У нас есть только
оригинальные песни

Hasanboy Do'smatovga maktub

calendar 03.09.2017
2243

Rio Olimpiadasi chempioni hisoblangan Hasanboy Do'stmatov Germaniyada davom etayotgan boks bo'yicha jahon chempionati finalida imkoniyatni boy berdi. U finalda kubalik raqibi Yoannis Argilagosga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bungacha Hasanboy Do'smatovni deyarli barcha janglarda g'olib sifatida ko'rishga o'rganib qolgan muxlislar uning nohaq mag'lubiyatini qabul qila olishmayapti. Internetda bu vaziyatga qarshi petitsiya ham boshlandi.


Taqdir zarbalarini mardlik kunpayakun qiladi (Demokrit)

Do'stim, omonmisiz? Sizni do'st atashga jazm etdim. Sababi, ushoqdek gavda bilan butun dunyo bolalari, jumladan mening farzandimning ham qahramoniga aylangan insonni o'zimga rafiq deb bilishim mumkin bo'lsa kerak. 

O'tgan yili Rio olimpiadasidan keyin, o'zbekning millionlab bolalari ko'zida uchqun ko'rganmiz. Bu Hasanboy va uning do'stlari yoqqan alangadan cho'g' olgan yuraklarning ochundagi aksi edi. Yurt bayrog'i ostida to'qqiz daqiqalik janglarning hosilasi – butun bir millat ruhiyatini ko'klarga ko'tarishda namoyon bo'lsa, ne ajab..

Keksalar va yoshlarning tilida bir gap aylangandi, o'shanda - «Bo'lar ekanku?». Nega bo'lmasin? Dunyoda imkoniyatsiz ish yo'q. Qarangki, o'zbekning chekka qishlog'i bir chetida ulg'aygan yigit sport olamiga dars berishi mumkin ekan. Siz buni isbotladingiz. Mana endi qo'liga yaxshi niyat bilan qo'lqop kiygan o'n minglab farzandlarimiz: «Hasanboy, Shahram va Fazliddinning yo'lini bersin», degan duoni olishyapti. 

Qadimda mamlakatlar bir-biriga o'z qudratini ko'rsatish uchun urushlar qilardi. Hozir insoniyat harqalay ancha kamolotga erishgan. Endi, o'sha kuchli ekanligini ko'rsatuvchi bellashuvlar, sport maydonlari, ring, tatami va fan ko'chalariga ko'chgan. «Davlating kuchli va salohiyatlimi? Ana sportda, ilmda isbotla». Bilamiz, jangda hiyla ishlatadilar. Balki, o'sha joyda kimningdir manfaati rol o'ynagandir. Bunisi endi bizga qorong'u.

«O'zingniki, o'zingga oy ko'rinadi». Kecha atay, jangni qo'shni davlat televideniyasi orqali ko'rdik. Chet el sharhlovchisi ham har bir harakatingizni alqab, qoyil qolib: «Buyuk bokschi mana bunday bo'ladi», «Undan faqat o'rganish mumkin», deb turgandi. Hakamlar yakunni e`lon qilganida uning qanday taajjubga tushganini so'z bilan ifoda etolmayman. Natijaga raqib murabbiylarining ham hayron qolganiga guvoh bo'ldik. 

Яндекс.Метрика