У нас есть только
оригинальные песни

Yigitali Mamajonov: Yana bir bor oila qurishim aniq

calendar 22.09.2016
2400

Aktyor Yigitali Mamajonov “Darakchi.uz” saytining “Qisqa va lo‘nda” loyihasida ishtirok etib,  ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Mavsum yangiligi

Ayni kunlarda yangi filmning suratga olish ishlari bilan bandmiz. Yosh rejissor Malika Teshaboyevaning “Begunoh” kartinasida bosh rollardan birini ijro etyapman. Bundan tashqari, Kuvanish Reymbayev suratga olayotgan “Kokteyl”filmida ham hamkorlik qilyapmiz.

Tushkunlikka tushsam…

Men avvalo tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman. Chunki har bir kunimiz g‘animat. Uni xafagarchilikda, yomon kayfiyatda o‘tkazmasligimiz kerak. Lekin har xil vaziyat bo‘ladi. Agar kayfiyatimni tushiradigan vaziyat bo‘lib qolsa, onajonim bilan gaplashishga harakat qilaman. Onalarning duosida gap ko‘p.

Sport

Sport bilan muntazam shug‘ullanishimni ko‘pchilik yaxshi biladi. Ammo buni hadeb takrorlayversam, o‘qigan odamga erish tuyilishi, xuddi maqtanayotgandek bo‘lib ko‘rinishim mumkin. Inson sport bilan atrofdagilar uchun emas, o‘z sog‘lig‘ini o‘ylab shug‘ullanadi.

Mo‘jiza

Bu borada juda ko‘p gapirsa bo‘ladi. Qisqacha aytsam, inson yaralishining o‘zi bir mo‘jiza.

Mish-mishlar…

Ochig‘i, gap-so‘zlarga jiddiy qaramayman. Odamlar yo bekorchilikdan, bilib-bilmay yoki ataylab mish-mish gaplarni tarqatishi mumkin. Shunday ekan, bunday gaplarga e’tibor bermaslikka harakat qilaman, boshqalarga ham shuni maslahat beraman. Men haqimda doim turli gap-so‘zlar yuradi. Ularni izohlab, o‘zimni oqlashim shart emas. Meni yaxshi taniganlar qandayligimni biladi.

Yolg‘on

O‘zim yolg‘on gapirmayman. Shuning uchun ham aldaydiganlarni yoqtirmayman. Agar suhbatdoshim menga yolg‘on gapirayotgan bo‘lsa, uni tezda anglab olaman. Buni ko‘zlaridan bilib olaman. Ammo o‘sha odam bilan hech qachon urushib, janjallashmyaman. O‘zim uchun xulosa qilaman.

Xafa qilsam…

Agar kimnidir bilib-bilmay ranjitib qo‘ysam, o‘sha zahoti kechirim so‘rayman. Aks holda, “ko‘nglini og‘ritib qo‘ydim”, deb siqilib yuraman. Agar ayb menda bo‘lmasa, vaziyatga qarayman. Agar mendan yoshi katta inson bo‘lsa, har qanday holatda uzr so‘rashdan uyalmayman. Kechirimli bo‘lish insonning eng yaxshi fazilatlaridan biridir.

Yoqtirmagan savol

Shaxsiy hayotimga tegishli bo‘lgan savollarni yoqtirmayman. Ayniqsa, begona va hayotimga aloqasi bo‘lmagan inson shunday savol bersa, jahlim chiqishi aniq. Chunki hayotim, oilam va o‘zimni birovlar bilan muhokama qilishni yomon ko‘raman.

Kumir

Kumirlarim juda ko‘p. Aktyorlardan Al Pachino, Robert De Niro, Tom Xenks, Rassel Krou, Leonardo Di Kaprio, Uill Smit va yana ko‘plarning ijodini kuzatib, o‘rganaman. Xonandalardan esa Maykl Jekson, Adel, Andrea Bochelli, Betxoven, Bax, Shostakovich, Chaykovskiy va boshqa klassik va estrada ijodkorlari qo‘shiqlarini mazza qilib tinglayman.

Sayohat

Ko‘pgina joylarga sayohatga borishni istayman. Asosiysi, yo‘l olgan joyim tinch bo‘lishi shart. Keyin tarixi, manzarasi, iqlimi ham menga to‘g‘ri kelishiga qarab, sayohatga chiqaman.

Oila

Oila mavzusida juda ko‘p savollar berishadi. Ularga javob berishni yoqtirmasligimni aytim, lekin shunday bo‘lsa-da, “Darakchi” uchun qisqacha to‘xtalib o‘taman: yana bir bor oila qurishim aniq. Faqat qachonligini o‘zim ham bilmayman. Bir kun albatta oqila, odobli, ozoda, itoatkor qiz uchrashiga ishonaman.

***

Ma’lumot uchun, aktyor Yigitali Mamajonov xonanda Rayhon G‘aniyeva bilan 2012-yilning noyabrida turmush qurgan edi. 2014-yilning may oyida esa Rayhon egizak farzand tuqqan, ularga Islom va Imron deb ism qo‘yilgan.

Яндекс.Метрика