"Apple” kompaniyasi o'z magazinlari sotuvchilariga "Apple Watch”
aqlli soatlarini qanday sotish kerakligi bo'yicha tavsiyalar berdi.
Kompaniyadagilar ko'plab kishilar bu soatlarni sotib olishga qaror
qilishganini, ularga faqat o'zlariga mos modelni tanlashda yordam berish
kerak degan fikrda.
"Apple” o'z sotuvchilariga xaridorlarga kerakli modelni tanlashda yordam
beradigan bir necha savollarni berishni tavsiya etdi. Masalan, sotuvchi
xaridordan soatning qanday imkoniyatlari qiziqtirayotganini, undan nima
maqsadda foydalanishini va o'zi uchun olyaptimi yoki sovg'agami,
shularni so'rashi mumkin.
"Apple” shuningdek, "Apple Watch” sotuvi "iPhone”ning yangi
modellarini sotish uchun ham imkoniyat berishiga umid qilmoqda.
Xaridorlardan ularning smartfonlarida "iOS 8” o'rnatilganligi, qanday
ilovalardan foydalanishlari, salomatlikni nazorat qiluvchi servislar
qiziqtirishini so'rashlari mumkin. Agar xaridorning ayfoni bo'lmasa yoki
modeli "Apple Watch”ga mos kelmaydigan bo'lsa, sotuvchi unga yangi
smartfon sotib olishni taklif qiladi.
"Apple Watch” uch xil variantda turli narx toifalarida chiqariladi:
alyuminiy korpusli sport versiyasi, po'lat korpusli qimmatroq modeli va
bir necha ming dollar pulni ayamaydiganlar uchun tilla soatlar.
"Apple” soatlari uchun aksessuarlar sotish ham biznesning muhim
yo'nalishlaridan biri sifatida qabul qilinmoqda. Kompaniya sotuvchilari
har bir xaridor uchun o'ziga xos yondashuv asosida mahsulot taklif
etadi.
"Apple Watch” sotuvi apreldan boshlanadi. Dastlab soatlar AQSh,
Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Avstraliyada sotuvga chiqadi.
Eng arzon model 349 dollardan sotiladi, eng qimmati esa mish-mishlarga
qaraganda, 19999 dollar turadi.