Kataloniyaning «Barselona» klubi hujumchisi Lionel Messi bilan shartnomani uzaytirdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Manbaga ko'ra, argentinalik futbolchi ta`tildan qaytgach, klub bilan 2021 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallanadigan shartnoma imzolaydi.
Eslatib o'tamiz, oldinroq tarqalgan ma`lumotlarga ko'ra, Messining yangi shartnomasida uning uchun to'lanadigan tovon puli 300 million yevroga qadar oshirilgani ma`lum qilingandi.
Ushbu 30 yoshli futbolchi «Barselona» tizimida 2001 yildan buyon bo'lib, 2004 yilda, 17 yoshida asosiy jamoada debyut qilgan. U shu vaqtgacha kataloniyaliklar jamoasi safida 583 o'yinda maydonga tushgan va 507 gol urgan.
U bu vaqt davomida 8 marta Ispaniya chempioni, 5 marta Ispaniya Kubogi sohibi, 6 marta Ispaniya Superkubogi egasi, 4 marta Chempionlar ligasi g'olibi, 3 marta UYeFA Superkubogi egasi hamda 3 marta klublar o'rtasidagi jahon chempionati g'olibi bo'lgan.
Qayd etish kerakki, Messi shartnomasini uzaytirishi borasidagi muzokaralar bir yildan oshiq vaqt davomida muhokama qilib kelindi.