“Zuvola” asl qo‘shiqlar milliy tanlovining dastlabki g‘oliblari taqdirlandi


O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan joriy yilning 25-yanvar kuni Respublikada ilk marotaba “Zuvola” asl qo‘shiqlar milliy tanlovi e’lon qilingan edi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi”.

Tanlov uchun Toshkent shahri va viloyatlarda ijod qilib kelayotgan juda ko‘plab xonandalar, ijodkorlar turli janr va yo‘nalishda ko‘plab yangi qo‘shiqlar yo‘llashgan. Jumladan, 2018-yilning 27-yanvaridan 15-fevraliga qadar tanlovda ishtirok etish uchun ko‘rsatilgan manzilga 2500 ga yaqin qo‘shiqlar taqdim etildi.

Mazkur tanlov yuzasidan shu kunga qadar bir necha marotaba hakamlar hay’ati yig‘ilishlari tashkil etildi va bunda shoirlar, bastakorlar hamda professional xonandalar tomonidan tanlovga yuborilgan qo‘shiqlarning matni, musiqasi hamda xonandalarning ijro mahoratiga katta e’tibor qaratildi. Natijada yuborilgan qo‘shiqlar orasidan tanlovda qatnashishga arziydiganlari saralab olindi.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining katta zalida “Zuvola” asl qo‘shiqlar milliy tanlovining dastlabki g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimini Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov ochib berdi hamda joriy yilning 25-yanvaridan to tanlov yakunlanishi nazarda tutilgan 15-fevralga qadar kelib tushgan 2500 ta qo‘shiqlar orasidan kuchli yigirmatalik uchun faqatgina to‘rtta qo‘shiq tanlab olinganligi va nisbatan yaxshi deya e’tirof etilgan 15 ta qo‘shiq esa tanlovning rag‘batlantiruvchi mukofotlari uchun mo‘ljallangan 30 ta qo‘shiqlari safiga kiritilganini takidlab o‘tdi.

“Zuvola” asl qo‘shiqlar milliy tanlovining datlabki to‘rtta g‘olibi aniqlandi va ularning har biriga 20 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari topshirildi.

Aziza Mamadaliyeva va Yulduz Abdurahmonova “Mayda-mayda” taronasi uchun, Shahzod Murodov “Ko‘ring”, Mahliyo Omon “Diyor madhi”, To‘lqin Jabbarov “Xayol etdim” taronalari uchun 20 million so‘mlik mukofotga munosib deb topildi.

“Zuvola” asl qo‘shiqlar milliy tanlovi 20-mayga qadar davom etadi.

ПРОФИЛЬ
Логин:
Пароль:
Свяжитесь с нами: info@yoshlar.com
2010-2019 © Yoshlar.com - Молодежный портал!