У нас есть только
оригинальные песни

Xonanda Hojiakbar Haydarov: Menga na Erkin Komilov, na Tesha Mo‘minov e’tiroz bildirdi

calendar 10.05.2016
2440

Xonanda Hojiakbar Haydarov “Otamga deb” nomlangan ilk albomi taqdimotini o‘tkazdi. Jurnalist Feruz Muhammadning yozishicha, taqdimot oqshomida Hojiakbar san’at yo‘lini adashib tanlamagani, otasi — O‘zbekiston xalq artisti Nuriddin Haydarovning chin ma’noda munosib izdoshi ekanligini isbotlay olgan.

— “Yig‘latur” taronasini Botir Qodirov va Sardor Mamadaliyev ham kuylagan. Ushbu qo‘shiqni Siz ham takror kuylashingizdan maqsad nima?
— Bu qo‘shiqni Botir Qodirov kuylashidan avval ham bilardim, u kishi kuylaganidan keyin, “men ham kuylasam bo‘lar ekan-da”, degan fikr tug‘ildi. Botir Qodirov bilan ham, Sardor Mamadaliyev bilan ham juda ko‘p ko‘rishamiz, suhbatlashamiz, ammo bu qo‘shiq haqida umuman gaplashmadik. To‘g‘risi, yaxshi qo‘shiq xalqniki, shu ma’noda birorta san’atkor “Bu meniki”, deya olmasa kerak.

— Intervyularingizdan birida: “Dadamning qo‘shiqlarini qizg‘anaman, iloji boricha boshqa san’atkorlarga ayttirmayman”, degan ekansiz.
— Yo‘q, qizg‘anaman degan gapni aytmaganman. To‘g‘ri, dadamning qo‘shiqlarini ko‘pchilik kuyladi, bular orasida yosh san’atkorlar ham bor, ba’zi birlari bizdan so‘ramasdan, onamning oldidan o‘tmasdan kuylaganlari ham bo‘ldi. Shunday holatlarda dadamning yaqinlari, do‘stlari menga tanbeh berdi, “Dadangni qo‘shiqlarini o‘zing ayt, bu senga vasiyat”, deyishdi. O‘ylab qarasam, bu qo‘shiqlar haqiqatan ham menga vasiyat ekan, men bularni qo‘sh-qo‘llab tarqatib yubora olmas ekanman. Dadamning qo‘shiqlarlarini kuylayman deya astoydil harakat qilganlarga hech qanday e’tirozim, qarshiligim yo‘q. Ammo men ham bundan keyin san’at yo‘lini tanladim, bu qo‘shiqlarni qo‘limdan kelganicha o‘zim kuylashga harakat qilaman.

— Jonli ijroda uncha-muncha san’atkorni ortda qoldira oladigan qobilyatingiz, ovozingiz bor. Taqdimotda otangizning qo‘shiqlarini o‘zgartirilgan variantini iloji boricha kuylamadingiz. Iltimos qilishgani uchun majburan kuylagandek ko‘rindingiz. Bu “Do‘lana”ning o‘zgartirilgan varianti tanqidga uchraganidan keyin chiqarilgan xulosami? Endi “Do‘lana”ning yangi talqinini kuylamaysizmi?
— Avvalo, mazkur taqdimot dadamning yorqin xotiralariga bag‘ishlangani uchun u kishining qo‘shiqlarini iloji boricha o‘zgartirmasdan kuylashga harakat qildim. Chunki tadbirda dadamning do‘stlari, muxlislari mehmon bo‘ldi, qo‘shiqlarni asl variantini kuylamasam bo‘lmasdi. “Do‘lana” qo‘shig‘ining yangi varianti chiqdi, degani bu yangi talqin originalidan o‘tdi, degani emas, balki uni yoshlar ham eshitsin, kuylasin degan maqsad ko‘zlangan. Yangi talqindagi “Do‘lana”ni asosan to‘y-tantanalarida, tadbirlarda kuylayapman. Ko‘z tegmasin, qo‘shiqni yoshlar yaxshi qabul qilmoqda.

— “Do‘lana” qo‘shig‘i uchun ishlangan klipda suratga tushgan ustoz san’atkorlar — Erkin Komilov, Hamid Toshpo‘latov, Tesha Mo‘minov Sizga e’tiroz bildirgani haqida gap-so‘zlar chiqdi.
— Klipda suratga tushishga rozilik bildirishgani, vaqtlarini ayamaganliklari uchun ustozlarimizga katta rahmat. Lekin, to‘g‘risi, ular nima uchun bunday fikrlar bildirishganiga menda aniq bir javob yo‘q.

— Ular siz bilan ko‘rishib yoki telefon qilib, e’tiroz bildirishdimi?
— Yo‘q, hech kim menga e’tiroz bildirmadi. Ustozlarimizning so‘zlarini faqat gazeta orqali o‘qidim, xolos.

— Klip g‘oyasi kimga tegishli edi?
— Qo‘shiq g‘oyasi Ilhom Mamatovga, klip g‘oyasi esa prodyuserim va klipmeyker tomonidan o‘ylangan. Shu vaqtgacha barcha qo‘shiqlarimga klip g‘oyasini o‘zim taklif qilardim. Bu safar ishga umuman aralashmay, ularga ishondim. Qo‘shiq nomi “Do‘lana” bo‘lmay, so‘zlari ham boshqa bo‘lganida, bunchalik tanqid bo‘lmas edi. Ishonch bilan ayta olamanki, bu qo‘shiq o‘z muxlislarini topa oldi.

— Prodyuseringiz: “Bir yildan so‘ng ‘Istiqlol’ san’at saroyida jonli ijroda konsert beramiz”, dedi.
— Hozir qo‘limdan kelganicha ijod qilyapman. Konsert berishdan oldin muxlislarim qo‘llab-quvvatlashiga, ularning qalbidan joy egallaganimga ishonishim kerak. Konsert berishimga haqqoniy talab bo‘lsa, o‘sha darajaga yetsamgina, albatta, konsert beraman.

— Hozir deyarli hech kim tanimaydigan xonandalar ham konsert bermoqda.
— Meni unday niyatim yo‘q: konsertimga majburan emas, qiziqib, muxlis bo‘lib tushishlarini istayman. Bir yil mobaynida tinimsiz mehnat, ijod qilib, konsert berish darajasiga yetsam, ilk yakkaxon dasturimni taqdim etaman. Bo‘lmasa — kutaman, ijod va mehnatdan to‘xtamayman.

— Sizga kim homiylik qilayapti?
— Asosan o‘zimiz, oilamiz. Oila a’zolarim bilan maslahatlashib, bir to‘xtamga kelganimizdan so‘ng, buni prodyuserimiz bilan kelishib olamiz.

Яндекс.Метрика