda ishtirok etuvchi mashina-traktor parklari, qishloq xo'jaligi korxonalari va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil qiladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi bosh vazirining o'rinbosari - O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vaziri Z.Mirzayev va O'zbekiston Respublikasi bosh vazirining o'rinbosari — “O'zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi N.Otajonov zimmasiga yuklandi.

Яндекс.Метрика