У нас есть только
оригинальные песни

FIFA-2010: Xakamlarning 10 ta jiddiy xatosi !!!

calendar 12.07.2010
2373


FIFA-2010: Xakamlarning 10 ta jiddiy xatosi


Futbol bo'yicha jahon chempionatining guruh o'yinlari yakuniga yetib, endilikda o'yinda mag'lub jamoa bemalol jomadonlarini yig'ib ketaverishi mumkin bo'lgan palla boshlandi. Ammo chempionatning o'tgan davriga nazar tashlasak, ijobiy jihatlar bilan birga qator nuqsonlarga ham dilimizni xira qilishi tayin. Bunday ko'ngilsizliklarning asosiylaridan biri – hakamlarning ko'plab xatoga yo'l qo'yishidir. O'zbekistonlik hakamga nisbatan jiddiy e'tirozlar bo'lmasa-da, boshqa «xushtak ustalari» ham bunday natija bilan maqtana olmaydilar. Di-jey Pilligrimning qo'shig'idagi «Millionlar o'yini»ni tomosha qilish uchun uning boshqa qo'shig'idagi «Ko'k choy»ni ichib asablarni tinchlantirishga to'g'ri kelmoqda. Eh, attang!

10. Xarri Kyuellning qizil kartochkasi

Gana – Avstraliya o'yini endi qizg'in tus ola boshlagandi. «Sokkeruz» tez golni urib, «qora yulduzlar»ni to'xtatishga shay turishgandi. Kutilmaganda Jon Mensa kuchli zarb berdi va uning yo'lini Xarri Kyuell to'sdi. To'p yelkaga tegdi, ataylab qo'l bilan o'ynashga hojat ham bo'lmadi. Ammo Roberto Rozetti shu kuni, «albatta, qizil kartochka ko'rsataman», deb maydonga tushganmi, deyman, ogohlantiruvchi sariq kartochkani izlab o'tirishni o'ziga ep bilmadi va darhol penalti belgilab, qizil kartochkani ko'rsatib qo'ya qoldi. Kyuell ancha vaqtgacha o'ziga kelolmay, maydonni tark etishni bilmay yurdi. Biroq tanish maqolni biroz o'zgartirib aytadigan bo'lsak: chiqarilgan qizil kartochka – otilgan o'q bo'ldi-qoldi. Keyinchalik bu kartochka uchun aybni Lyuk Uilkshir o'ziga oldi.




9. Kakaning o'yindan chetlashtirilishi

Kot-d’Ivuarga qarshi g'olibona o'yinda Kaka so'nggi daqiqalarda bir emas, naqd ikkita sariq kartochka olishga ulgurdi. Ikkinchisi Kader Keyt bilan biroz teginib ketgani uchun ko'rsatildi. «Galatasaray» forvardini avvaliga Luis Fabiano turtib yubordi, keyin esa Kakaning tirsagiga turtilib ketsa bo'ladimiq! Abdul Kader o'ylab o'tirmay, o'roq tekkan o't singari shartta chimga dumaladi. Stefan Lannua ham bunday «ajoyib aktyorlik mahoratini» yuqori baholadi va sariq kartochkasiga qo'l cho'zdi.


8. Slovaklar va JAR hakamlari

Slovaklarning turnirdagi birinchi o'yinlarini ko'rgan odam bir yarim hafta o'tar-o'tmas Italiya terma jamoasini dog'da qoldirishiga hech qachon ishonmasdi. Vladimir Vayssning jamoasi tuturuqsiz o'yin ko'rsatib, so'nggi daqiqalarda Yangi Zelandiya ustidan g'oliblikni qo'ldan boy berdi. Slovakiyaliklarning yagona to'pi Robert Vittek tomonidan ofsayddan kiritildi. JAR hakamlari golni bekor qilish mumkinligini bilishmagan bo'lsa kerak.

7. Xaynse goli va Samuelning quchog'i

Gabriel Xaynsening goli Argentina terma jamoasiga ilk g'alabani keltirdi. Biroq ikki kundan keyin FIFA hakamlar qo'mitasi qat'iy hukm chiqarishdi: Xaynsening goli hisoblanmasligi lozim edi. Nemis hakami Volfgang Shtark argentinalik Valter Samuelning nigeriyalik Chinedu Obasiga nisbatan qo'pol o'ynaganini ko'rmay qolganmish. «Inter» himoyachisi o'z raqibini juda qattiq ehtiros bilan quchoqlab olgan ekan. To'g'ri, bu argentinaliklarning g'alabasini bekor qilolmadi. Nigeriyaliklarga esa faqat Samuelning quchog'i qoldi, xolos.


6. Luis Fabianoning «ko'rinmas» qo'li

Diyego Maradonani eslaganda uning ajoyib o'yini bilan birga «ilohiy» qo'lini ham eslamay hech iloji yo'q. X'ozirgi o'yinchilar futbol «shahzodasining» o'yiniga tenglashish o'rniga ko'proq qoidaga zid bo'lgan qo'l bilan o'yinidan «nusxa ko'chirishga» harakat qilishyapti. Fransuz hujumchisi Anri bir necha bor shunday nomaqbulchilikda kuzatilgandi. Jahon chempionatida esa hatto to'p bilan birga tug'iladigan braziliyaliklar ham «ilohiy» qo'lni kanda qilishmayapti. Luis Fabiano Kot-d’Ivuarning darvozasiga ikkinchi golni urayotganida bemalol qo'li bilan ikki marta to'pni to'g'rilab olishga muvaffaq bo'ldi. Xakam esa ko'rib ulgurmadi, shekilli, hujumchining o'zidan so'rab qo'ya qoldi. Kim ham aybini bo'yniga olardi, deydigan odam maydonda topilmadi. Luisning qilig'ini tushunmaganlar esa Fabianoga «ikkinchi Anri» deb laqab ham qo'yishdi.

5. Italiyaning penaltisi

Yangi Zelandiya terma jamoasi omad kulib boqish u yoqda tursin, naqd xoxolab kulib qornini ushlab qolganda ham onda-sonda jahon chempionatining final qismiga chiqishga muvaffaq bo'ladi. Bu yerda esa uni qat'iy hakamlar kutib olishadi. Xuddi Karlos Batresga o'xshagan. Daniele de Rossi jarima maydonida to'pga cho'zilganida Tommi Smit uning futbolkasini biroz tortib qoldi. Daniele esa xuddi poyezd tortib qolganidek ag'darilib tushdi. Ushbu penalti bo'lmaganda, ehtimol, Yangi Zelandiya g'olib ham bo'larmidiq! Aslida esa «buyuk» nichyaga qoniqishga majbur bo'lishdi.

4. Tim Keyxillning qo'li

Avstraliyaga qarshi o'yinda Serbiya terma jamoasining taqdiri hal qilinishi kerak edi. Biroq «sokkeruz» kutilmaganda jamuljam bo'lib, ikkinchi taymda ikki marta Vladimir Stoykovichni «xafa» qilishdi. Gollardan birini Tim Keyxill kiritdi. O'yin so'nggida esa o'z jarima maydonida qo'li bilan o'ynadi. O'yindan keyin ushbu holat ko'plab bahslarga sabab bo'ldi.


3. Valon Bexramining chetlashtirilishi

«Vestxem» xavbeki maydonda yarim soatgina o'ynay oldi. O'yin paytida Arturo Vidal yarimhimoyachining tirsagidan chunonam qo'rqib ketdiki, hech ikkilanmay chimga gursillab tushdi. X
akam Xalil Al-Gamdi uning aktyorligiga qoyil qoldi va qizil kartochkasini chiqardi. Kartochka Bexramiga ko'rsatilgach, Valon ancha paytgacha referining qarorini tushunmay yurdi.


2. Yoann Gurkyuffga ko'rsatilgan qizil kartochka

So'nggi turda fransuzlar pley-offda kurashni davom ettirish uchun umid qilishlari mumkin edi. Buning uchun «atigi» JAR terma jamoasi ustidan g'alaba qozonish kerak edi, xolos. «Bafana Bafana» birinchi bo'lib gol urishdi. Ko'p o'tmay, fransuz o'yinchisi Yoann Gurkyuff o'yindan chetlashtirildi. «Bordo» yarimhimoyachisi yuqoridagi to'p uchun kurashda tirsagi bilan Makbet Sibayyaga tegib ketdi. Darhol Yoann peshonasi tagida qizil kartochka paydo bo'ldi, Sibayya esa olti joyidan tikilganini aytib, jahon chempionati haqida shunday achinarli xotira qolishini «kuyladi».

1. AQShning bekor qilingan gollari

Moris Edu AQSh terma jamoasiga tarixiy g'alabani keltirishiga bir bahya qoldi. Bunga raqiblar emas, hakamlar qarshilik qilishdi. Sloveniyaga qarshi o'yinda 0:2 hisobi bilan mag'lub bo'layotgan amerikalilar hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'lishdi. Eduning goli g'alaba keltirishi kerak edi, lekin hakam g'alati sabablarga ko'ra uni bekor qildi. O'yin qoidasi qayerda buzilganini Koman Kulibalining o'zi ham bilmasa kerak, biroq o'yin tugaganida tabloda ikkita ikkilar yonib turardi, xolos.

Taqdir amerikaliklarga qarshi «hazilini» Jazoir terma jamoasiga qarshi o'yinda ham davom ettirdi. 20 daqiqada Klint Dempsi hisobni ochdi, lekin yon hakam tirnoqdan qidirib, ofsaydni topib oldi. Frank de Blekere sherigiga ishondi va golni bekor qildi.

Jahon chempionati o'z nihoyati yetdi, Ispaniya jahon chempioni!
Kumush medal Gollandiyaga nasib qildi!
Bronza medal Germaniyaga nasib qildi!

Keyingi jahon chempionati 2014 yilda Braziliyada bo'lib o'tadi.
[tts.ucoz.com]




Яндекс.Метрика