У нас есть только
оригинальные песни

Xitoy kompaniyasi O'zbekistonda elektromobil ishlab chiqarishi mumkin

calendar 09.06.2018
994

Innovatsion rivojlanish vazirligida Changan Automobile Group kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi. Vazirlik matbuot xizmati ma`lumotlariga qaraganda, muhokamalar jarayonida hamkorlik aloqalarini kengaytirish va O'zbekiston hududida elektr quvvati bilan ishlaydigan avtomobillar ishlab chiqarish imkoniyatlari ko'rib chiqilgan.

O'zA’ning yozishicha, Changan kompaniyasi vakillari Farg'ona vodiysida joylashishi mumkin bo'lgan elektromobillar yig'ish sexini qurish niyatida ekanliklarini ma`lum qilishdi. O'z navbatida, Innovatsiya vaziri o'rinbosari Otabek Nazirov mazkur loyihani amalga oshirilishini jadallashtirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga, O'zbekistonning tegishli tashkilotlari va davlat organlari bilan muloqotga amaliy yordam berib, qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar tez kunlarda hamkorlik to'g'risidagi memorandumni imzolashga kelishib olishdi.

Loyiha muvaffaqiyatli yo'lga qo'yilsa, birinchi bosqichda 15-20 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritiladi va 150 tagacha yangi ish o'rinlari tashkil etiladi. Natijada bir yilda mingta yirik uzelli elektromobillar yig'ish mumkin bo'ladi. Ikkinchi bosqichda esa respublikadagi mavjud korxonalarning quvvatini jalb etgan holda ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. 

Ta`kidlash joizki, Changan Automobile Group Co Ltd eng ko'p avtomobil ishlab chiqaruvchi Xitoy avtomobil kompaniyalarining kuchli to'rtligiga kiradi. Avtokompaniyaning Ford Motor, Suzuki Motor, Mazda Motor va PSA Peugeot Citroen kabi yirik konsernlar bilan qo'shma korxonalari mavjud. Changanning bosh idorasi Chuntsin shahrida joylashgan.

O'zbekistonda mazkur kompaniya gibrid dvigatelli va butunlay elektr kuchida ishlaydigan zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarishga e`tibor qaratmoqda. 2025 yilga kelib barcha turdagi (kichik metrajli avtomobillardan tortib kupe kuzovli oliy toifadagi avtomobillaragacha) faqat elektr quvvati bilan ishlaydigan 21 modeldagi yangi elektromobillar va 12 ta gibrid modellar ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Яндекс.Метрика