У нас есть только
оригинальные песни

“Xalqlar do‘stligi” saroyi rahbari Isroil G‘ulomov bilan suhbat

calendar 16.07.2018
1306

Bir oy muqaddam afsonaviy “Xalqlar do‘stligi” (sobiq “Istiqlol”) saroyi maydonida qurilish ishlari boshlab yuborildi. May oyida esa davlat rahbari san’at saroyi va maydonga eski nomini qaytarish taklifi bilan chiqqan edi. Hozirda quruvchilar jamoasi binoning old tomonini yangilashga kirishgan. Ma’lum bo‘lishicha, binoning ichki qismini yangilash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Yaqinda 40 yilligi nishonlanuvchi “Xalqlar do‘stligi” saroyi rahbari Isroil G‘ulomov, konsert saroyidi nimalar o‘zgarishi, nima uchun konsert dasturlariga bir nech oy tayyorlanish lozimligi va yulduzlar bilan ishlash haqida gapirdi. O‘tgan yili Isroil G‘ulomov davlat rahbari tomonidan “Do‘stlik” ordeniga munosib deb topilgan.

— 1980-yilda qurilgan saroy shu vaqtgacha necha marta rekonstruksiya qilindi va bu safar qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

— Aslida bu birinchi marta amalga oshirilmoqda. Kichik ta’mirlash ishlari o‘tkazilgandi, ammo kapital ta’mirlash ishlari ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Bu yil binoning tomi va tashqi tarafini ta’mirlab, butun ta’mirlash ishlarini 3 yilda tugatishni rejalashtirandik. Biroq yaqin oylarda bir necha katta tadbirdar o‘tkazilishi rejalashtirilganiligi sababli interyerni ham yangilashga qaror qildik. Sahna, zal va o‘rindiqlarni o‘zgartiramiz. O‘ylaymanki, rejalashtirilgan ishlarning 70% ni yil oxiriga qadar bajarishga ulguramiz.

Bunda hamma narsani hisobga olish lozim. O‘zingiz bilasiz, ba’zi konsert dasturlari 2-3 soat davom etadi. Agar tomoshabin o‘zini noqulay sezsa, konsertdan baha ololmaydi. Shu sababli qulaylik yaratishga qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz, o‘rindiqlar esa bu borada muhim rol o‘ynaydi. Ularni yangilash arafasidamiz.

“Xalqlar do‘stligi”ga bo‘lgan e’tibor, ishonch va g‘amxo‘rlik uchun Prezident, Bosh vazir va shahar hokimidan minnatdormiz. Barcha ijobiy o‘zgarishlar ularning sharofati, qo‘llab-quvvatlashi natijasidir.

— Saroy 38 yoshda. Konsert faoliyati bilan 37 yildan beri shug‘ullanib kelasiz. Uning tarixi va usha paytda nima bilan shug‘ullanganingizni eslay olasizmi?

— O‘z kasbiy faoliyatimni talabalik davrimda boshlaganman. O‘shanda teatr institutida o‘qirdim – o‘sha paytlarda Leningradda iqtisodiyot va madaniyatni boshqarish bo‘yicha yagona fakultet edi. O‘qishga 1981-yilda kirib, 1986-yilda tamomlaganman. O‘qish bilan birgalikda prodyusserlik faoliyati bilan ham shug‘ullanganman. Usha davrlarda konsert dasturlarini tashkillashtirish bo‘yicha tajriba orttirdim.

Umuman olganda, barchasi afishalarni yopishtirishdan boshlangan. Men hurmat qiladigan ustozlarimdan biri konsertlarni tashkil etishdagi professional faoliyat aynan afishalarni yopishtirishdan boshlanadi, deb hisoblar edi.

Afishalarni yopishtirish ham bir san’at – odamlar gavjum bo‘ladigan yerlarni bilish, shaharni o‘rganish lozim edi. Dastabki uyushtirilgan konsert dasturlari uchun afishalarni o‘zim yopishtirib chiqqanman.

Akamni o‘zimning birinchi ustozim deb bilaman. U taniqli qo‘shiqchi edi, men esa 12—13 yoshimdayoq uning ma’muri vazifasini bajarardim. Barcha chiqishlar hisobini qilar, odamlar bilan kelishib, tashkiliy ishlarni bajarardim.

— Birinchi marta tashkillashtirgan konsert dasturingiz esingizdami?

— Albatta. 1988-yil sirkda ishlagan paytimda Italiya modalar namoyishini olib kelganmiz. Bu mening ilk katta konsert dasturim edi. O‘sha yillarda ko‘plab gastrolchilarni taklif qilganman. Sirkda ishlagan paytim biz ko‘p marotaba butun ittifoq bo‘ylab sayohatga chiqardik. O‘zimiz boshqa davlatlar bo‘ylab gastrol safarlariga chiqqanimizda esa artistlarni kamida 20 kunga taklif qilardik. Shunda har bir shahar va unga yaqin mamlakatlar uchun 4 kundan to‘g‘ri kelardi.

— O‘sha yillarda konsert dasturlarini tashkil etish qanchalik murakkab edi?

— Hammasi butunlay boshqacha bo‘lgan. Bunday masalalar telefon orqali hal qilinardi: dastlab kelishib olardik, so‘ng san’atkor o‘ziga chipta sotib olardi. Biz esa unga mehmonxona va transport tayyorlab qo‘yardik. San’atkor kelgach, tegishli miqdorda pul o‘tkazib barcha xarajatlarni qoplaganmiz. Hozirgi paytda san’atkorlar boshqacha. Ko‘pchilik san’atkorlarga 100 % oldindan to‘lov kiritishingiz lozim, aks holda kelishmaydi. Xarajatlar oldindan to‘liq to‘lamaganligi sababli ular kelmaganligi oqibatida qancha konsert dasturlari bekor qilingan paytlar bo‘lgan. Umuman olganda, eng yomoni – bu san’atkorning pand berishidir. Siz allaqachon ishning katta qismini bajarib bo‘ldingiz, tomoshabinlar yig‘ilishni boshlamoqda. Shunday paytda san’atkor pand bersa – biz tomoshabinlarni, ularning ishonchini yo‘qotamiz. Men doim konsert dasturini o‘tkazuvchi tashkilotchilar pand bermasligiga harakat qilaman. Biz doim obro‘-e’tiborimizga dog‘ tushmaslik haqida qayg‘uramiz. Agar biror shaxs (tashkilotchi) hali konsert bermagan bo‘lsa, uning pand berishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Men tomoshabinlar mamnun bo‘lishi uchun odamlarga ishonch hosil qilishni xohlayman.

Hamma narsada tartib-e’tiborni saqlash lozim. Men doim bizning sahnada ijro etuvchi san’atkor repertuarini shaxsan kuzataman. Agar lozim bo‘lsa – maslahatlarimni ayamayman. Bunda san’atkor mentalitetining o‘ziga xosligini ham hisobga olaman. Ba’zan yosh sana’atkorlar kelib butun boshli katta zalda konsert bermoqchi bo‘ladi. Agar ijrochi zalni to‘ldirishiga shubha qilsak, rozi bo‘lmaymiz. Uning o‘ziga ham yarim bo‘sh zalda ijro etishi yoqimli bo‘lmasa kerak? Bu san’atkor kayfiyatini ko‘tarmasligi aniq.

Shunday san’atkorlar borki, ularning muxlislari 20 yil davomida, deyarli barcha konsert dasturlariga tushadilar. Biz ularni tanib ham qolganmiz. Bunday san’atkorlarning muxlislari ko‘payib boradi, lekin doimiy tomoshabinlar o‘zgarmaydi. Masalan, G‘iyos Boytoyev – uning konsertida biz ilk konsert dasturiga kelgan odamlarni uchratamiz.

— Konsert chiptalari tez sotilib ketgan san’atkorlar esingizdami?

— O‘zimizning san’atkorlardan, aynan qaysi yili bo‘lganini aytmayman, Sherali Jo‘rayevni misol qilib keltirishim mumkin. Bir paytlar Sherali Jo‘rayev ma’muri bo‘lganimda uning konsertini tavakkal qilib 3 kun ichida tashkillashtirishga qaror qilganmiz. Shu kuni e’lon qildik va 2 kunlik konsert chiptalari o‘sha kunning o‘zidayoq sotilib ketdi. Bu 8000 ta chipta edi.

Yana, rahmatli Xojiboy Tojiboyev konsertini misol qilib keltirishim mumkin. O‘shanda 8 kunlik konsert chiptalari bir haftada sotilib ketgani esimda. O‘sha yillarda (1990—1991-yillar) Oxunjon Madaliyev chiptalari ham tez sotilib ketardi, shuningdek Rossiya konsertlari chiptalari ham yaxshi sotilardi.

— O‘zbek tomoshabinlariga chet el san’atkorlaridan kim ko‘proq yoqadi?

—  Chet el san’atkorlaridan eng ko‘p talab qilinadigani bu Bochelli konsertidir. Rossiya ijrochilaridan birini aytish qiyin. Tomoshabinlar yoshi, xohishi va boshqa mezonlardan kelib chiqqan holda tanlaydilar. Yegor Kridni taklif qilganimizda, yoshlar to‘s-topalon qilib yuborishgan. Biz uni qanday olib chiqib ketishni bilmaganmiz. Muxlislar to‘lib ketgan, butun bino atrofini o‘rab olgandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga xalqimiz sevib tinglaydigan jahon yulduzlarlari tashrif buyurmoqda. Buning uchun ularni O‘zbekistonda konsert berishga taklif qilayotgan Alisher Usmonovga katta rahmat.

— Barchaga ma’lumki, yulduzlarning o‘z talabnomalari (reyd) mavjud va ularning ba’zilari nihoyatda katta va qiyindir. Shunday talablar haqida gapirib o‘tsangiz.

— Agar ishonsangiz, Bochellining talabnomasi 57 varoqdan iborat edi. Bularning barchasi ikir-chiqirlarigacha bajarilishi lozim edi. Har bir san’atkorning bu talabnomalari bir-biridan farq qiladi. Ularning ma’murlari buni qatiy nazorat qiladilar. Ba’zi yulduzlarning talablariga hayron qolmay iloj yo‘q. Ba’zan bizda yo‘q bo‘lgan ovqat yoki ichimlikni so‘rashlari mumkin. Bir paytlar, hatto Moskvadan ham topolmagan vinoni qidirganimiz esimda. Usha san’atkorni Samarqand konyagi bilan mehmon qilganmiz. Boshida unchalik xushlamadi-yu, ammo tatib ko‘rdi. Oxir oqibat unga juda yoqib qoldi va o‘zi bilan bir necha butilka olib ketishga qaror qildi.

— Yulduzlar O‘zbekistonga qanday samolyotda keladi? Bu oddiy reyslarmi yoki charterlar?

— Aksariyati o‘z jamoasi bilan oddiy samolyotda uchib kelishadi. Yevropalik yulduzlar odatda charter reyslarda kelib, o‘zlari bilan katta jamoani, ba’zan esa musiqa apparaturalarini ham olib keladilar. Shaxsiy samolyotida kelgan biror bir yulduzni eslay olmayman.

— Konsert chiptalari narxi qanday belgilanadi? Nima uchun ba’zi chiptalar juda qimmat, ba’zilari esa aksincha, arzon bo‘ladi?

— Bu konsert dasturini o‘tkazuvchi tashkilotchilarga bog‘liq. Aynan ular chiptalarni sotish va tarqatish bilan shug‘ullanadilar, ularning narxini belgilaydilar. Shu sababli bunga bizning hech qanday aloqamiz yo‘q.

— Aksariyat konsert chiptalarida “fonogrammadan foydalaniladi”, deb yoziladi, lekin yulduzlar jonli ijroda kuylashlarini aytadilar. Buni qanday izohlash mumkin?

— O‘rinli savol. Deylik, jonli ijroda qo‘shiq aytyapsiz, musiqasi ham jonli. Faqat birgina musiqa asbobi ovozi fonogramma orqali berilmoqda. Mana shunday vaziyatlar uchun qat’iy belgilangan talablar bor, ular buzilsa, katta jarima solinishi mumkin. Bu qonunchilik talabi bo‘lib, barcha san’atkorlar unga rioya qilishlari shart.

— Saroyda konsert beruvchi har bir san’atkor bilan uchrashishingizga to‘g‘ri keladimi?

— Albatta, rahbar sifatida shunday qilishim shart. Uchrashaman, hamma narsalarning sozligi va aytilgan talablar bajarilganligini surishtiraman. O‘zingiz bilasiz, agar konsert yaxshi o‘tsa – rahbarni maqtashadi, yomon o‘tsa ham hamma gapni rahbar eshitadi. Men o‘zim gastrol safarlarini tashkillashtirish bilan shug‘ullanganman va san’atkorning hamma narsadan ko‘ngli to‘lishi muhim ekanligini bilaman. Agar san’atkorning kayfiyati bo‘lmasa – muxlislar buni darrov sezishadi va ularning konsertdan ko‘ngli to‘lmaydi.

— Ayni damda “Xalqlar do‘stligi”da nechta odam faoliyat yuritadi?

— Hozirda bizning jamoa 119 kishidan iborat. Ularning ko‘pchiligi bu yerda 20-30 yildan beri ishlab kelayotganlardir. Menga ularda yoqadigan bir jihat - “Xalqlar do‘stligi” saroyini o‘zlarining uyi deb hisoblashlaridir. Ular ishlarini yaxshi ko‘radilar va unga mas’uliyat bilan yondashadilar. Ular o‘z ishlariga 100% sodiq bo‘lgan insonlardir. Bilasizmi, shunday xodimlaringiz bo‘lsa ishlash ham oson, ham zavqlidir. Hozir bizda ishchilar jamoasi tashkil etilgan bo‘lib, ular eng qiyin va hatto 3 kishi qilishi kerak bo‘lgan ishlarni ham bajaradilar.

Nima bo‘lgan taqdirda ham biz tomoshabinlar uchun ishlaymiz. Ular har doim haq. Tomoshabin biror konsert dasturiga kelgan bo‘ladi-yu, unga yoqmasa, bu yerga boshqa kelmaslikka haqqi bor. U o‘zini qulay sezishi, uni yaxshi kutib olib, kuzatib qo‘yishlari, o‘z joylarini topishda yordam berishlari va bularning barchasi professional tarzda amalga oshirilishi muhim. Bizga bo‘lgan munosabat aynan kichik narsalardan shakllanadi. Agar tomoshabinga qo‘pollik qilinsa, butun konsert davomida kayfiyati bo‘lmaydi va konsertdan norozi bo‘lib ketadi.

— San’at saroyi rahbarining kun tartibi qanday?

— Odatda ertalab 07:00 da uyg‘onaman. Menda shunday odat bor – har kuni ertalab bir soat ko‘chada sayr qilaman. Bu yangi kun boshlashdan avval kichik bir badantarbiyadir. Konsert bo‘lgan kunlari soat 23:00 dan vaqtli ketmaymiz. Saroydan oxirgi tomoshabin chiqquniga qadar shu yerda bo‘lamiz. So‘ng tungi tozalash ishlari boshlanganini shaxsan tekshiraman. Konsertdan so‘ng albatta tozalanishi shart. Konsert mavsumi qariyb yil bo‘yi davom etadi, shuning uchun deyarli dam olish va ta’tilga chiqmasdan ishlaymiz.

— Oilangiz haqida gapirib bersangiz.

— Besh nafar farzandim bor – ikkitasi birinchi turmushimdan, ular allaqachon voyaga yetgan, uchtasi esa – ikkinchi turmushimdan, ular hali yosh. Ochig‘ini aytsam, eng kichik o‘g‘lim bilan birga katta bo‘lyapmiz, u endi 8 yoshga to‘ldi. Bilasizmi, bolalarning ulg‘ayishini kuzatish odamga qandaydir yengillik bag‘ishlaydi. O‘g‘lim bilan qizim maxsus musiqa maktabida o‘qiydi. Qizim vokal bo‘yicha o‘qiydi, o‘g‘lim klarnet chaladi va u ham vokal bilan shug‘ullanadi. Men, har qanday ota kabi ularni yutuqlaridan quvonaman va tanlovlarini ma’qullayman. Bolalarim o‘zlarini musiqa yoki aktyorlik san’atiga bag‘ishlashni xohlaydi. Eng kichik o‘g‘lim esa matematikaga qiziqadi. Men bunga albatta roziman. Ota-ona farzandiga faqat yaxshilikni ravo ko‘radi.

— Yaqin kelajakda “Xalqlar do‘stligi” saroyi bilan bog‘liq qanday rejalar bor?

— Bizning rejalar bir yilga mo‘ljallangan. O‘zimning kelasi yil iyun oyiga qadar ish tartibimni aytib berishim mumkin. Biz konsert dasturlari va repertuarlar tartibiga doim puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Bizga kelgan tashkilotchilarga ham shuni maslahat beramiz. Ba’zan shunday holatdar ham bo‘ladiki, kimdir bir hafta konsert berishni rejalashtiradi. So‘ng chiptalar sotilishi yoki o‘zining ishidan qoniqmaydi. Iloji boricha hammasini puxta rejalashtirish lozim.

Bolalar konsertiga urg‘u berish niyatidamiz. Ular hozirda mashhur bo‘lib, yosh avlod rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birgalikda bolalar konsertga bir o‘zi tushmasligini unutmaslik lozim. Ular ota-onalari, bobo-buvilari hamrohligida kelishadi. Shu sababli spektakl yoki konsert bolalarga ham, kattalarga ham qiziq bo‘lishi lozim. Biz bunga erishishga astoydil harakat qilmoqdamiz!

Яндекс.Метрика