У нас есть только
оригинальные песни

Yuqori darajadagi hordiq: Dunyo yetakchilari bayramni qayerda nishonlaydi?

calendar 02.01.2018
1125

Donald Tramp

AQSh prezidenti Rojdestvo va Yangi yilni Palm-Bich kurort shahridagi (Florida shtati) o‘zining Mar-a-Lago qarorgohida kutib oldi. U yerda qor yo‘q, albatta, biroq bayramni maroqli o‘tkazishga yordam beradigan boshqa yo‘llar bisyor. Donald Tramp ta’til vaqtida Jastin Tomas va Daniel Berger kabi professional golfchilar bilan yashil maydon ustida bir necha bor bellashishga ulgurdi.

Hamma ham qishki ta’tilni Mar-a-Lagoda nishonlay olmaydi. Tramp klubining Yangi yil oqshomida faqatgina unga a’zolar va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etishi mumkin. Ular uchun kirish chiptasi tegishli ravishda 600 va 750 dollar. Mar-a-Lagoga a’zo bo‘lish uchun esa, dastlabki badalni — 200 ming dollar va har yili 15 ming dollardan to‘lash lozim.

Angela Merkel

Germaniya kansleri Angela Merkel qishki ta’tilni o‘tkazish uchun turmush o‘rtog‘i bilan Shveysariyaning Alp tog‘lariga yo‘l oldi. Merkel oddiy chang‘ida uchish va faol hordiqni ma’qul ko‘radi. Uning tog‘ chang‘ilarini ishlab chiqaruvchi sevimli brendi (Germina) ham bor bo‘lib, kansler 20 yildan beri unga “xiyonat” qilgan emas.

O‘tgan yili Merkel qishki ta’til vaqtida yiqilib tushib, tos suyagini sindirib olgandi. Shundan so‘ng Germina kompaniyasi unga bir juft yangi chang‘ilarni yuborgan, biroq kansler sovg‘ani qabul qilishni istamagan edi.

Yelizaveta II

Britaniya qirollik oilasi ham Rojdestvoni o‘ziga xos usulda nishonlaydi. O‘tgan yilgidek Yelizaveta II turmush o‘rtog‘i Filipp bilan Sandringemga — Norfolkdagi qasrga yo‘l oldi. U qirolicha Yelizavetaning shaxsiy mulki hisoblanadi.

Yelizaveta II har safar Rojdestvoni Sandringemda nishonlaydi. Birgalikda nonushta qilish va sovg‘a almashish uchun qirollik oilasining barcha a’zolari to‘planadi. Shundan so‘ng ular muqaddas Mariya Magdalina cherkoviga tashrif buyuradi.

Emmanuel Makron

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rojdestvo va Yangi yilni fransuz vazirlarining kayfiyatini buzishdan boshladi. Mamlakat rahbari ularga qishki ta’til vaqtida uzoqqa ketib qolmaslikni, shuningdek, bayram vaqtida telefonlarini o‘chirib qo‘ymaslikni buyurdi.

Rojdestvo arafasida Makron o‘zining 40 yoshga to‘lganini ham nishonlamoqda. Bayram oqshomi Yelisey saroyida bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng prezident rafiqasi Brijit bilan mamlakat shimolidagi Le Tuke shahriga yo‘l oldi.

Jastin Tryudo

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo joriy yildagi qishki ta’tilni o‘tgan yili shov-shuvlar domida qolganligi sabab oddiyroq nishonlashga qaror qildi. O‘tgan Rojdestvoda Tryudo oilasi bilan Bagamadagi orollardan birida nishonlagan edi.

Joriy yilda bosh vazir Ottava yaqinidagi tog‘ yonbarg‘larida joylashgan o‘zining rasmiy qarorgohiga yo‘l oldi. U yerda Tryudo Rojdestvo va Yangi yilni o‘z oilasi davrasida kutib oldi.

Яндекс.Метрика