Yevrofutbol: Dam olish kunlari bizni kutayotgan eng qiziqarli 10 o'yin

«Televizorni qo'ysam, Angliya terma jamoasi Malta bilan o'ynayotgan bo'ladi. Sharhlovchining raqib futbolchilaridan birining bo'sh vaqtida sartaroshlik qilishini ayta boshlaganda, bu futbol emas, deyman o'zimga o'zim. Terma jamoalar uchun ajratilgan haftalarni yomon ko'raman, qaniydi tezroq liga o'yinlari boshlansa». Bu sobiq murabbiy, ingliz mutaxassisi Harri Rednappga tegishli so'zlar.

Biz ham terma jamoamizning o'yiniga qarab turib, xuddi Rednapp kabi «bu futbol emas» deb qo'ygan bo'lsak ham, zerikmadik. Endi esa. Yanayam qiziqroq bo'ladi. E`tiboringizga dam olish kunlari bizni kutayotgan eng qiziqarli o'yinlar o'nligini havola etamiz.

MeTTs – PSJ

8 sentabr. 23:45.

Parijliklarning transfer bozoridagi xaridlari nafaqat klub uchun, balki Liga 1 uchun ham juda foydali bo'lishi tabiiy. Odatda, musobaqaning navbatdagi o'yini sifatida qaraladigan bu o'yinni futbol muxlislariga tavsiya qilgan bo'lardik. Zero Kilian Mbappe va Neymarning Parij klubida qay darajada o'zlarini ko'rsatishlari, Kavani, Di Mariya kabi futbolchilar bilan qanday kuch xosil qilishlarini kuzatib borish qiziq bo'lsa kerak.

«Metts»esa, mavsumni juda yomon boshladi – 4 o'yin, 4 mag'lubiyat. Buning ustiga navbatdagi sinov, axir bechoralarning avvalgi mehmoni «Monako» bo'lgandi.

 

MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL

9 sentabr. 16:30.

«Liverpul»ning Yurgen Klopp boshchiligida top jamoalarga qarshi o'yinlari alohida diqqatga sazovor. O'tgan mavsumda jamoa kuchli oltilikka qarshi o'tgan o'yinlarning birortasida ham mag'lub bo'lmagandi. Xususan, «Manchester Siti» ham uyda, ham safarda mag'lub etilgan.

Shuningdek, balki Filippe Koutinoning ham maydonga tushishini kutishimiz mumkin. Futbolchi Braziliyadan qaytdi va jamoasi bilan mashg'ulotlarga kirishdi. 

«Liverpul» hali ham o'sha-o'sha, o'zgargani yo'qligini «Arsenal»ga qarshi o'yinda ko'rdik. Chempionlik uchun eng asosiy da`vogar sanalayotgan Pep Gvardiola shogirdlari esa, allaqachon o'z maydonlarida ochko yo'qotib ulgurishdi. Liverpulning boshqa klubi bilan o'yinda...

 

EVeRTON – TOTTeNHEM

9 sentabr 19:00

Liverpulning boshqa klubi transfer oynasida eng faollardan biri bo'ldi. Ayniqsa hujum chizig'ini Sandro Ramires, Ueyn Runi, Gulfi Sigurdsson kabi yangi futbolchilar tashkil qilmoqda. Albatta, jamoaning shakllanib olish davrida kuchli raqiblarga duch kelib bir tomondan foyda. Har qanday holatdayam qiyin o'yinlarni mana shu paytda o'tkazib olish, keyin esa, osonroq raqiblar bilan o'ynash - qulay taqvim.

Xullas, «Manchester Siti» va «Chelsi» sinovidan keyin Kuman shogirdlari «Tottenhem» sinovidan o'tishadi. London klubi hozircha u qadar ishonchli harakat qilmayotgan bo'lsa-da, eng xavfli raqiblardan biri. Uzoq vaqt transfer bozorida sokin bo'lgan Pochetinno so'nggi kunlarda Devinson Sanches, Serjio Ore va Fernando Lorente kabi futbolchilarni sotib oldi. Buning ustiga avgust tugadi, demak, Harri Keyn ham bemalol gollar urishi mumkin.

 

NITsTsA – MONAKO

9 sentabr. 20:00

«Monako»ni kuzatish bu yil yanada qiziq bo'ladi. Deyarli barcha yetakchilarini sotib, transfer bozorida 300 million yevroga yaqin daromad qilgan Fransiya chempioni endi yangi ko'rinishda, yangi tarkibda «PSJ»ga qarshilik qilishda davom etadi. Hozircha, ular buni uddalashyapti – 4 o'yinda 4 g'alaba.

O'tgan mavsumda chempionlik uchun so'nggi turlargacha kurash olib borgan nitstsaliklar esa, hozircha u qadar yaxshi taassurot qoldira olishmayapti. Ammo aynan «Monako» kabi raqiblarga qarshi, ayniqsa, o'z maydoida «Nitstsa» baribir xavfli raqib bo'lib qolaveradi va o'yin juda qiziqarli kechsa kerak.

 

LeSTeR – CheLSI

9 sentabr. 19:00

 

Premer Liganing so'nggi chempionlari Lesterda to'qnash keladilar. Uslub jihatidan bir-biriga juda yaqin bo'lgan jamoalar. 

«Byornli»dan o'z maydonidagi mag'lubiyat, jarohatlar va diskvalifikatsiyalar, transfer bozoridagi g'alati voqealardan so'ng, «Chelsi»da ikki yil avvalgi ssenariy takrorlanishi mumkinligini taxmin qila boshlashgandi. Ammo Konte jamoasi tezda o'zini o'nglab oldi va ikki kuchli raqib ustidan ishonchli g'alabaga erishdi.

«Lester»ni esa, ikki mag'lubiyatda ayblash qiyin – ular «Emiraytes» va «Old Trafford»da mehmon bo'lgandilar. O'z maydonida esa, Shekspir shogirdlari har qanday raqibga qarshilik qila olishi mumkin.

Yana bir e`tiborga molik jihat, Denni Drinkuoter sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi mumkin.  

 

HOFFeNHAYM – BAVARIYa

9 sentabr. 21:30

O'tgan mavsum kashfiyotlaridan biri «Hoffenhaym» klubi Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo'l ololmadi. Ammo Bundesligada hali ham kuchli raqib sifatida qolmoqda. O'tgan mavsumda bu klub «Bavariya» ustidan g'alaba qozonishning uddasidan chiqqan edi.

«Bavariya» boshqa ligalardagi yetakchilar singari, hozircha yo'qotishsiz bormoqda. Ammo Jyerom Boateng, David Alaba kabi himoyachilar Anchelottiga yordam bera olmasliklari mumkin. O'z navbatida «Hoffenhaym» ham bir necha yetakchilarsiz maydonga tushadi – Adam Salai, Serj Gnabri, shuningdek, Benjamin Xo'bnerning tushishi ham so'roq ostida turibdi. 

 

STOK SITI – MANCheSTeR YuNAYTeD

9 sentabr. 21:30

Joze Mourino shogirdlari hozircha yuz foizlik natija ko'rsatib kelayotgan bo'lishsa-da, ular uchun haqiqiy sinov endi boshlanishi mumkin. Chunki ilk turlardagi raqiblar, tan olish kerak, u qadar kuchli emas edi.

«Arsenal» ustidan g'alaba qozongan «Stok Siti» o'z maydonida eng xavfli raqiblardan sanaladi. Xususan, «Manchester Yunayted» uchun noqulay – manchesterliklar «Britaniya»da oxirgi marta Fergyuson davrida g'alaba qozonganlar. Keyingi o'yinlar ikki mag'lubiyat va ikki durang bilan yakunlangan.

Kurt Zuma,  Kevin Vimmer kabi himoyachilarni sotib olgan «Stok Siti» peshqadamga yetarlicha qarshilik ko'rsata oladi. Hujumda ham gol uradigan yigitlar bor.

 

VALeNSIYa – ATLeTIKO

9 sentabr. 19:15

Afisha nuqtai nazaridan tarixiyroq ko'rinsa-da, ayni pallada, ayniqsa, mavsum boshida bu uchrashuv ham juda qiziq o'tishi kutilmoqda.

«Valensiya» ayniqsa, o'tgan turda Madridda juda yaxshi o'yin ko'rsatdi va «Real»dan ochko olishni uddaladi. Hatto g'alaba qozonishi mumkin.

«Atletiko» esa, qatorasiga uchinchi o'yinni safarda o'tkazmoqda. Birinchi turda debyutant bilan durang qayd etilgan bo'lsa-da, Las Palmasda jamoa o'ziga keldi va yirik g'alabaga erishdi.

Shuningdek, Diyego Simeone bilan tuzilgan yangi shartnoma jamoani yanada jipslashtirishi va kuchaytirishi mumkin.

 

BARSeLONA – ESPANOL

9 sentabr. 23:45

Kataloniya derbisi. Har doimgidek qiziq bo'ladi.  Jamoalarning so'nggi uch o'yinida «Barselona» yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lsa-da, har bir o'yinda «Espanol» yetarlicha qarshilik ko'rsatganini ta`kidlash mumkin.

«Espanol» o'tgan turda o'z maydonida mag'lubiyatga uchragan bo'lsa-da, birinchi turda safarda “Sevilya” kabi kuchli jamoa bilan munosib o'ynab, durangga erishgandi.

Bundan tashqari, «Barselona»ning yangi xaridlari Poulino va Usmon Dembelening nihoyat maydonda ko'rish barcha uchun qiziqarli bo'lsa kerak.

 

LATsIO – MILAN

10 sentabr. 18:00

 

Kelasi hafta Yevropa Chempionlar Ligasi boshlanishi munosabati bilan, peshqadam jamoalarning hammasi shanba kuni maydonga tushishadi.

Yakshanbada zerikib qolsangiz, albatta, A Seriyaning mana shu o'yinini tomosha qilishingiz mumkin. Azaliy Rim va Milan to'qnashuvi. 

«Milan» mavsumni juda kuchli boshladi, Italiya chempionatida ham, Yevropa Ligasida ham faqat g'alaba qozonib kelmoqda. 

Bir qator yetakchilarini saqlab qola olgan «Latsio» ham o'tgan ikki turda mag'lubiyatga uchragani yo'q. Umuman mavsumni «Yuventus» ustidan qozonilgan g'alaba, ya`ni Italiya Superkubogi sovrini bilan boshlagan jamoada kayfiyat ancha yaxshi bo'lishi tabiiy. Marketti, Filipe Anderson kabi futbolchilar hali ham jarohatdan tiklanib ulgurmagan bo'lishsa-da, rimliklar tarkibida yetarli o'rinbosarlar bor.

 

Qahramon Aslanov tayyorladi.


Комментарии (0) | Добавить: 08.09.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
MP3 va KLIP Izlash