Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Qaror va unga ilova qilingan nizomda uy-joyni olishga kim talabgorligidan tortib qanday hujjatlar kerakligiyu, jarayon qay tartibda kechishigacha batafsil yozilgan. Bu haqda «Telegram»dagi «Huquqiy Axborot» kanalida ma’lumot berildi.
Kimlar uy-joylarga da’vogarlik qiladi?
Nogiron, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uy-joyga muhtoj xotin-qizlar deb belgilangan. Xususan, quyidagi toifadagi ayollar ushbu imtiyozga da’vo qilishlari mumkin:
a) mulk huquqi asosida (ya’ni nomida) turar joyi yo‘q, ijarada yoki yashash uchun yaroqsiz uyda yashaydi;
b) boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashaydi;
v) ko‘p bolali (uch va undan ortiq);
g) oilasining daromadi kam;
d) kasalligi tufayli alohida xonada yashashi kerak (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi (mahalla) ma’lumotnomasi asosida);
ye) oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud;
j) uy-joy maydoni ijtimoiy normaga muvofiq emas (bir shaxs uchun 16 kv. metrdan kam, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam);
z) birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayollar;
i) og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolasini parvarishlayotgan ayollar (tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotnomasi va tibbiyot birlashmasi xulosasi asosida);
k) kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalayotgan ayollar (mahalla fuqarolar yig‘ini ma’lumotnomasi asosida).
Ushbu ijtimoiy normalar ariza beruvchining ahvolini baholashda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Talabgor ayolning ahvoli har bir punkt bo‘yicha baholab chiqiladi va eng ko‘p ball to‘plaganlar birinchi navbatda tavsiyaoladilar.
Qancha va qanday uylar beriladi?
Har yili har bir tuman va shaharga (toifasiga qarab) 6 tadan 10 tagacha 2-3 xonalik kvartiralar va 2 sotixlik (2-3 xonasi bor) hovlilar beriladi. Nogiron xotin-qizlarga ko‘p qavatli uylarning birinchi yo ikkinchi qavatidan kvartiralar beriladi.
Pulini kim to‘laydi?
Boshlang‘ich badal (25%) Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar (homiylar, boshqa jamg‘armalar) hisobidan to‘lab beriladi. Qolgan 75 foizi esa tijorat banklaridan imtiyozli kredit olib qoplanadi (talabgor tomonidan). Bordiyu talabgorning bunga qurbi yetmasa (kam ta’minlangan bo‘lsa, doimiy daromadi bo‘lmasa), u ishlayotgan tashkilot, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondining mablag‘lari hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga bu pullar to‘lab beriladi.
Qanday xujjatlar talab qilinadi?
Tuman hokimiyati qoshida tuzilgan maxsus hududiy Komissiyaga ariza topshiriladi va shu komissiyaning tavsiyasi bilan keyinchalik imtiyozli uy-joyga ega bo‘lish mumkin. Ariza topshirilishi uchun OXIRGI MUDDAT – har yilning 1 fevrali.
Talabgor Komissiyaga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
Ariza topshirilgach nima bo‘ladi?
Ariza va hujjatlar belgilangan qabul kunlarida Komissiyaga topshiriladi. Komissiya arizani ro‘yxatga oladi va arizaning bir nusxasiga qabul qilingan sana va qabul qilgan shaxsning imzosini qo‘yib talabgorga beradi (ariza qabul qilinib olinganligining isboti sifatida). Ta’kidlash joiz, ro‘yxat raqamlab boriladi, ro‘yxat daftari maxsus muhr bilan himoyalangan bo‘ladi.
Komissiya ariza beruvchining hujjatlarini, doimiy yashash joyini, turmush sharoitini o‘rganadi (15 ish kuni ichida).
O‘rganib bo‘lgach, xulosalar tayyorlaydi va yozma shaklda talabgorga beradi (3 ish kuni ichida). Xulosada imtiyozli uy joyga tavsiya etilgan yoki etilmagani sabablari batafsil ko‘rsatiladi.
Kimlar birinchi navbatda uy oladi?
Uyga muhtojlar ko‘p, uylar soni cheklangan. Bunday sharoitda kimlarga birinchi navbatda uy beriladi?
Ayrim ayollar men imtiyoz beriladigan toifaga kirsam ham, berishmayapti deb shikoyat qilishyapti. Shuning uchun ayni masalani hayotiy vaziyatlar orqali tushuntirishga urinib ko‘ramiz.
Bir ayol uy-joyga muhtoj va yolg‘iz ona, ikkinchisi uy-joyga muhtoj, yolg‘iz ona va ayni damda kam ta’minlangan, uchinchi bir ayol esa yolg‘iz ona, kam ta’minlangan va yana nogiron ham. Shunda albatta, uchinchi ayol birinchi ikki ayoga nisbatan tavsiya olishga haqliroq hisoblanadi.
Siz ko‘p jihatdan imtiyozli uy olishga munosib bo‘lsangiz ham, sizdan-da munosibroqlar bo‘lishi mumkin. Chunki bir tumandan yiliga 6 ta uy berilyapti, ammo unga o‘nlab, hatto yuzlab talabgorlar chiqadi. Shuning uchun Komissiya har bir holatni individual o‘rganib, muhtojlik darajasini ballar orqali ifodalab boradi. Ya’ni eng muhtojlar, o‘ta muhtojlar, juda muhtojlar, o‘rtacha muhtojlar kabi kamayib borish prinsipi amal qiladi.
Ayol bu yil tavsiyanoma olmagan bo‘lsa, keyingi yoki undan keyingi yillarda olishi mumkin. Shu tarzda uy-joyga muhtojlar soni kamayib, sizning toifangizdagilarga ham navbat yetadi.
Aslida bu hujjat Harakatlar strategiyasining bu yilgi dasturida ko‘rsatilgan “Og‘ir maishiy sharoitlarda yashayotgan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironlarni parvarish qilayotgan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish” bandining ijrosi bo‘yicha qo‘yilgan amaliy qadamlardan biridir. Hozir shu dastur bo‘yicha uy-joyi bo‘lmagan yoki avariya holatidagi va juda eski uylarda yashovchi oilalarga arzon uy-joylar berilmoqda. Har bir tuman va shahardan o‘rta hisobda 70 tagacha oilalarga har yili maishiy texnika (gaz va elektr pechlar, xolodilniklar, tikuv mashinalari va h. k.) yoki bir boshdan qoramol sovg‘a qilinyapti. Og‘ir kasalliklar mavjud bo‘lgan taqdirda, har bir tuman (shahar)dan o‘rta hisobda 6 tagacha kam ta’minlangan oilalarga beg‘araz yordam ko‘rsatilyapti.
Shunday ekan, og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan ayollarning uy-joyi masalasi ham, albatta, amaliy yechim topadi.