У нас есть только
оригинальные песни

Yilning asosiy voqealari: tarixda iz qoldirgan kunlar

calendar 30.12.2017
1411

2017 yil poyoniga yetmoqda. Butun dunyo tarixida iz qoldirib o'tayotgan bu yilda eng yaxshi kunlar ham, eng yomon kunlar ham bo'lib o'tdi. Bu yilda ham katta siyosiy voqealar, qarorlar va oqibatlarni kuzatdik. Kun.uz o'z nuqtai nazari bo'yicha yilning eng asosiy voqea-hodisalarni yodga oladi.

Istanbuldagi qirg'in

Foto: Milliyet

Yil juda yomon voqea bilan boshlandi. 2017 yilning birinchi kuniga o'tar kechasi Istanbuldagi Reina nomli tungi klubga qurolli hujum uyushtirildi. Ushbu xunrezlik oqibatida 39 kishi halok bo'ldi va 69 kishi jarohatlandi. Keyinroq bu terakt ijrochisi O'zbekiston fuqarosi Abdulqodir Masharipov ekani ma`lum bo'ldi. U 1983 yilda O'zbekistonda tug'ilgan, IShIDga a`zo bo'lib, Afg'onistonda harbiy tayyorgarlikdan o'tgan, 2016 yilda Turkiyaga borgan.

Fevral oyida Turkiyada uni sud qilishdi, u o'z qilmishidan afsusda emasligini bildirib, o'zi uchun o'lim hukmi so'radi. Turkiya maxsus xizmatlari uning ko'rsatmalari asosida o'nlab kishilarni hibsga oldi.

Kim Chen Namning o'ldirilishi

Foto: TASS

13 fevral kuni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning akasi Kim Chen Nam Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda shubhali tarzda o'lim topdi. U Makaoga uchayotganida hushsiz yiqildi. Keyinroq ma`lum bo'lishicha, u yollanma qotillar bo'lgan ikki ayol tomonidan zaharlangandi. Malayziya hukumati bu qotillar shimoliya koreyalik agentlar ekanini aytgach, KXDR va Malayziya munosabatlari yomonlashdi. Qotillikda gumonlanganlar o'zlariga qo'yilgan ayblarni tan olishmadi. Bu ish yuzasidan sud jarayoni yakunlanmagan.

Trampning migratsion farmoni

Foto: ABC News

7 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp o'z ichiga 6 ta davlat fuqarolariga AQShga vaqtinchalik kirishni taqiqlovchi immigratsiya haqidagi yangi farmonni imzoladi. Bu farmon orqali Eron, Liviya, Suriya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolari AQShga kirishi taqiqlandi. Trampning muhojirlar bo'yicha tanlagan qat`iy siyosati jahon hamjamiyati tomonidan qoralandi.

Turkiya va Niderlandiya ziddiyati

Foto: Milliyet

11 mart kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho'g'lu Niderlandiyaga kiritilmadi. Niderlandiya hukumati bu qarorini Turkiyadagi konstitutsion islohotlar bo'yicha referendum arafasida mamlakat hududlaridan tashqarida boshlagan tashviqot ishlariga qarshi qabul qildi. Taqiqlovga qaramay, shanba kuni Fatma Betyul Sayyan Kayya Germaniyadan bu mamlakatga keldi. Biroq politsiya unga turk diasporasiga murojaat qilish imkonini bermadi, shu bilan birga konsullikka kirishni bloklab qo'ydi. Bir necha soat o'tgach, vazir "nomaqbul xorijlik" deya e`lon qilindi va Niderlandiya politsiyasi hamrohligida Germaniyaga qaytarib yuborildi. Shundan so'ng, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an Niderlandiya rahbariyatini fashistlarga tenglashtirdi, Turkiya Niderlandiyaga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Peterburg terakti

Foto: TASS

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosining «Texnologiya instituti» bekatiga «Sennaya ploshchad» bekatidan kirib kelgan poyezdda portlash sodir bo'ldi. Portlash oqibatida halok bo'lganlar soni 16 nafarni tashkil qildi, 49 kishi jarohatlandi. Ushbu hodisa terakt sifatida baholandi va uni xudkush ijro etgani ma`lum qilindi. Terakt ijrochiligida qirg'izistonlik o'zbek Akbarjon Jalilov ayblandi. Ushbu terakt tashkilotchisi sifatida Abror Azimov, keyinroq uning akasi Akram Azimov qo'lga olindi.

Idlibda kimyoviy qurol qo'llandi

Foto: RIA Novosti

4 aprel kuni Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari monitoringi markazi Xan-Shayxunga zaharli gaz to'ldirilgani taxmin qilingan bombalar tashlangani, buning oqibatida kamida 100 kishi, shu jumladan o'nlab nafar bola ham halok bo'lgani haqida xabar tarqatdi. Bu hujum Bashar Asad hukumati tomonidan sodir etilgani iddao qilindi. AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya BMT Xavfsizlik kengashiga Idlib viloyatida kimyoviy qurol qo'llangani bo'yicha rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi, Rossiya Suriyani asossiz ayblamaslikka chaqirdi.

Stokholm terakti

Foto: TASS

7 aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokholm shahrida yuk mashinasi odamlarni bosib o'tdi. Ushbu terrorchilik hujumi oqibatida 5 kishi halok bo'ldi, 15 kishi jarohat oldi. Terakt ijrochisi sifatida o'zbekistonlik Rahmat Oqilov qo'lga olindi. Rasmiy Toshkent Rahmat Oqilov IShID a`zosi bo'lganini, u fevral oyida qidiruvga berilganini tasdiqladi. Oqilov ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

AQShning Suriyaga zarbasi

Foto: apnews

7 aprel kuniga o'tar kechasi AQSh Suriyaning Xoms viloyatidagi hukumat harbiylari nazoratida bo'lgan Shayrot aerodromiga zarba berdi. Bu suriyalik harbiylar tomonidan Idlibda kimyoviy qurol ishlatilganiga javoban yuz berdi. AQSh o'zining harbiy kemalaridan 59ta “Tomagavk” qanotli raketalarini uchirgandi. Amerika qanotli raketalari yordamida qilingan hujum tufayli Suriya HHK bazasi butunlay vayron etildi.

Erdo'g'an - superprezident

Foto: Reuters

16 aprel kuni Turkiyada Konstitutsion islohotlarga bag'ishlangan referedum bo'lib o'tdi. Uning natijalariga ko'ra, saylovchilarning 51,41 foizlik qismi Turkiyani parlamentar respublikadan prezidentlik respublikasiga aylanishini yoqlab ovoz berdi. Endilikda, mamlakatning amaldagi prezidenti yana ikki muddatga saylanishi va 2029 yilga qadar hokimiyat tepasida qolishi mumkin.

Fransiyada prezidentlik saylovi

Foto: AFP

23 aprel kuni Fransiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi o'tkazildi. Unda 11 nomzod ishtirok etdi. Birinchi turda ikki nafar asosiy nomzod - «En Marche» («Olg'a») harakati yetakchisi Emmanuel Makron va Milliy front rahbari Marin Le Pen ajralib qolib, ikkinchi turga o'tishdi. 7 may kuni o'tkazilgan ikkinchi turda Emmanuel Makron mutlaq ustunlik bilan g'olib chiqdi.

Xitoydagi forum

Foto: O'zA

14-15 may kunlari Xitoy tashabbusi bilan Pekin shahrida «Bir makon – bir yo'l» formatidagi forum o'tkazildi. Forumda 29 mamlakat rahbari qatorida O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Bu forum orqali Sharqiy Osiyo mamlakatlarini Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy jihatdan yaqinlashtirish nazarda tutilgan.

Tramp Yaqin Sharqda

Foto: NTV

AQSh prezidenti Donald Tramp 19 may kuni o'zining ilk xorijiy safariga chiqdi. Uning turnesi 9 kun davom etdi. AQSh rahbari avval islom dini markazi - Saudiya Arabistonida bo'ldi va qirollik bilan 100 milliard dollarga qurol sotish bo'yicha kelishuvga erishdi. U shuningdek, AQSh va Arab davlatlari forumida ishtirok etib, 40ta arab davlati rahbarlari qarshisida chiqish qildi va terrorizmga qarshi kurashda birlashishga chorladi. Uning keyingi manzili yahudiy dini vatani - Isroil bo'ldi. Tramp safarini xristianlik dini markazi - Vatikanda yakunladi.

Venesuelada tanglik

Foto: Reuters

1 aprelda prezident Nikolas Maduroni qo'llab-quvvatlovchi Venesuela Oliy sudi Milliy assambleya (parlament) o'rniga o'zini qonunchilik organi deb e`lon qilib, deputatlarni immunitetdan mahrum etish haqida qaror chiqarganidan keyin mamlakat namoyishlar girdobida qoldi. Inqiroz chuqurlashib, mamlakatda ochlik va harbiy g'alayonlar boshlandi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Venesuelaliklar ovqat izlab qo'shni mamlakatlarga keta boshladi. Maduro hukumati esa har qanday norozilikni shafqatsizlik bilan bostirib kelmoqda.

IShID Filippinda

Foto: Reuters

May oyida IShID ta`siri ostidagi jangarilar Filippinda xalifalik tuzgani haqida e`lon qildi. Maravi shahrini o'ziga markaz qilgan jangarilar bir oyga yaqin vaqt davomida Filippin qurolli kuchlariga qarshilik ko'rsatdi. To'qnashuvlar vaqtida tinch aholi vakillaridan yuzlab kishilar halok bo'ldi.

Fors ko'rfazi inqirozi

Foto: SANA

Iyun oyi boshida Saudiya Arabistoni Qatarni terrorizmni qo'llab-quvvatlashda aybladi va diplomatik aloqalarni uzdi. Boshqa ko'plab arab davlatlari ham, xususan, Bahrayn, Misr, BAA kabilar Saudiya Arabistoni ortidan Qatar bilan aloqalarni to'xtatdi. Blokada qiluvchi davlatlar Qatarga o'z talablarini bildirishdi. Vaziyat noyabr oyiga kelib yumshay boshladi.

Ostonada ShHT sammiti

Foto: O'zA

8-9 iyun kunlari Qozog'iston poytaxti Ostona shahrida ShHT davlatlari rahbarlari ishtirokida tashkilotning 17-sammiti o'tkazildi. Unda Hindiston va Pokistonning tashkilotga a`zo bo'lib kirgani asosiy voqeaga aylandi. Sammitda qatnashgan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida sammit ishtirokchilari e`tiborini Afg'onistondagi vaziyatni yaxshilash zarurligiga qaratib, u yerda sodir etilayotgan davomli teraktlar dunyoning barcha mamlakatlari uchun xavf solayotganini alohida ta`kidladi. Ushbu tahdidlarga hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirgan holda qarshi kurashish zarurligini qayd etdi.

Tramp va Putin Hamburgda uchrashdi

Foto: Reuters

7-8 iyul kunlari Germaniyaning Hamburg shahrida G20 sammiti bo'lib o'tdi. Har yili o'tkaziladigan sammitda «Katta yigirmatalik» davlatlari rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishdi. E`tiborli jihati sammit doirasida AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putin ilk marta yuzma-yuz uchrashdi. Ular ilk uchrashuvda Suriyada o't ochishni to'xtatish masalasini muhokama etishgan.

Sharlotsvill voqealari

Foto: AFP

AQSh tarixida 12 avgust sanasi tund qiyofadagi kishilarning hayqirig'i, irqlar kurashi va qotilliklar yuz bergan kun sifatida nom qoldirdi. Sharlotsvilldagi namoyishchilar ustiga mashina bilan bostirib borgan Jyeyms Aleks Filds Kichkinaning harakatiga nisbatan mamlakat rahbari jiddiy munosabatda bo'lmagani masalani chigallashtirib yubordi. Amerika yana rasizm bilan to'qnashdi.

Myanma rohingyalari

HANNAH MCKAY/ REUTERS

Avgust oyida aholisi buddizmga e`tiqod qiluvchi Myanmada istiqomat qiluvchi kam sonli musulmon-rohingya jamoalari yashaydigan 2,5 mingdan ortiq uyga o't qo'yildi, yuzlab kishilar o'ldirildi. Natijada, o'n minglab rohingyalar qo'shni Bangladeshga qochib o'tdi. Jahon hamjamiyati bu voqealarni qattiq qoralab chiqdi, Myanma hukumatiga sanksiyalar tahdidi paydo bo'ldi.

Shimoliy Koreyaning yadroviy sinovlari

KCNA/ REUTERS

Shimoliy Koreya yil davomida raketa sinovlarini o'tkazib turdi, bahorda Janubiy Koreya razvedkasi shimolliklar yangi yadroviy qurilmalarga ega bo'lganini aniqladi. Sentyabr oyi boshida esa KXDR 120 kilotonna trotil ekvivalentiga teng vodorod bombasini portlatib sinovdan o'tkazdi. Bu bomba 1945 yilda Xirosimaga tashlangan bombadan ko'ra 8 marta kuchliroqdir. Ko'p o'tmay qit`alararo harakatlanuvchi ballistik raketa muvaffaqiyat bilan sinovdan o'tkazilgani ma`lum qilindi. Bu esa dunyo hamjamiyatining qattiq tashvishini keltirib chiqardi. AQSh va Janubiy Koreya bunga javoban harbiy mashg'ulotlarni jadallashtirdi, harbiy ekspertlar urush boshlanishidan xavfsiray boshlashdi.

Meksikadagi zilzila

Foto: Reuters

19 sentabr kunining ikkinchi yarmida Meksika janubida kuchli – 7,4 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu Meksikada keyingi 30 yildan ortiq vaqt ichidagi eng halokatli zilzila bo'ldi. Tabiiy ofat qurbonlari soni 300 nafardan oshdi.

BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi

Foto: Skrinshot

19-22 sentabr kunlari Nyu-York shahridagi BMT Bosh qarorgohida Bosh Assambleya 72 sessiyasi bo'lib o'tdi va unda O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. O'zbekiston rahbari jahon hamjamiyatini Orol muammosiga qaratdi, shuningdek, terrorizm va ekstremizm muammosi haqida gapirdi, BMT faoliyatini yaxshilash uchun takliflar berdi.

Suriya va Iroqning IShIDdan ozod bo'lishi

Ammar Safarjalani / Xinhua / Scanpix / LETA

3 yildan ortiq vaqt davom etgan Suriya va Iroqdagi urushda IShID mag'lub etildi. Yozda Iroqda Mo'sul, Suriyada Raqqa shaharlari ozod etilgach, IShID davlat sifatida mavjudligini yo'qotdi. Ayni vaqtda kam sonli jangarilar kichik hududlarda yashiringan holda qolmoqda va harbiy harakatlar olib bormayapti. Endilikda, Iroq qarshisida Kurdiston muammosi turgan bo'lsa, Suriyada Bashar Asad hukumati muxolif guruhlarga asosiy e`tiborini qaratadi.

Iroq Kurdistonida referendum

Foto: Reuters

25 sentabr kuni Iroq Kurdistonining mustaqil davlatga aylanishi yuzasidan referendum o'tkazildi. Referendumda 3,3 millionga yaqin kishi qatnashdi. Saylovchilarning aksar qismi mustaqillikni yoqlab ovoz berdi, ammo hukumat natijalarni tan olmadi.

Las-Vegasdagi fojia


Foto: Reuters

1 oktabr oqshomida Las-Vegasdagi kantri-festival qatnashchilariga qarata o't ochildi. Jinoyatchi «Mandalay Bey» mehmonxonasining 32-qavatidagi xonada bo'lgan va oynadan turib o't ochgan. 59 kishi o'limi va 500dan ortiq kishi jarohatlanishi bilan yakunlangan bu qonli hodisa Qo'shma shtatlar tarixidagi eng yirik ommaviy qotillik bo'ldi. Bu xunrezlik ruhiy muammolari bo'lgan 64 yoshli pensioner Stiven Peddok tomonidan sodir etildi.

Kataloniya referendumi

Foto: AFP

Ispaniyaning shimoliy-sharqiy hududida, Kataloniya avtonomiyasida, istiqomat qiluvchi aholi 1 oktabr katalonlarning mustaqillik masalasini hal etish uchun ko'chaga chiqdi. Ispaniya hukumati bu referendumni noqonuniy deb topdi va saylovchilarga qarshi kuch ishlatdi. Kataloniya rahbari Karles Puchdemon va uning tarafdorlari bo'lgan boshqa rahbarlar Belgiyaga qochib ketishga majbur bo'ldi.

Qirg'izistonda yangi prezident

Foto: kabar.kg

15 oktabr kuni Qirg'izistonda prezidentlik saylovi bo'lib o'tdi. Saylovda sobiq bosh vazir, sobiq prezident partiyasi bo'lmish Qirg'iziston sotsial-demokratik partiyasidan ilgari surilgan nomzod, Almazbek Atamboyevning vorisi Sooronboy Jeenbekov g'alaba qozondi. U asosiy raqibi «Respublika Ata-Jurt» partiyasi fraksiyasi rahbari Omurbek Babanovni ortda qoldirdi - 54,2 foizga 33,4 foiz.

Xitoyda qurultoy

THOMAS PETER/ REUTERS

Pekinda 18 oktabrda dunyodagi eng ko'p sonli partiya – Xitoy Kommunistik partiyasining navbatdagi 19-qurultoyi ochildi. Har 5 yilda bir o'tkaziladigan qurultoy natijalariga ko'ra davlatning yangi oliy rahbariyati saylandi va partiya nizomi qayta ko'rib chiqildi. Xitoy raisi Jinping Xitoy Kompartiyasi markaziy qo'mitasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylandi. Xitoyda kompartiya oliy rahbariyat hisoblanadi va barcha sohalarda - xalqaro siyosatdan tortib, ishlab chiqarish sohalarigacha nazorat qiladi. Aynan shu tufayli kompartiya s`yezdi yilning muhim siyosiy voqealaridan biri bo'ldi.

Nyu-Yorkda terakt

Foto: AP Photo

31 oktabr kuni Manhettenda yuk mashinasini boshqargan shaxs odamlarni qasddan urib yuborishi oqibatida 8 kishi halok bo'ldi, 12 kishi jarohatlandi. Terakt kelib chiqishiga ko'ra o'zbekistonlik Sayfullo Soipov tomonidan sodir etildi. Unga 22ta holat bo'yicha ayblov qo'yildi. IShID a`zosi bo'lgan Soipov sudda o'z qilmishidan afsusda emasligini bildirdi.

Saudiya Arabistonida taxt kurashi

Foto: AP

4 noyabr kuni Saudiya Arabistonida 11 nafar shahzoda va 4 nafar yuqori martabali amaldor korrupsiyada ayblanib hibs qilindi. Hibsga olinganlar orasida Saudiya Arabistonining birinchi qiroli Abdulaziz bin Saud Ol Saudning nabirasi, dunyoning eng badavlat kishilaridan biri Al-volid bin Talal ham bor edi. Hibsga olishlar keyin ham davom etdi. Bu hodisa valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning o'z raqobatchilaridan qutulish yo'lidagi harakati sifatida baholandi. 

Eronda kuchli zilzila

Foto: AFP

12 noyabr kuni kechki soat 09:18 da Eron va Iroq chegarasi hududida sodir bo'lgan 7,6 balli zilzila Yaqin Sharqning deyarli barcha hududlarida sezildi. Tabiiy ofat oqibatida 530 kishi halok bo'ldi, o'n mingga yaqin kishi jarohatlandi, 70 mingga yaqin kishi boshpanasini yo'qotdi.

Zimbabveda davlat to'ntarilishi

Foto: Philimon Bulawayo/Reuters

14 noyabr kuni Zimbabveda harbiylar mamlakat poytaxtiga kirdi. 15 noyabr kuni mamlakatga 37 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Robert Mugabe va oilasi qo'lga olindi. Bir hafta o'tib Mugabe iste`foga chiqdi, uning o'rnini sobiq vitse-prezident Emmerson Mnangagva egalladi. Robert Mugabe barcha sobiq davlat rahbarlari kabi imtiyozlarni saqlab qoldi. Bu tarixdagi eng tinch o'tgan davlat to'ntarishi bo'ldi.

Ukrainada notinchlik

Foto: .Gazeta.ru

5 dekabr kuni Gruziyaning sobiq prezidenti, Odessa oblastining sobiq gubernatori, «Dvijyeniya novyx sil» partiyasi yetakchisi Mixail Saakashviliga davlat to'ntarishini amalga oshirish bo'yicha ayb qo'yildi. Maxsus kuchlar uni qo'lga olish uchun uyiga keldi, ammo tarafdorlari uni ozodlikka chiqarishdi. Shundan keyin Kiyevda prezident Petro Poroshenkoning impichmentini talab etib, namoyishlar boshlanib ketdi. Ayni vaqtda Donbassdagi vaziyat ham taranglashdi.

Tramp Isroil-Falastin mojarosini qo'zg'adi

Foto: Reuters

6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsning Isroil poytaxti deb tan oldi. U AQSh Davlat departamentiga Tel-Avivdagi elchixonani Al-Qudsga ko'chirishga tayyorgarlik ko'rishni boshlash vazifasini topshirdi. Shundan so'ng Yaqin Sharqda yana vaziyat jiddiylashdi. HAMAS antifoda e`lon qildi, isroilliklar va falastinliklar o'rtasida yangi to'qnashuvlar ro'y berdi.

Rossiya Suriyadan chiqa boshladi

Foto: RIA "Novosti"

6 dekabr kuni Rossiya Bosh shtabi boshlig'i Valeriy Gerasimov Suriyada IShID guruhi butunlay yakson etilgani va jangarilar qo'lidagi hududlar ozod etilganini e`lon qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11 dekabr kuni Suriyaning Xmeymim shahrida joylashgan bazaga bordi. U Suriyadagi Rossiya harbiy kontingentining asosiy qismini ortga qaytarishga buyruq berdi. 

Putin yana nomzod, Navalniyni qo'yishmadi

Foto: Meduza

Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin 2018 yilgi prezident saylovida ishtirok etishini ma`lum qildi. U 27 dekabr kuni saylovlarda ishtirok etish uchun hujjatlarini topshirdi. Uning muxolifi, tashabbuskorlar guruhi tomonidan nomzodi ilgari surilgan siyosatchi Aleksey Navalniyni esa saylovga qo'yishmadi. MSK sudlangani vaji bilan uning hujjatlarini qaydnomadan o'tkazmadi. Navalniy esa bunga javoban o'z tarafdorlarini saylovni boykot qilishga chaqirdi. Rossiyada prezidentlik saylovi 2018 yilning 18 mart kuniga belgilangan.

Яндекс.Метрика