У нас есть только
оригинальные песни

Viloyatlarda benzin ta’minotidagi “shapkavozlikka” qachon chek qo‘yiladi?

calendar 11.11.2017
1282

Bugungi kunda benzin mamlakatimizda asosiy yonilg‘ilardan biri bo‘lishiga qaramay, yonilg‘i quyish shoxobchalarida uning tanqisligi ko‘p kuzatilmoqda. Ayniqsa, poytaxtdan tashqari hududlarda, chekka viloyatlarda bu tanqislik juda yaqqol sezilayotganini haydovchilarning o‘zaro suhbatlaridan, ijtimoiy tarmoqlarda almashayotgan fikrlari va shikoyatlaridan bilish mumkin.

Poytaxtdagi mavjud benzin quyish shoxobchalarida, hartugul, oldingidek cheksiz navbatda turishlarni kuzatmaysiz. Ammo shahar chegarasini belgilovchi katta halqa yo‘lidan o‘tishingiz bilan ahvol butkul o‘zgacha tus oladi. Yonilg‘i quyish shoxobchalarida oxiri ko‘rinmaydigan navbatlarda turgan mashinalar va ularning haydovchilarini bir tasavvur qilib ko‘ring…

Bu holat qancha kishilarning bebaho vaqtini o‘g‘irlagani yetmaganidek, sog‘lig‘ini ham egovlaydi. Buning ustiga, ikki soatlab benzinga navbatda tursangiz-u, navbatingiz kelay deganda AYoQSh xodimlari tomonidan benzin tugagani, qachon kelishi noma’lumligi e’lon qilinsa, bundan yomoni yo‘q.

Viloyatlarda bu vaziyatni yaxshilashga o‘z “hissa”sini qo‘shishni maqsad qilgan “ko‘ngilli”lar esa bahonada benzin narxini o‘zlari xohlagan tarzda oshirib, qo‘lda sotishga o‘tib ketishdi. Namangan, Navoiy viloyatlarida ko‘proq yonilg‘ining ikkinchi turi — tabiiy gazdan foydalanilayotganligi sabab, benzinga talab u qadar kuchli emas. Shu boismi, ushbu hududlarda oxirgi hafta davomida benzin quyish shoxobchalarida yonilg‘i borligi, kuniga ikki soat bo‘lsada, aholiga benzin sotilgani kuzatilmoqda.

Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda benzin chayqovchilar tomonidan Surxondaryoda 4000 so‘m, Gulistonda 4000 so‘m, Jizzaxda 4000 so‘m, Buxoroda 5000 so‘m (AYoQShda — 3000 so‘m!), Farg‘onada 4000 so‘m, Farg‘onada 4000 so‘m, Qarshida 4000 so‘m, Xorazmda 91 A — 4000 so‘m, 80 A — 3500 so‘m (“O‘zbekneftgaz” AYoQShda 91 A — 3100 so‘m), Navoiyda 4000 so‘m, Samarqandda 4000 so‘mdan sotilayotgani aniqlandi.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-oktabrdagi 360-sonli qarori bilan Respublika bo‘yicha:

Ai-80-rusumli avtobenzinning bir litri – 2800 so‘m (0,35 AQSh dollari);

Ai-91-rusumli avtobenzinning bir litri – 3 000 so‘m (0,37 AQSh dollari);

Ai-95-rusumli avtobenzinning bir litri – 3 300 so‘m qilib belgilangan.

Ammo ming afuski, benzin yonilg‘isining aynan belgilangan narx asosida emas, balki ustiga qo‘shimcha narx qo‘ygan holda sotilishi nafaqat chayqovchilarda, balki “O‘zbekneftgaz” AYoQShlarida ham uchrab turibdi.

Kimga bunday “Benzin mustaqilligi” kerak?

Respublikamizda qazib chiqarilayotgan neft xomashyosi va undan olinayotgan yonilg‘i-moylash mahsulotlari ichki bozor talabini yarmini ham qondirmasa, Qozog‘iston “Do‘st bo‘lib yonimizda turib” otni kallasidek tranzit tariflarini qo‘llasa, kimga kerak bu “Xo‘ja ko‘rsin” narxlar?

Chetdan ko‘proq neft mahsulotlari olib kelib qayta ishlab sotaylik desa, uning tannarxi 0,45 dollardan past bo‘lmasa yoki xarajatlarni qoplamasa. Albatta, bunday holat faqat bor bo‘lgan oz benzinni tanish-bilishlar orqali har litriga 1000 so‘m “shapka” qo‘yib sotadiganlarga kerak.

Mana Asaka zavodida ishlab chiqarilayotgan avtomashinalarni sotishda “shapkavozlik”ka chek qo‘yildi, nahotki hukumat benzin sotilishidagi “shapkavozlikni” yo‘qota olmaydi?

Mashina haydashni chidaganga chiqargan. Qimmatroq bo‘lsa ham benzin AYoQShlarda bemalol sotilishi kerak! Umuman olganda bozor munosabatlari rivojlangan davlatlarda iste’mol tovarlari naqd yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan bemalol sotilishi kerak!

Sharhlovchi jurnalist Toshtemir Po‘latov.

Яндекс.Метрика