У нас есть только
оригинальные песни

Xonanda Lola: Rost qanchalik achchiq bo‘lmasin uni qabul qilishga o‘rganish kerak

calendar 06.07.2017
2125

“Darakchi” nashri xonanda Lola fe’l-atvoridagi 8 ta o‘ziga hos jihatni o‘zida aks ettirgan intervyuni taqdim etdi.

“Mehribonman…”Tashqi ko‘rinishimga qarab ko‘pchilik meni xarakteri og‘ir, hech kim bilan kelisholmaydigan inson deb o‘ylashi mumkin. Aslida, esa men juda nozik, mehribon va ko‘ngli bo‘sh ayolman. Har doim insonlarni tushunishda mehrni birinchi o‘ringa qo‘yaman.

“Qattiqqo‘lman…”

Mehrni ustun qo‘ysam ham ba’zida qattiqqo‘l bo‘lishimga ham to‘g‘ri keladi. Misol uchun farzandlarim tarbiyasida qattiqqo‘llikni endi o‘rgandim. Avvallari agar ular biror noto‘g‘ri ish qilishsa, urishardim-u, ammo biroz vaqt o‘tgandan so‘ng ko‘nglim bo‘shab kechirib yuborardim. Hozir esa biror ayblari uchun yaxshi ko‘rgan o‘yinchoqlari yoki mashg‘ulotlaridan mahrum qilsa, gapimda turishga harakat qilayapman. Chunki bolalar tarbiyasida qattiqqo‘llik eng zarur jihatlardan biri ekan.

“Tushungim kelmaydi…”

Har bir vaziyatda imkon qadar odamlarni tushunib, ularni qo‘llab quvvatlashga harakat qilaman. Ammo ishda, hayotdagi munosabatlarda, beshafqat, nosamimiy, ikkiyuzlamachilarni umuman tushunmayman. Bu kabi menga yoqmaydigan fe’l-atvordagi insonlar bilan hech qanday munosabat o‘rnatishni istamayman. Suhbatdoshim men bilan rostgo‘y va samimiy bo‘lsa, menga shuning o‘zi kifoya.

“Talabchanman…”

Har bir ijodkordagi kabi meni ham o‘zimga yarasha injiqliklarim bor. Bundan tashqari juda talabchanman. Har bir ish ideal darajada bo‘lishi shart! Atrofimdagilardan ham shuni talab qilaman. Bilasizmi, ba’zida bu fe’lim menga biroz halaqit ham beradi. Chunki hayotda ham, ishda ham hammasi o‘zimiz o‘ylagandek bo‘lavermaydi. Men esa ideallik darajasini talab qilib boshqalarni qiynab qo‘yaman. “Mayli, shu ham bo‘laveradi. Bir gal kamchiligi bo‘lsa, hech narsa qilmas… Bu xatolikni hech kim sezmaydi” deb vaziyatni bo‘sh qo‘yolmayman. Albatta, har bir ishim xayolimdagi kabi yuqori darajada bo‘lishi kerak.

“Agar meni aldashsa…”

U bilan butunlay aloqani uzaman. Vaziyatni oydinlashtirib, nega meni aldaganini tushuntirib berishini ham kutmayman. Bir marta ishlatilgan yolg‘ondan keyin u insonga ishonishim juda-juda qiyin. Men uchun yaxshilik yo‘lida yolg‘on ishlatdim, degan izohning o‘zi mavjud emas. Rost qanchalik achchiq bo‘lmasin uni qabul qilishga o‘rganish kerak. Men ham shundayman.

“Meni o‘zgartirgan hayot…”

Har bir inson hayoti davomida turli vaziyatlar ta’sirida o‘zgarib, mukammalashib boradi. Shaxsan men ham hayotimdagi ayrim voqealar sabab o‘zgarib, butunlay boshqa Lolaga aylanib boryapman. Misol uchun farzandlarimni dunyoga keltirganimdan keyin hayotga umuman boshqa ko‘z bilan qaray boshladim. Yuragingizining bir parchasi bilan birga nafas ola boshlab, “Men” o‘rniga “biz” degan tushuncha bilan yashar ekansiz. Nazarimda, har bir ayol ona bo‘lgandan so‘ng borliqni yana ham chiroyli ranglarda ko‘ra boshlaydi. Sobiq turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganimdan keyin ham qarashlarimda o‘zgarishlar, yangilanishlar paydo bo‘ldi. Yana ham to‘g‘riroq aytadigan bo‘lsam, menga ana shu ajrimgacha bosib kelgan yo‘l ta’sir qilgan. Ayni dam shaxsiy hayotimda sodir bo‘layotgan voqealar, taqdir yo‘limda bir insonning paydo bo‘lishi meni yana ham o‘zgarishimga sabab bo‘lyapti. Hayotga, dunyoga boshqa nigohlar bilan qarashni boshlayapman. Bundan esa juda baxtiyorman.

“To‘ng‘ichlik mas’uliyati…”

Oilada eng yaxshi tarbiya bu – o‘rnak bo‘la olish, deb bilaman. Ayniqsa, to‘ng‘ich farzandning uka-singillariga namuna bo‘lishi katta mas’uliyatni talab etadi. Shunday bo‘lsa-da, har bir narsada o‘zimdan bir yarim yosh kichik ukamdan maslahat so‘rayman. Nafaqat men, balki singillarim ham ukamning gapiga quloq tutib, yo‘l-yo‘riq so‘rashga odatlanishgan.

Яндекс.Метрика