У нас есть только
оригинальные песни

Yahoo! juda arzonga sotildi. Nega?

calendar 27.07.2016
2064

1. Yahoo!’ga asos solinganiga 20 yildan oshdi, ya’ni, u Facebook paydo bo‘lishidan ancha avval, Google’dan esa ikki yil avval ishga tushgan. Stenford universiteti aspirantlari Devid Filo va Jerri Yang avvaliga shunchaki internetdagi saytlar “katalogi”ni tayyorlagan, biroq faoliyatining dastlabki davridayoq u o‘z zamonasidan ilgarilab keta olgan. 1998-yilga kelib Yahoo!’ning bosh sahifasi internetdagi eng ommabop sahifalardan biriga aylanib ulgurgandi; 2004-yilga qadar, gmail paydo bo‘lishidan avval, hamma aynan Yahoo!’ning pochtasidan foydalanardi (ha, hotmail ham bor edi). Umuman olganda, Yahoo!’ning starti a’lo darajada bo‘lgan — biroq keyin nimadir bo‘ldi.

2. Faoliyatining ilk yillarida Yahoo! bir necha zo‘r xaridlardan voz kechgan, vaholanki, aynan o‘sha savdolar sabab bugun u yanada kuchliroq bo‘lishi mumkin edi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya imkoniyatlari bo‘la turib, ikki marta Google’ni sotib olmagan — avvaliga, 1998-yili Google uchun 1 million dollarni qimmat deb hisoblagan, 2002-yili esa uch milliard dollardan ortiq to‘lamayman, deb turib olgan. Bundan tashqari, Facebook hozirgidek mashhur va ommabop bo‘lib ketishidan ancha ilgari Yahoo! uni sotib olishga uringan, biroq tomonlar narx borasida kelisha olmagan.

3. Yahoo!’ning nafaqat amalga oshmagan xaridlari, balki amalga oshgan xaridlari ham katta xatoga aylangan. Broadcast.com qanday sayt ekanligini hozir birov bilmasa kerak, biroq 1999-yili Yahoo! shu loyiha uchun 5,7 milliard dollar to‘lagan. Overture nimaligini bilasizmi? Bu “klik evaziga to‘lov” texnologiyasini o‘ylab topgan kompaniya — aynan shu texnologiya ortidan keyinroq Google Adwords boyib ketdi. 2008-yili Yahoo!’ning o‘zi sotilishi mumkin edi — Microsoft qariyb 45 milliard dollarlik taklif bilan chiqqan. Ko‘pchilik aynan shu taklifning rad etilishini Yahoo! rahbariyatining qolgan barcha katta xatolaridan ham kattaroq xato deb hisoblaydi.

4. Shunga qaramay, Yahoo! aynan o‘zining savdo kelishuvlari tufayli bugun ham mavjud bo‘lib turibdi. Baxtga qarshi, muvaffaqiyatli chiqqan kelishuvlarning ko‘pchiligi Amerika bozorida emas, balki xorijda rasmiylashtirilgan. Xususan, Yahoo! Xitoyning Alibaba internet-reteyleri bilan qo‘shma korxona tashkil etdi, bu korxona esa keyinchalik qiymati 200 milliard dollardan ortiq bo‘lgan gigant kompaniyaga aylanib ketdi. Hozir Yahoo! Alibaba’ning 15 foiziga egalik qiladi — bu 31,2 milliard dollar degani. Qiyoslash uchun, Yahoo!’ning butun kapitalizatsiyasi 38 milliard dollarga teng va bu summa, o‘ylab ko‘rilsa, nafaqat Alibaba’dagi ulushni, balki Yahoo Japan’dagi hissa (yana 8,3 milliard dollar)ni ham o‘z ichiga olishi kerak. Oddiy qilib aytganda, Yaponiya va Xitoy korxonalaridagi ulushni hisobdan chiqarib tashlasa, Yahoo! qiymati manfiy tomondagi shirkatga aylanib qoladi.

5. Verizon esa Alibaba va Yahoo Japan’dan ortib qolgan aktivlarni ham nimagadir arziydi, deb hisoblamoqda. Aniqrog‘i, 4,8 milliard dollarga. Bu pul evaziga Verizon Osiyodagi biznes va patentlar to‘plamidan boshqa hamma narsani, xususan, Yahoo!’ning barcha ko‘chmas mulklari, oyiga bir milliardga yaqin unikal foydalanuvchilar (225 million kishi hali ham Yahoo! elektron pochtalaridan foydalanadi) va bir necha alohida kompaniyalarni, jumladan, Tumblr’ni qo‘lga kiritadi. Yahoo!’da investorlar ishonch bildirishi mumkin birorta ilg‘or texnologiya yo loyiha yo‘q — kompaniya ko‘pdan beri trendlarga yetib olishga harakat qiladi, xolos; o‘zi hech narsaga asoschi yoki boshlovchi bo‘lmay qo‘ygan.

Яндекс.Метрика