У нас есть только
оригинальные песни

Video: Toshkentda drift qilishga uringan Nexia ajratuvchi to‘siqqa borib urildi

calendar 12.09.2016
3137

Toshkentdagi Muqimiy ko‘chasining Oqtepa maydoni va “Sport buyumlari” do‘koni oralig‘ida Nexia avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa videosi Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida e’lon qilingan.

Video boshida Oqtepa maydonidagi yangi yo‘l bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, davlat raqami 01 J 909 EA, rusumi, katta ehtimol bilan, Chevrolet Cruze bo‘lgan avtomobil keskin burilishlar (driftlar)ni amalga oshirgan. Cruze yo‘lovchilaridan birining gavdasi avtomobil lyukidan chiqib turganini ko‘rish mumkin.

Chevrolet Cruze’ning ketma-ket keskin harakatlaridan so‘ng, uning ortidan Nexia avtomobili ham drift qilishga uringan. Biroq yakunda Nexia haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi ajratuvchi to‘siqni buzib o‘tgan. Hodisa guvohlarining yozishicha, Nexia qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketib, boshqa bir Nexia’ga borib urilgan.

“Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhi a’zolari Chevrolet Cruze’ning ham, Nexia’ning ham haydovchilari tomonidan amalga oshirilgan keskin harakatlarni qat’iy qoralagan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasi 2-qismiga muvofiq, haydovchilarining avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yohud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi eng kam ish haqining o‘n baravari (10-sentabr holatiga ko‘ra — 1 302 400 so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Ayni vaqtda, Kodeksning 147-moddasi 1-qismiga ko‘ra, yo‘l harakatiga qasddan xalal berish eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida (1 302 400 so‘m) jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

 

Яндекс.Метрика