Qanday qilib, asabiylashgan inson tezda tinchlanishi mumkin?
Hayotimiz turli stresslarga boy, har qancha ularga e`tibor bermaslikka harakat qilsak-da, ba`zan buni eplay olmaymiz. Quyida “Gazeta.ru” nashri stress engishning eng oson yo`llarini tavsiya etadi.
Idish yuvish
Oramizda ko`pchilik bu mashg`ulotni yoqtirmaydi, har kuni minglab odamlar idish yuvadigan mashinani o`ylab topgan odamga tasannolar aytishadi. Amerikalik olimlarning fikricha, idish yuvish ham meditasiyaning bir turi hisoblanadi. Chunki odamning qo`li idish yuvish band bo`lganda xayoliga turli o`ylar keladi, his-tuyg`ular olamiga g`arq bo`lib, tashqi olamdan uzilib qoladi. Faqat buni eplay olish kerak. Agar idish yuvish jarayonida o`sha lahzani his qilib, diqqat-e`tiboringizni bir nuqtaga jamlay olsangiz 27% kamroq asabiylashasiz, 25 % ko`proq samarali fikrlaysiz.
Oyoq kiyimingizni eching
Ishxonada o`tirganda stol tagiga bildirmay, tuflingizni echib qo`ysangiz, tanangizni yoqimli his-tuyg`ular chulg`aydi. Sharq tibbiyotida oyoq kafti asosiy massaj qilinadigan joylardan biri hisoblanadi, gilam, qum, ko`m-ko`k maysa ustida shunchaki yalangoyoq yurish ham odamni tinchlantiradi. Bundan tashkari poyabzalni echgandan keyin zaminga oyoq qo`yish sizda umidvorlik, qat`iyatlilik, xotirjamlik hislarini uyg`otadi.
Atrofga suv seping
Shahar sharoitidan charchagan odamga tabiat qo`yniga chiqish tavsiya etiladi. O`simliklar olamining o`zi ham har qanday stressni engadi, agar odam bog`da yoki tomorqada ishlaydigan bo`lsa, asabi tinchlanadi. Judayam asabiylashayotgan bo`lsangiz, boqqa chiqib, daraxtlarga, o`simliklarga suv seping, bu sizni tinchlantiradi.
“Tetris” o`ynang
Bu XX asrda qolib ketgan eski o`yin, deb o`ylayotgan bo`lsangiz adashasiz. Bu postravmatik sindromning oldini olishga yordam beradi. Rahbari baqirib, asabini buzgan odamlar uchun tetris yaxshi stressni engish qurolidir.
Qor parchalarini tomosha qiling
Derazadan qor parchalarining chirpirak bo`lib tushayotganini tomosha qilish qanday maroqli. Gap bu erda qor haqida emas, stressni engish haqida ketmoqda. Tabiatning har bir hodisasi, tasviriy san`atga doir asarlar inson ruhiyatiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.