Yaponiyaning 80 yosh va undan oshgan fuqarolari soni 10 million nafardan oshdi, qariyb har to'rtinchi yaponning yoshi esa 65dan o'tgan. Mazkur ma'lumotlarni mamlakat Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi taqdim etdi.
Ushbu statistik raqamlar Yaponiyada har yili sentyabr oyining uchinchi dushanbasida nishonlanuvchi Keksalarni hurmat qilish kuni – milliy bayrami munosabati bilan chop etiladi. 2015 yilda mazkur sana 21 sentyabrda nishonlanmoqda.
80 va undan oshgan yaponiyaliklarning umumiy soni 10,2 million yoki mamlakat aholisining 7,9 foizini tashkil etadi. Bu esa 1950 yildan buyon eng yuqori ko'rsatkich sanaladi.
12,9 foiz yoki 16,4 mln yaponiyaliklarning yoshi 75 va undan ortiqni tashkil etadi. 33,8 mln atrofidagi kishilar esa 65 yillik hayot yo'lini bosib o'tishgan. Ularning ko'pchiligi – 19,2 millioni ayollardir. 65dan o'tgan erkaklar soni esa taxminan 14,6 million nafarni tashkil etadi. 65dan oshgan yaponlarning 6,8 millioni mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
Yaponiyada yuz bilan yuzlashganlar soni taxminan 60 ming nafar. 2014 yilda erkaklarning o'rtacha umr kechirish davomiyligi 80,21 yilni tashkil etgan bo'lsa, ayollar ulardan 6,3 yil uzoqroq hayot kechirishadi – 86,6.